“ChatGPT”dan foydalangan talabalar qoʻlga tushmoqda

14:14 15 Iyun 2025 Dunyo
279 0

Buyuk Britaniyada “ChatGPT” va boshqa sunʼiy intellekt vositalaridan notoʻgʻri foydalanish holatlari tobora kuchaymoqda. “The Guardian” nashri oʻtkazgan surishtiruvga koʻra, 2023–2024 oʻquv yilida universitetlarda akademik halollik qoidalarini buzish bilan bogʻliq deyarli 7 mingta holat aniqlangan. Bu har ming talabaga 5,1 ta holatdan toʻgʻri keladi. Solishtirish uchun, oʻtgan yili bu koʻrsatkich atigi 1,6 tani tashkil qilgan edi. Mutaxassislar fikricha, bu raqam yil oxirigacha 7,5 taga yetishi mumkin.

Soʻnggi yillarda anʼanaviy plagiat holatlari kamayib borayotgan boʻlsa-da, sunʼiy intellektdan foydalangan holda aldash holatlari keskin oshgan. 2019–2020-yillarda, yaʼni generativ sunʼiy intellekt ommalashishidan avval, barcha akademik qoidabuzarliklarning qariyb uchdan ikki qismini plagiat tashkil qilgan. Pandemiya davrida onlayn taʼlim formati bu holatlarni kuchaytirgan edi. Endilikda esa firibgarlik usullari oʻzgarmoqda.

Tadqiqot natijalariga koʻra, anʼanaviy plagiat holatlari ming talabaga nisbatan 19 tadan 15,2 taga tushgan va 2026-yilga borib bu koʻrsatkich 8,5 tagacha kamayishi prognoz qilinmoqda. “The Guardian” nashri akademik halollik bilan bogʻliq statistika soʻragan 155 ta universitetdan 131 tasi javob bergan boʻlsa-da, ularning 27 foizi hali sunʼiy intellektdan foydalanish holatlarini alohida qayd etmayotganini bildirgan. Bu esa oliy taʼlim sohasi hali ham yangi texnologiyalarga moslashayotganini koʻrsatmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, koʻplab firibgarlik holatlari hanuz aniqlanmay qolmoqda. “Higher Education Policy Institute” tomonidan oʻtkazilgan soʻrov natijasiga koʻra, talabalarining 88 foizi baholash jarayonlarida sunʼiy intellektdan foydalanadi. Reading universiteti olimlari esa sinov tariqasida sunʼiy intellekt yordamida yozilgan ishlarni topshirgan va ularning 94 foizi aniqlanmasdan oʻtganini aniqlagan.

Londondagi Imperial kollejning akademik halollik masalalari boʻyicha olimi doktor Tomas Lankaster fikricha, agar talaba sunʼiy intellekt yaratgan matnni qayta tahrirlasa, uni aniqlash deyarli imkonsiz boʻladi. “Bu jarayonning oʻzi ham oʻquvchilarga oʻzini rivojlantirish imkonini beradi”, — deydi u.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер