Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida

Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019-yil 21-noyabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2019-yil 30-noyabrda
maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi 522–II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9–10, 136-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 163-modda, № 7, 326-modda; 2008-yil, № 12, 637-modda; 2009-yil, № 4, 136-modda; 2011-yil, № 4, 101-modda; 2013-yil, № 4, 95-modda; 2014-yil, № 4, 86-modda, № 5, 130-modda; 2015-yil, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 157-modda, № 5, 261, 265-moddalar, № 8, 468-modda) IV boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“IV. NAVBATDAGI YIL UCHUN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BYUDJETI TOʻGʻRISIDAGI QONUNNI QABUL QILISH
20-modda. Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish
Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi (bundan buyon matnda Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi deb yuritiladi) va byudjetnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktyabridan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan birga Qonunchilik palatasiga kiritiladi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-noyabrigacha koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi Spikeri Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va byudjetnomani dastlabki tarzda koʻrib chiqish hamda fikrlar va takliflar ishlab chiqish uchun Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasiga, fraksiyalarga hamda Qonunchilik palatasining qoʻmitalariga yoʻllaydi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini dastlabki tarzda muhokama qilish jarayonida fraksiyalar va Qonunchilik palatasining qoʻmitalari Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi bilan bogʻliq qoʻshimcha axborotni tegishli organlardan talab qilib olishi mumkin.
Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi barcha fraksiyalar hamda Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining fikrlari va takliflarini oʻrganib chiqib, Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining va byudjetnomaning dastlabki tarzda koʻrib chiqilishini oʻtkazadi hamda Qonunchilik palatasi Kengashiga Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Qonunchilik palatasi koʻrib chiqishi uchun kiritish mumkinligi toʻgʻrisida belgilangan muddatda xulosa taqdim etadi.
Fraksiyalarning hamda Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi boʻyicha fikrlari va takliflari Qonunchilik palatasining majlisida muhokama qilinishi shart.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish chogʻida Qonunchilik palatasi Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning maʼruzasini, Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi vakilining qoʻshimcha maʼruzasini eshitadi hamda uni birinchi oʻqishda qabul qilish haqida yoxud rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi birinchi oʻqishda rad etilgan taqdirda Qonunchilik palatasi uni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga maromiga yetkazish uchun qaytaradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi rad etilgan Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi olingan kundan eʼtiboran oʻn toʻrt kun ichida Qonunchilik palatasining mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda qonun loyihasini maromiga yetkazadi hamda maromiga yetkazilgan qonun loyihasini Qonunchilik palatasiga birinchi oʻqishda qayta koʻrib chiqish uchun kiritadi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasining davlat sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi qismi Qonunchilik palatasining yopiq majlisida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida Senatga koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
21-modda. Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan belgilangan tartibda oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi masala, qoida tariqasida, Qonunchilik palatasining majlisida birinchi navbatda koʻrib chiqilishi kerak.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar belgilangan tartibda kiritiladi”.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi 523–II-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9–10, 137-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 4, 163-modda; 2009-yil, № 4, 136-modda; 2011-yil, № 4, 101-modda; 2014-yil, № 4, 86-modda; 2015-yil, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 9, 276-modda; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 9, 510-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda, № 7, 431-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 2, 47-modda, № 3, 157-modda, № 5, 261, 265-moddalar, № 8, 468-modda) IV boʻlimi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“IV. NAVBATDAGI YIL UCHUN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING DAVLAT BYUDJETI TOʻGʻRISIDAGI QONUNNI QABUL QILISH
16-modda. Navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunni koʻrib chiqish
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun (bundan buyon matnda Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun deb yuritiladi) Senatning koʻrib chiqishi uchun topshiriladi va Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqiladi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun va byudjetnoma Senat majlisida koʻrib chiqilgunga qadar oldindan senatorlarga yuboriladi.
Senatning majlisida Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunni koʻrib chiqish Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining yoki uning vazifasini bajaruvchi shaxsning maʼruzasi bilan boshlanadi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun Senat tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-dekabridan kechiktirmay maʼqullanadi.
17-modda. Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qonun Senatning eng yaqin majlisida koʻrib chiqilishi kerak”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 26-dekabrda qabul qilingan OʻRQ–360-sonli Qonuni bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2013-yil, 12-songa 1-ilova; 2014-yil, № 9, 244-modda; 2015-yil, № 12, 452-modda; 2016-yil, № 12, 383, 385-moddalar; 2017-yil, № 6, 300-modda, № 10, 605-modda, № 12, 772-modda; 2018-yil, № 1, 1-modda, № 7, 431, 433-moddalar, № 12, 783-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 5, 265-modda, № 8, 470-modda, № 11, 791-modda) quyidagi qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 3-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi – Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan qonun bilan belgilangan miqdorda ajratiladigan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi yuridik shaxs”;
uchinchi – qirq birinchi xatboshilari tegishincha toʻrtinchi – qirq ikkinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oʻninchi xatboshisidagi “kelgusi” degan soʻz “oʻrta muddatli” degan soʻzlar bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi yigirma oltinchi va yigirma yettinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga biriktiriladigan va oʻziga ajratiladigan byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi yuridik shaxs;
umumiy fiskal balans – Oʻzbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini hamda davlat dasturlarini amalga oshirish uchun chetdan jalb qilingan va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hisobidan qoplanadigan qarz mablagʻlari evaziga amalga oshiriladigan xarajatlarni oʻz ichiga olgan jamlanma balans”;
yigirma oltinchi – qirq ikkinchi xatboshilari tegishincha yigirma sakkizinchi – qirq toʻrtinchi xatboshilar deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi qirq toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi – oʻz tasarrufida Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetidan, viloyatlar viloyat byudjetlaridan, Toshkent shahri shahar byudjetidan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan mablagʻ oluvchi tashkilotlarga ega boʻlgan yuridik shaxs, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetidan, viloyatlar viloyat byudjetlaridan va Toshkent shahri shahar byudjetidan, tumanlar va shaharlar byudjetlaridan moliyalashtiriladigan byudjet tashkiloti yoki byudjet mablagʻlari oluvchi”;
qirq toʻrtinchi xatboshisi qirq beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
quyidagi mazmundagi qirq oltinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya – oʻrta muddatli davr uchun soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilovchi hujjat”;
2) 25-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining byudjet sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
navbatdagi yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini (bundan buyon matnda Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi deb yuritiladi) va byudjetnomani ishlab chiqish jarayonini tashkil etadi hamda muvofiqlashtirib boradi;
birinchi va ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar roʻyxatini tasdiqlaydi;
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va byudjetnomani koʻrib chiqish hamda tegishli xulosa taqdim etish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi;
byudjetnomani Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga taqdim etadi;
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritadi;
davlat boshqaruvi organlarining Davlat byudjetini va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarini ijro etish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi;
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni har chorakda koʻrib chiqadi;
oʻtgan moliya yili uchun Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tashqi audit oʻtkazish hamda baholash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi;
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining tegishli davrdagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etadi;
ushbu Kodeksning 145 va 149-moddalarida nazarda tutilgan hollarda moliya yili mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarga va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqidagi qonun loyihasini koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovlariga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar doirasida ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorlarini tasdiqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq byudjet sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin”;
3) 26-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etadi”;
4) 28-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
5) 29-modda birinchi qismining:
ikkinchi – toʻqqizinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va byudjetnomani ishlab chiqadi;
davlat maqsadli jamgʻarmalarining byudjetlari loyihalarini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari va xarajatlarini koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va byudjetnomani koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi va Davlat bojxona qoʻmitasiga Davlat byudjetining daromadlari prognozini har chorakda yetkazadi;
birinchi va ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarga ular uchun nazarda tutilgan byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarni taqsimlash, shuningdek navbatdagi yil uchun xarajatlar smetasini tuzish boʻyicha uslubiy koʻrsatmalarni yuboradi;
birinchi va ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning xarajatlar smetalarini va jamlanma xarajatlar smetalarini, shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
ushbu Kodeksning 145-moddasida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetining xarajatlari yoyilmasiga moliya yili mobaynida oʻzgartirishlar kiritadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu Kodeksning 145 va 149-moddalarida nazarda tutilgan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarga va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlariga oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar taqdim etadi”;
oʻninchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
oʻn birinchi – oʻttizinchi xatboshilari tegishincha oʻninchi – yigirma toʻqqizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
6) 83-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“83-modda. Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini
ishlab chiqish
Navbatdagi yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi hamda kelgusi ikki yilga byudjet moʻljallari oʻrta muddatli davr uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari va makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi asosida ishlab chiqiladi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ishlab chiqish:
byudjet soʻrovini tuzish tartibini yuborishni;
byudjet soʻrovlarini hamda asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozlarini tayyorlash va taqdim etishni;
byudjet soʻrovlarini koʻrib chiqish va jamlashni;
byudjetnomani ishlab chiqishni nazarda tutadi”;
7) 96-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“96-modda. Byudjetnoma
Byudjetnoma – erishilgan natijalar hisobga olingan holda mamlakatni kelgusi davrda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini nazarda tutuvchi hujjat boʻlib, ushbu yoʻnalishlar asosida Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Byudjetnoma quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning oʻtgan yilgi asosiy yakunlarini va mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning joriy yilgi yakunlarining prognoz bahosini, shuningdek mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning oʻrta muddatli davr uchun asosiy yoʻnalishlarini;
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining loyihasini ishlab chiqishda foydalanilgan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning oʻrta muddatli davr uchun prognozini;
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari joriy yildagi ijrosining prognoz bahosini;
fiskal tavakkalchiliklar tahlili hisobga olingan holda oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiyasini;
prognoz yil uchun Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining loyihasini, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi daromadlari va xarajatlarining hamda kelgusi ikki yilga oid byudjet moʻljallarini;
davlat qarzining holati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb qilinadigan kreditlarning yillik chegaraviy miqdorini”;
8) 17-bobning nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“17-bob. Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunni qabul qilish tartibi”;
9) 97, 98 va 99-moddalar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“97-modda. Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasini va byudjetnomani kiritish tartibi
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va byudjetnoma:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga – joriy yilning 15-sentyabriga qadar kiritiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga – joriy yilning 20-sentyabriga qadar kiritiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga xulosa taqdim etishi uchun – joriy yilning 20-sentyabriga qadar kiritiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi va oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya boʻyicha xulosani joriy yilning 5-oktyabridan kechiktirmay taqdim etadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktyabridan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasining xulosasi bilan kiritiladi.
Byudjetnoma Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga ham, qoida tariqasida, joriy yilning 15-oktyabridan kechiktirmay kiritiladi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi, oʻrta muddatli davr uchun fiskal strategiya, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin majburiy ravishda jamoatchilik muhokamasiga qoʻyiladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun parallel ravishda eʼlon qilinadi.
98-modda. Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunni qabul qilish
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonun loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-noyabriga qadar koʻrib chiqilishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga koʻrib chiqish uchun qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida yuboriladi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan, qoida tariqasida, joriy yilning 15-dekabridan kechiktirmay maʼqullanadi.
99-modda. Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini tasdiqlash
Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining navbatdagi yil uchun loyihalari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonun kuchga kirgandan keyin bir hafta muddatda, Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiqlashtirilgan holda tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari toʻgʻrisida uch kun muddatda qaror qabul qilinadi.
Navbatdagi yil uchun tuman va shaharlar byudjetlarining loyihalari tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar qabul qilingandan keyin uch kun ichida tegishli ravishda xalq deputatlari tuman va shaharlar Kengashlariga kiritiladi.
Xalq deputatlari tuman va shaharlar Kengashlari tomonidan tumanlar va shaharlarning byudjetlari toʻgʻrisidagi qarorlar uch kun ichida qabul qilinadi”;
10) 126-modda:
nomi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“126-modda. Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qoʻshimcha manbalaridan foydalanish”;
toʻrtinchi va beshinchi qismlari quyidagi mazmundagi toʻrtinchi – yettinchi qismlar bilan almashtirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qoʻshimcha manbalari va yil boshiga qoldiq mablagʻlari tegishli ravishda ular umumiy xarajatlarining 3 foizidan oshmagan miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq foydalaniladi hamda foydalanilgan mablagʻlar boʻyicha Qonunchilik palatasiga har chorakda hisobot taqdim etiladi. Mazkur xarajatlar 3 va undan ortiq foizga oshgan taqdirda Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga oʻzgartirishlar kiritiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika byudjetining, viloyatlar viloyat byudjetlarining, Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qoʻshimcha manbalardan foydalanish toʻgʻrisidagi qarorlar tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimliklarining takliflariga asosan birinchi navbatda ijtimoiy soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida qabul qilinadi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari tumanlar va shaharlar byudjetlari qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiradi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari favqulodda va shunga oʻxshash kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi talab etiladigan hollarda ishlatilgan mablagʻlar toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga hisobot berish sharti bilan qoʻshimcha manbalarni yoʻnaltirish boʻyicha qarorlar qabul qiladi”;
11) 143-moddaning beshinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat byudjeti daromadlari va xarajatlariga tasdiqlangan byudjetlar doirasida uning ijrosi jarayonida qonun hujjatlari asosida oʻzgartirishlar kiritish tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va hududiy moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining axborot tizimida hisobga olib boriladi”;
12) 144-modda chiqarib tashlansin;
13) 145-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarni boshqa birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish (bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan hollar mustasno):
10 va undan ortiq foizi miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining taklifi asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi Qonunga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlar tarkibida nazarda tutilgan maqsadli mablagʻlar birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan mablagʻlarni hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga beriladigan byudjetlararo transfertlarni koʻpaytirish orqali Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qayta taqsimlanadi.
Birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar uchun ajratilgan byudjet mablagʻlari doirasida bir ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun ajratilgan mablagʻlarni boshqa ikkinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish:
10 va undan ortiq foiz miqdorda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda tegishli birinchi darajali byudjet mablagʻlarini taqsimlovchining taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
Obyektlarni loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va jihozlash uchun kapital qoʻyilmalarni amalga oshirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlarni joriy xarajatlarga yoʻnaltirish taqiqlanadi”;
14) 146-modda chiqarib tashlansin;
15) 147-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bir hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarini boshqa hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorining:
10 va undan ortiq foiz miqdorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu Kodeks 145-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi tasarrufidagi bir byudjet tashkiloti va byudjet mablagʻlari oluvchidan boshqa byudjet tashkiloti va byudjet mablagʻlari oluvchi uchun byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarni oʻtkazish hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar soʻroviga koʻra tegishli hududiy moliya organlari tomonidan amalga oshiriladi”;
16) 148-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Bir hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarni boshqa hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchiga oʻtkazish ajratiladigan byudjet mablagʻlarining cheklangan miqdorining:
10 foiz va undan ortiq miqdorda xalq deputatlari tumanlar va shaharlar Kengashlari tomonidan;
10 foizdan kam miqdorda tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu Kodeks 145-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Tumanlar va shaharlar byudjetlaridan moliyalashtiriladigan hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi tasarrufidagi bir byudjet tashkiloti va byudjet mablagʻlari oluvchidan boshqa byudjet tashkiloti va byudjet mablagʻlari oluvchi uchun byudjetdan ajratiladigan mablagʻlarni oʻtkazish hududiy byudjet mablagʻlarini taqsimlovchilar soʻroviga koʻra tumanlar va shaharlar hokimliklarining moliya boʻlimlari tomonidan amalga oshiriladi”;
17) 149-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“149-modda. Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi xarajatlariga oʻzgartirishlar kiritish tartibi
Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan 3 foiz va undan ortiq miqdorga koʻpaytirishni yoki kamaytirishni nazarda tutadigan oʻzgartirishlar kiritish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan 3 foizdan kam miqdorda koʻpaytirish yoki kamaytirishni nazarda tutadigan oʻzgartirishlar kiritish davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi taqsimlovchi organlarining taqdimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlarini ularning tasdiqlangan hajmlariga nisbatan koʻpaytirish ularni qoplash manbalari mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
Davlat maqsadli jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining xarajatlariga ularning tasdiqlangan umumiy hajmlarini koʻpaytirmasdan yoki kamaytirmasdan oʻzgartirishlar kiritish davlat maqsadli jamgʻarmalarini hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining taqsimlovchi organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi”.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 11-aprelda qabul qilingan “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi OʻRQ–403-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 4, 123-modda; 2017-yil № 6, 300-modda; 2018-yil, № 1, 4-modda, № 4, 224-modda; 2019-yil, № 1, 1-modda, № 3, 157-modda, № 5, 261, 265-moddalar) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 5-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat byudjeti ijrosining borishini koʻrib chiqish”;
2) 6-modda chiqarib tashlansin.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
6-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti SH. Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019-yil 9-dekabr
№ OʻRQ—590
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
- JSST yangi halokatli pandemiyaga tayyorlanishga chaqirdi
- Shavkat Mirziyoyevning Chilonzor tumaniga tashrifidan fotoreportaj
- Taraqqiyotning yangi bosqichida
- Siandagi musulmonlar mahallasi (Fotoreportaj)
- Gender tenglikni taʼminlash va munosib mehnat sharoitlarini yaratish boʻyicha Oʻzbekiston tajribasi xalqaro standartlar asosida takomillashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring