Chigirtkani yoʻq qilish emas, eksportga chiqarish kerak

12:02 31 May 2024 Jamiyat
855 0

Biz zararkunanda deb ataydigan bu hasharot xorijda aholining eng sevimli taomi ekanini bilasizmi?

Yaqinda janubiy viloyatlarning togʻli tumanlarida chigirtkalar koʻpayib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Bundan aholi, ayniqsa, chorvador va dehqonlar xavotiri ortgani rost. Haqiqatda chigirtkalar yopirilishi tabiatga halokatli taʼsir koʻrsatishi oqibatida qahatchilik kuzatilganiga tarixda misollar juda koʻp. Chunki faqat oʻsimliklar bilan oziqlanadigan ushbu tur nafaqat yaylovlarni, balki yoʻlida uchragan katta-katta maydonlardagi don va sabzavot ekinlarini ham yeb bitiradi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan 2024-yilda 574,8 gektar maydonda bir necha turdagi toʻda boʻlib harakatlanuvchi chigirtkalarga qarshi kurash choralarini koʻrish, aniqrogʻi, kimyoviy ishlov oʻtkazish kerakligi bashorat qilingan edi. Zarur texnika vositalari shay holga keltirib qoʻyilgani bois tezkor choralar koʻrildi. Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi maʼlumotlariga qaraganda, xavf bartaraf etildi. Joylarda zararli hasharotlar oʻchoqlarini aniqlash va yoʻq qilish choralari davom etyapti.

Dunyo oziq-ovqat sanoatida muhim xomashyo
Aslida, ona tabiatda keraksiz narsaning oʻzi yoʻq. Biz zararli deb hisoblaydigan chigirtkalar ham turgan-bitgani koni foyda. Faqat undan toʻgʻri foydalana olishimiz zarur. Ana shunda bu mitti hasharotlar eksportbop mahsulotga, moʻmay daromad manbaiga aylanadi.

Keling, bir boshdan tushuntiramiz. Chigirtka biologiyasi va uning turlarini oʻrganuvchi akridologiya fanidan ayonki, chigirtkalar «Caelifera» turkumiga mansub boʻlib, uning eng koʻp tarqalgan oilasi «Acridoidea» hisoblanadi. Taxminan 8000 turga yaqin chigirtkalar mavjud boʻlib, shundan ikki turi Oʻzbekistonda uchraydi. Tabiatda «Acrididea» (chigirtkalar) va «Romaleidae» (yogʻoch chigirtkalar) turlari keng tarqalgan.

Bugungi kunda ularning 10 ga yaqin turlari oziq-ovqat sanoatida muhim xomashyo hisoblanadi. Aniqrogʻi, Yer yuzida taxminan 2 milliarddan ortiq kishilar chigirtkadan tayyorlangan taomlarni sevib isteʼmol qiladi.

BMT maʼlumotlariga koʻra, keyingi paytda dunyo bozorida hasharotlardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab ortib bormoqda. Yillik oʻsish surʼati oʻrtacha 38 foizni tashkil qiladi. Negaki, chigirtkalar toʻyimli, mazali va xavfsiz oziq-ovqat sifatida eʼtirof etiladi.

Darhaqiqat, chigirtka inson salomatligi uchun oʻta foydali hamdir. Boshqa jonivorlar goʻshtlaridan farqli oʻlaroq, koʻchib yuruvchi va choʻl chigirtkalarida 0,8-2,4 mkg/kg. organizm uchun zarur «D3» vitamini, shuningdek, «A» va «E» vitaminlari mavjud. Koʻchib yuruvchi chigirtkalarning 100 grammida 10 — 20 mkg. «B12» vitamin boʻlib, bu mol, qoʻy, baliq va tovuq goʻshtidagidan 5 — 10 baravar yuqoridir. Bundan tashqari, chigirtkalarda yurak xastaligining oldini olish uchun zarur boʻlgan koʻp toʻyinmagan yogʻli kislotalar («omega-3» va «omega-6») bor.

Maʼlumki, «omega-3» (alfa-linolenik kislota) va «omega-6» (linoleik kislota) kabi toʻyinmagan yogʻli kislotalarni inson tanasi ishlab chiqara olmaydi. Biz ularni faqat ovqat tarkibidan olishimiz mumkin. Toʻyinmagan yogʻli kislotalar, xususan, «omega-3»ning ahamiyati shundaki, yurak-qon tomir, immunitet tizimi va miya funksiyasining normal faoliyatiga, ogʻriqlarni qoldirishda, ayniqsa, yosh bolalarning rivojlanishiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. «Omega-6» yogʻ kislotalari esa qisman «omega-3» kislotalarining antagonistlari boʻlib, ular qon tomir devori tuzilishida, qon ivishi jarayonlarida, qon bosimini tartibga solishda, xolesterin darajasini pasaytirishda, oʻsish va tiklanish jarayonlarini sogʻlom ushlab turishga xizmat qiladi. Shuningdek, fiziologik jihatdan jinsiy garmonlarni stimullab, normada ushlab turadi.

Shokolad bilan qoplangan mitti qanotlilar
Qanchalik gʻalati eshitilmasin, dunyoda chigirtkani sevib tanovul qiladigan kishilar juda koʻp. U Osiyo, Afrika, Amerika, Yevropa davlatlarida, jumladan, Xitoy, Janubiy va Shimoliy Koreya, Qatar, Saudiya Arabistoni, BAA, Meksika, Indoneziya, Italiya, Fransiya, Ispaniya, Niderlandiya, Tailand, Yaponiya, Filippin, Vyetnam, Hindiston, Laos, Malayziya, Myanma, Braziliya, Kolumbiya kabi koʻplab mamlakatlarda oziq-ovqat mahsuloti sifatida ishlatiladi. Hattoki, bir qator davlatlarda 14-oktyabr — Shokolad bilan qoplangan hasharotlar milliy kuni sifatida nishonlanadi.

Dunyo davlatlari oshxonalari taomnomasiga, albatta, chigirtkali tansiq yeguliklar kiritiladi. Chigirtkali makkajoʻxori unidan puding, chili sousli chigirtka tortillalari, ipak qurti va chigirtka kabobi, qovurilgan yoki qaynatilgan chigirtkalar, qovurilgan chapulinlar va quyoshli chigirtka kabi taomlar shular jumlasidan.

2014-yil Ramazon oyida Arabiston yarimorolida, xususan, Saudiya Arabistonining Al-Qassim mintaqasida chigirtkalar isteʼmoli ortib ketgan. Chunki koʻplab saudiyaliklar ularni sogʻlom ovqatlanish tamoyiliga mos kelishi va organizmga juda foydali ekanligini yaxshi bilishadi.

Meksika taomlari haqida oʻylaganingizda, xayolingizga nima keladi? Nachos, tortillalar, chorizo, churros va chili qalampiri. Ammo mamlakatning ayrim hududlariga sayohat qilsangiz, hasharotlardan tayyorlangan noyob taomlarni ham topishingiz mumkin. Bunga shokolad bilan qoplangan chigirtkalar, konfet bilan qoplangan qurtlar va sariyogʻ bilan namlangan chumoli tuxumlari kiradi. Agar siz oʻzingizni haqiqiy Meksika bayramida his qilmoqchi boʻlsangiz, albatta, shirinliklar uchun shokoladli chigirtkalar yoki hasharotlardan tayyorlangan sharob taqdim etiladi.

Avstraliyada chigirtkalar «Samo qisqichbaqalari» deya sevib isteʼmol qilinadi. Qiziq tomoni shundaki, 2004-yilda Avstraliyaning ayrim hududlarida chigirtkalar toʻdasi ekinlarni vayron qiladi. Mahalliy aholi ushbu hasharotlarni yeyish orqali oʻch olmoqchi boʻlishadi. Chigirtka yeyishni boshlash gʻoyasi mamlakat rahbariyati tomonidan olqishlanadi. Koʻp oʻtmay, «Samo qisqichbaqalari pishiriqlari» oshxona kitobi nashr etiladi. Unda bir emas, balki 20 ta chigirtkali taom retsepti mavjud. Ovqatlar orasida chigirtkali chuchvara, shokolad bilan qoplangan chigirtka va hatto chigirtka bodrogʻi ham bor.

Kuvaytda chigirtka toʻyimli, mazali va energiya tejaydigan oqsil manbai sifatida sevib isteʼmol qilinadi. Chigirtkali taomlar ularni yarim soat davomida qaynatish orqali tayyorlanadi va keyin qoʻshimcha dimlash uchun yana pishiriladi. Katta avlod vakillari esa bu qanotli mavjudotlarni noyob ozuqa sifatida yil davomida isteʼmol qilish maqsadida quritib, saqlab qoʻyadi.

Afrikaning turli mamlakatlari aholisi ham chigirtkalarni gʻoyat xush koʻradi. Nayrobiliklar ularni maydalab, kundalik ovqatlarida muntazam ishlatishadi. Masalan, chigirtkalar yaxshilab qovuriladi va sous bilan dasturxonga tortiq qilinadi. Shunisi qiziqki, nayrobiliklar bu tansiq taomni mehmonlardan qizgʻanib, boshqalarga bermasdan faqat oʻzlari isteʼmol qilishadi. Shuning uchun chigirtkaxoʻr sayyohlar Nayrobini aylanib oʻtishni lozim koʻradilar.

Ishga solinmagan ulkan imkoniyat
Olimlarning fikricha, Oʻzbekiston iqlim sharoiti chigirtkalarni koʻpaytirish uchun qulay hudud boʻlib, undan oziq-ovqat mahsuloti sifatida foydalanish istiqbolli. Bu, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, gastronomik turizmni rivojlantirish uchun juda muhim hisoblanadi. Bizningcha, bu tarmoq ishga solinmagan ulkan imkoniyatdir.

Tasdiqlangan maʼlumotlarga koʻra, hozirgi kunda Yevropaga chigirtka Vyetnam va Tailanddan olib kelinadi. Bu esa logistika xarajatlari oshib ketishiga sabab boʻlmoqda. Shuning uchun yevropaliklar ushbu tansiq va noyob mahsulotni Oʻzbekistondan olishga katta qiziqish bildirgan. Mamlakatimizda bunga javoban, ushbu sohaning paydo boʻlishiga yordam berish uchun barcha zarur tashkiliy shart-sharoit yaratilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Bu uzoqni koʻzlagan yangi Oʻzbekistonning oʻziga xos innovatsion brendi boʻlar edi.

Chigirtkalarni maxsus konteynerlarda koʻpaytirib, undan keng foydalanish eng maqbul usul hisoblanadi. Yaʼni moslashtirilgan konteynerlar qishloq aholisiga tarqatilib, unda chigirtkalar koʻpaytirilsa va ular maxsus idishlarda toʻplanib, markazlashgan holda maxsus fermalarga topshirilib, «hosil» kerakli sanitariya-gigiyena usullari bilan qayta ishlanib, isteʼmolchilarga topshirish silsilasi yoʻlga qoʻyilsa, ayni muddao.

Jahonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda qanotli hasharotlarga beqiyos oqsil manbai sifatida qaralmoqda. Sababi, qoramollar parvarishlash va goʻsht yetishtirish xarajatlari oshib ketmoqda. Qolaversa, tabiiy resurslar cheklangan, oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyoj muttasil ortib borayotgan hozirgi sharoitda sogʻlom ovqatlanish va foydali neʼmatlarni topishni vaziyatning oʻzi taqozo qilyapti. Bunda chigirtkalar eng maqbul yechimlardan biri sifatida koʻrilmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, har yili dunyoda 250 mingdan 500 ming nafargacha bolalar «A» vitamini yetishmasligi sababli koʻzlari ojiz boʻlib qolyapti. Notoʻgʻri ovqatlanish bilan bogʻliq semirish va yurak-qon tomir kasalliklari, insult va qandli diabet kabi yuqumli boʻlmagan kasalliklar tobora koʻpayib bormoqda.

Aytish joizki, anʼanaviy oziq-ovqat manbalari ekologik jihatdan koʻp xavf tugʻdiradigan neʼmatga aylanib qolyapti. Bu hol, oʻz navbatida, yer va suv resurslariga katta yuklama boʻlib, «issiqxona gazlari» chiqindilari koʻpayishiga olib kelayotir. Bunda oziq-ovqat miqdori bilan emas, balki uning sifati bilan bogʻliq muammoli holatlar talaygina. Masalan, AQSHda har yili oziq-ovqatdan zaharlanish boʻyicha taxminan 40 million holat qayd etilib, 3 mingdan koʻpida oʻlim kuzatiladi. Ushbu zaharlanishlar organizmga oziq-ovqat bilan birga hazm tizimiga kiradigan patogen mikroorganizmlar taʼsiri bilan ham tushuntiriladi.

Ilmiy faktlarga qaraganda, chigirtkalarni sanoat asosida innovatsion usulda koʻpaytirish orqali karbonat angidridning havoga chiqishi keskin kamayadi. Eng asosiysi, inson organizmi uchun foydali oqsillar, garmon, vitaminlar («A», «D» va «E»), makro va mikroelementlar manbai koʻpayadi.

Tarkibi 50,9 foiz sifatli oqsildan iborat
Chigirtkalar bir qancha foydali xususiyatlarga ega. Biz, tadqiqotchilar Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida chigirtkalarni laboratoriya sharoitida oʻrganib, olgan dastlabki fiziologik va molekulyar-biologik maʼlumotlar koʻpchilikni hayratga solishi aniq.

Gap shundaki, mazkur hasharotning tarkibi 50,9 foiz oqsil (asosan, almashinmaydigan sifatli oqsillar), 17 foiz yogʻ va uglevodlardan tashkil topgan. Chigirtkalar tovuq, tuxum va loviya kabi boshqa hayvon va oʻsimlik manbalariga qaraganda yuqori oqsil miqdoriga ega. Chigirtkalarning yogʻlari toʻyinmagan yogʻlar boʻlib, uni isteʼmol qilish qondagi xolesterin darajasini yaxshilaydi va yalligʻlanish jarayonining oldini oladi. Toʻyinmagan yogʻlar odatda yongʻoq, avokado va zigʻir urugʻi tarkibida ham uchraydi.

Chigirtka bir qator minerallarga ham boy boʻlib, tarkibida temir, kalsiy, magniy, marganes, «A», «C» va «V» guruh vitaminlari («V2», «V5», «V7»)ni ham oʻzida saqlaydi. Ularning tarkibidagi kalsiy miqdori sutnikidan, temir miqdori ismaloqnikidan yuqori. Bularning barchasi oziq-ovqat elementlari tarkibida uchraydi.

Chigirtkalarni yeyishdan oldin, albatta, oyoqlari olib tashlanishi kerak. Uning boldir suyaklarida katta tikanlar boʻlib, ular ichakka tushib, ichakni toʻsib qoʻyishi mumkin. Agar sizda dengiz mahsulotlari, qisqichbaqa yoki omar qisqichbaqalariga allergiyangiz boʻlsa, chigirtkali taomlar tavsiya etilmaydi.

Qonuniy asos ishlab chiqish zarur

Chigirtkalar boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, eksperimental namunalarda koʻp miqdorda oqsil, quruq moddalar, vitaminlar, makro va mikroelementlar mavjud. Shu bois qayta ishlangan chigirtkalarni oziq-ovqat sanoatida, masalan, non, goʻsht, kosmetika va sut sanoatida ishlatish istiqbolli sanaladi. Chigirtkalar oddiy goʻshtdan koʻra toʻyimli, hatto noyob oziq moddalarga ancha boy ekanligini taʼkidlab oʻtdik. Ularda «omega-3» va «omega-6» yogʻ kislotalari va yurak kasalliklarining oldini olish uchun muhim boʻlgan boshqa sterollar mavjud, shu bilan birga, past xolesteringa ega. Chigirtkalardagi lizin va metionin kabi aminokislotalar oddiy goʻshtga qaraganda 4 — 6 baravar koʻp. Chigirtkalar kalsiy, temir, rux, fosfor va «D3», «B12», «E» va «A» vitaminlariga boy. Chigirtkalar bir qancha qishloq xoʻjaligi hayvonlari (baliq va tovuq) ozuqasining tarkibiy qismi sifatida baholanadi va shu kungacha istiqbolli natijalarga erishilganligi uni Oʻzbekistonda chorva ozuqasi sifatida qoʻllash mumkinligini koʻrsatadi.

Ayni paytda butun dunyo boʻyicha chigirtka va boshqa hasharotlardan oziq-ovqat sanoatida foydalanish hamda sotishni qoʻllab-quvvatlovchi qonuniy asoslar va qoidalarni ishlab chiqish boʻyicha harakatlar olib borilmoqda. Oʻzbekistonda ham buning huquqiy asoslari yaratilsa, kelajakda ancha foyda beradigan sohaga aylanishi mumkin. Biz Oʻzbekiston Milliy universitetida tashkil etilgan Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi qoshidagi Yangi Oʻzbekiston yosh fiziologlari maktabida chigirtkalar boʻyicha molekulyar-fiziologik, biologik tadqiqotlarni davom ettirish, davlat va xalqaro grantlarda qatnashish, shu sohada dunyo darajasidagi ilgʻor ilmiy ishlarni yoʻlga qoʻyishga qaror qildik.

Yana bir taklifimiz, universitet hududida turistlar va chigirtkaxoʻr gurmanlar uchun chigirtkali tansiq taomlar tayyorlovchi «Chigirtka — Locust» restoranini ochishni taklif etamiz.

Yangi Oʻzbekiston sharoitida chigirtkalarni fiziologik, biokimyoviy, genetik, foydali maqsadlarda ishlatish uchun taʼminot manbalarini tashkil etish, ularning ozuqaviy qiymati toʻgʻrisida koʻpchilikni xabardor qilish, xavfsizlik muammolarini hal etish, chigirtkalarni samarali yigʻish va qayta ishlash qoidalari hamda texnologiyalarini ishlab chiqish bu boradagi dastlabki, shu bilan birga, oʻta muhim qadam sanaladi.
Gulsara AHMEDOVA,
OʻzMUning Odam va hayvonlar fiziologiyasi kafedrasi katta oʻqituvchisi, biologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori,

Odinaxon SAMANOVA, Soliha NIZOMXOʻJAYEVA,
biologiya fakulteti 2-kurs talabalari, Yangi Oʻzbekiston yosh fiziologlari maktabi aʼzolari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер