Buyurtmachi toʻlov intizomini buzdi va tadbirkor soliqdan qarzdor boʻlib qoldi. Masalaga adliya organi aralashishiga toʻgʻri keldi
Illustrativ foto
Namangan viloyati Uychi tumanida faoliyat olib borayotgan «Prostor» masʼuliyati cheklangan jamiyati qurilish-taʼmirlash ishlari bilan shugʻullanadi. Tartibli ish olib borishga odatlangan tadbirkorlik jamoasi tuman xalq taʼlimi boʻlimi bilan munosabatlarda muammoga duch keldi. Gap shundaki, buyurtmachi bajarilgan ishlar uchun toʻlovni paysalga solgani natijasida binokorlar iqtisodiy jihatdan birmuncha ogʻir ahvolga tushib qolishdi. Haqini undira olmagan MCHJ rahbari Mirzohid Anorboyev soʻnggi chorani qoʻllab Uychi tuman adliya boʻlimiga yoʻl soldi.
Murojaatni oʻrganish jarayonida «Prostor» MCHJ va javobgar Uychi tuman xalq taʼlimi boʻlimi oʻrtasida 2020-yil 12-noyabrda mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini bajarish boʻyicha 1 milliard 186 million 918 ming 969 soʻmlik qiymatda shartnoma imzolangan boʻlib, unga koʻra daʼvogar subyekt Uychi tuman xalq taʼlimi boʻlimiga qarashli 26-maktab binosida yuqoridagi summada qurilish-taʼmirlash ishlarini bajargani, biroq ish haqi shartnomada belgilangan muddat ichida toʻliq hisob-kitob qilinmagani aniqlanadi. Buning natijasida ijrochi subyektning soliqdan anchagina qarzdorligi vujudga kelgan.
Adliya boʻlimi tomonidan qoʻshimcha oʻrganish chogʻida mutaxassis bajarilgan ishlarning qiymati hisobidan toʻlangandan summadan tashqari yana 404 million 119 ming 641 soʻm qolayotgani, hozirda shu summani undirish lozimligi haqida xulosa beradi.
Amaldagi tartibdan kelib chiqib, tuman adliya boʻlimi «Prostor» masʼuliyati cheklangan jamiyat manfaatlarini koʻzlagan holda Uchqoʻrgʻon tumanlararo iqtisodiy sudiga daʼvo ariza kiritdi. Ariza qanoatlantirilib, javobgar - Uychi tumani xalq taʼlimi boʻlimidan tadbirkor foydasiga 404 million 119 ming 641 soʻm qarzni undirish yuzasidan hal qiluv qarori chiqarildi.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring