Davlat OTMlarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ochiqlandi
Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi PF-6247-son Farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring qilish, shu jumladan, ularning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan maʼlumotlarni Internet tarmogʻiga joylashtirish boʻyicha majburiyatlari hisobini yuritish vazifasi yuklatilgan.
Jumladan, Farmonning 22-bandiga muvofiq, davlat oliy taʼlim muassasalarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan rasmiy veb-sayt hamda Ochiq maʼlumotlar portaliga joylanib, har chorakda yangilab borilishi belgilangan.
Shunga koʻra, Vazirlikning axboroti asosida respublikadagi 62 ta davlat oliy taʼlim muassasalarining 2021-yil yakuniga koʻra daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tahlil qilindi.
Natijalar koʻrsatishicha, respublika kesimida eng koʻp daromadlar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti (qariyb 400 mlrd. soʻm), Namangan davlat universiteti (320 mlrd. soʻm) va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti tomonidan (315 mlrd. soʻm) shakllantirilgan.
Toshkent shahrida joylashgan eng koʻp daromad koʻrgan oliy taʼlim muassasalarining qisqa roʻyxati quyidagicha:
1. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti – 399 mlrd. soʻm;
2. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti – 320 mlrd. soʻm;
3. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti – 276 mlrd. soʻm;
4. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti – 237 mlrd. soʻm;
5. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti – 210 mlrd. soʻm.
Maʼlumot uchun: oliy taʼlim muassasalarining daromadlari byudjetdan moliyalashtirilgan mablagʻlar, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish uchun tushgan tushumlar, rivojlantirish mablagʻlari boʻyicha daromadlar hisobidan shakllantiriladi.
Oʻz navbatida, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Farmonning 22-bandi (davlat oliy taʼlim muassasalarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar) ijrosini toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida bajarilishi boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Unda barcha davlat oliy taʼlim muassasalarining daromadlari va xarajatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan resurslarda toʻliq joylashtirish hamda doimiy yangilab borish lozimligi tushuntirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring