Davlat dasturining ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi
Oliy Majlis Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisida 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, Davlat dasturi 273 ta banddan iborat boʻlib, 2021-yilning birinchi yarmida 116 ta banddagi topshiriqning ijrosi taʼminlanishi belgilangan. Ularning 89 tasi toʻliq bajarilgan, 2 ta bandning ijro muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan.
Dasturning 7 ta bandidagi vazifalar muddatidan avval bajarilib, yil davomida ijro etilishi belgilangan 82 ta band yuzasidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hisobot davrida davlat byudjeti daromadlari 74,9 trln soʻmga yetgan. Jami xarajatlar 79,3 trln soʻmni, shundan ijtimoiy sohalarga yoʻnaltirilgan xarajatlar 40,4 trln soʻmni tashkil qilib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 16,6 foizga oshgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi qarori asosida 2021-yilda jami 7794 ta qishloq va mahallada 20,8 trln soʻmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi parametrlar tasdiqlangan.
2021-yilning 30-iyun holatiga 209,2 ming yangi ish oʻrni yaratilgan, 78,5 ming nafar fuqaro kasb-hunarga oʻqitilgan, 24 mingdan ortiq fuqarolarga subsidiyalar ajratilgan.
Yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi barcha sektorlar va mahallalar kesimida alohida rejalar tasdiqlangan hamda jami 425 ming 662 nafardan ortiq yoshlarning bandligiga erishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Yosh tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.
Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini samarali tashkil etish uchun 660 mingta AstraZeneca, 6,5 mln doza
ZF-UZ-VAK 2001, 370 ming doza «Sputnik-V” vaksinalari olib kelingan hamda hisobot davrida aholi jami 5,3 mln doza vaksina bilan emlangan.
Dastur ijrosini taʼminlash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bilan birga ayrim kamchiliklar ham mavjudligiga eʼtibor qaratildi.
Xususan, har bir hududda tashqi qarz hisobiga amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari boʻyicha xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot kiritish amaliyoti talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan.
Dasturda 2021-yilning birinchi yarmida bajarilishi qayd etilgan 7 ta, jumladan, 30, 142, 231, 234, 237, 242-bandlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari belgilangan muddatlarda qabul qilinmagan.
Natijada Dasturning quyidagi muhim vazifalari ijrosi oʻz vaqtida taʼminlanmagan:
xorijga tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan va xorijiy til hamda kasblar boʻyicha malaka imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan fuqarolarni ragʻbatlantirish tizimini joriy qilish;
alohida eʼtiborga muhtoj 18 yoshgacha boʻlgan bolalarning taʼlim olishi, aniq bir kasbni egallashi uchun koʻmaklashish;
oliy taʼlim muassasalari va taʼlim tizimining quyi boʻgʻinlari oʻrtasidagi uzviylikni kuchaytirish maqsadida 65 ta akademik litseyning oliy taʼlim muassasalari bilan uzviy bogʻlanishini taʼminlash, 187 ta texnikumni oʻz yoʻnalishi boʻyicha turdosh oliy taʼlim muassasalari va tarmoq korxonalariga biriktirish;
oliy taʼlim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalarga taʼlim krediti berish tartibini joriy etish;
muqobil energetika hamda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, yarimoʻtkazgichlar fizikasi va mikroelektronika sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish.
Bundan tashqari, Dasturda yil davomida bajarilishi nazarda tutilgan ayrim vazifalar ijrosi yuzasidan ishlar talab darajasida olib borilmayapti.
Xususan, Dasturning 209-bandida sportning yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol va “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) turlarini ommaviylashtirish va rivojlantirish maqsadida aholi punktlarida, har bir mahalla va tuman (shahar)da jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullanishga shart-sharoitlar yaratish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat qabul qilish belgilangan. Bu borada ijrochilar tomonidan 2021-yil 25-may kuni loyihasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan Hukumat qarori bugungi kunga qadar qabul qilinmagan.
Shuningdek, senatorlar, xorijiy mamlakatlardagi Oʻzbekiston mehnat migrantlariga xizmat koʻrsatish, ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilish, jumladan, hayoti, sogʻligʻi, mehnat sharoitlari va shartnomada belgilangan ish haqi oʻz vaqtida berilayotgani haqida doimiy monitoring olib borish zarurligini taʼkidladilar.
Qizgʻin savol-javoblar asosida oʻtgan Davlat dasturi muhokamasida senatorlar aholi tomonidan koʻplab eʼtirozlarga sabab boʻlayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratdilar.
Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring