Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha takliflar muhokama qilindi

18:45 14 Yanvar 2025 Siyosat
262 0

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Bugun, 14 yanvar kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi muhokama qilindi.

Unda senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, Toshkent shahar va Toshkent viloyati mahaliy Kengashlar deputatlari hamda Yoshlar parlamenti vakillari, shuningdek, onlayn tarzda hududlardan mahalliy Kengashlarning Yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari doimiy komissiyalari a’zolari ishtirok etdi.

Davlat dasturi loyihasida ijtimoiy, iqtisodiy, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida 2025 yilga mo‘ljallangan keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirish belgilangan.

Loyihada ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholining turmush farovonligini oshirish, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va ijtimoiy-himoyaga muhtoj aholi qatlamlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni o‘z ichiga olganligi alohida ta’kidlandi.

Xususan, loyihada zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanish bo‘yicha 8 ming nafargacha yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish belgilangan.

Shuningdek, joriy yilda xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha yuqori ball to‘plagan 7 ming nafar yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berilishi nazarda tutilmoqda.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsiyalar borasidagi qiziqishlarini oshirish, IT park rezidentlari bo‘lishlari uchun imkoniyatlar yaratish maqsadida 15 ming nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni “Bir million dasturchi” loyihasiga jalb qilish rejalashtirilgan.

Bu o‘z navbatida, xotin-qizlarimizni raqamli texnologiyalarni o‘zlashtirishiga, zamonaviy kasb-hunarlar egallashlariga hamda yuqori daromad topishlariga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, 2025 yilda 139 396 nafar xotin-qizlarni kasb-hunar, 134 400 nafarini tadbirkorlikka o‘qitish hamda 220 980 nafar xotin-qizlarga ishga joylashishga ko‘maklashish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish belgilangan.

Madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va ommalashtirish ishlari ham yanada takomillashtiriladi. Xususan, 75 ta arxeologiya yodgorliklarida ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi hamda 3 ta arxeologiya yodgorliklari konservatsiya qilinadi va Respublikadagi 57 ta madaniy meros ob’yektlarida restavratsiya-ta’mirlash tiklash, ishlari amalga oshiriladi.

Loyihada zamonaviy teatr va sirk san’atini rivojlantirish, badiiy-g‘oyaviy saviyaga ega sahna asarlarini yaratish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Davlat teatrlari tomonidan namoyish etiladigan spektakllar sonini 7400 taga, tomoshabinlari sonini 3,8 mln nafarga yetkazish va joylarda o‘tkaziladigan sirk tomoshalari sonini 480 taga yetkazish reja qilinmoqda.

Davlat dasturi loyihasida jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanadigan yoshlar qamrovini kengaytirish, sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish maqsadida ommaviy sport musobaqalari qamrovini

12 million nafarga yetkazish hamda sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi yoshlar sonini 600 ming nafarga yetkazish belgilanmoqda.

Endilikda aholining 11 ta yosh toifalari bo‘yicha barcha hududlarda har yili jismoniy tayyorgarlik sinovlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilish davomida mahalliy Kengashlar deputatlari hamda vazirlik va idoralar mas’ullarining davlat dasturi loyihasi yuzasidan taklif va fikr-mulohazalari eshitildi.

Foto: Yunus Bo‘riyev / «Xalq so‘zi»

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер