Daniel Kormye va Jon Jons yana bir bor toʻqnash kelishi mumkin

17:25 08 Yanvar 2026 Sport
334 0

UFC'ning ikki vazn toifasida sobiq chempioni, amerikalik jangchi Daniel Kormye oʻzining azaliy raqibi Jon Jons bilan ehtimoliy kurash bellashuvi haqida fikr bildirdi. Uning taʼkidlashicha, aynan kurash qoidalarida oʻtadigan toʻqnashuv bir tomonlama, yani oʻz foydasiga hal boʻlishi mumkin.

“Greppling boʻlsa — bilmadim. Ammo kurash masalasida men Jon Jonsga qarshi chiqishga tayyorman. Agar bizga kurash jangi tashkil qilib berishsa — men va Jon Jons, erkin kurash, 2–3 daqiqalik davrlar bilan — bu uzoqqa choʻzilmaydi. Bu toʻliq ustunlik bilan yakunlanadi”, dedi Kormye Red Corner MMA'ga bergan intervyusida.

Kormye va Jons UFC oktagonida ikki marta toʻqnash kelgan. Ilk jangda Jon Jons hakamlarning yakdil qarori bilan gʻalaba qozongan boʻlsa, revanshda Kormye nokaut orqali magʻlub boʻlgan. Ammo keyinchalik ikkinchi jang natijasi Jonsning taqiqlangan modda boʻyicha doping tahlili ijobiy chiqqanidan soʻng bekor qilingan. Kormyening MMA'dagi umumiy natijasi — 22 gʻalaba, 3 magʻlubiyat va 1 bekor qilingan jang. Jon Jons hisobida esa 28 gʻalaba, 1 magʻlubiyat va 1 bekor qilingan bellashuv bor.

Shu orada UFC chempioni Islom Maxachev ham Kormye va Jons oʻrtasidagi ehtimoliy kurash jangiga baho berdi. Uning fikricha, faqat kurashda Kormye Jonsga qarshi munosib raqobat koʻrsata oladi.

“Jons yaxshi kurashadi, lekin kurash — Kormyening tabiiy muhiti. U olimpiya darajasidagi kurashchi, bu esa juda yuqori saviya”, dedi Maxachev MMA Arena'ga bergan intervyusida.

Aytish joiz, Kormye va Jons yaqinda Rossiyada suratga olinayotgan ALF Reality 3 sport realiti-shousida murabbiy sifatida ishtirok etgan. Ayni paytda ular oʻrtasidagi kurash bellashuvi RAF erkin kurash ligasida oʻtishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?