Buyuk oʻzgarish va yangilanishlar haqida bitilgan kitob

19:06 17 Fevral 2022 Madaniyat
1696 0

Foto: “Xalq soʻzi” / Sirojiddin Vohidov

Davlatimiz rahbarining Yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasi va Uchinchi Renessans asosini yaratish borasidagi tashabbusi bugun reallikka koʻcha boshladi. Binobarin, Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, hozirgi vaqtda mamlakatimizda yana bir muhim Uygʻonish jarayoni kechmoqda.

Shu bois “Yangi Oʻzbekiston” va “Uchinchi Renessans” soʻzlari hayotimizda oʻzaro uygʻun va hamohang boʻlib yangramoqda, xalqimizni ulugʻ maqsadlar sari ruhlantirmoqda.

Iqtisodiyot fanlari doktori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan iqtisodchi, senator Murtazo Rahmatov hamda akademik, biologiya fanlari doktori, professor Bakriddin Zaripov hammuallifligidagi “Yangi Oʻzbekiston Uchinchi Renessans ostonasida” nomli yangi asar jonajon Vatanimizda yuz berayotgan buyuk oʻzgarish va yangilanishlar haqida ekanligi bilan ham alohida ahamiyatga ega.

Bugun universitetimizda Oʻzbekiston iqtisodiyotini rivojlantirishning ilmiy asoslari va muammolari ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda ushbu kitobning katta taqdimoti oʻtkazildi.

Foto: “Xalq soʻzi” / Sirojiddin Vohidov

Tadbirda soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganidek, yurtimiz zamini tarixda ikkita buyuk uygʻonish davrlariga beshik boʻlgani, dunyo ilm-fani rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ mutafakkirlarni yetishtirib bergani kitobda mahorat bilan qalamga olingan.

Ayniqsa, Uchinchi Renessansga qoʻyilayotgan poydevor va yangi tamaddun asoslari aniq dalillar asosida ochib berilgan. Shu maʼnoda, mazkur asar kitobxonlarda mamlakatimizda yangi oʻsish va rivojlanish bosqichiga koʻtarilish borasida belgilab olingan Yangi Oʻzbekistonning strategik yoʻli haqida toʻliq va mukammal tasavvur hosil qilishga imkon beradi.

— Mintaqamizdagi Birinchi Renessans allomalaridan biri Forobiy fozil jamiyatni shunday tasvirlagan edi. “Davlatning vazifasi insonlarni baxt-saodatga olib borishdir. Bu esa ilm va yaxshi axloq yordamida qoʻlga kiritiladi”. Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, ilm-maʼrifat sohasidagi ulkan oʻzgarishlarni tahlil etganimizda, har gal ulugʻ allomaning shu soʻzlari yodimizga kelaveradi, — dedi Murtazo Rahmatov. — Chunki Oʻzbekistonda tarixan juda qisqa fursatda butunlay yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-maʼrifiy va madaniy muhit yaratildi. Bu mamlakat obroʻ-eʼtibori va nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan evrilishlarga asos boʻlayotir.

Foto: “Xalq soʻzi” / Sirojiddin Vohidov

Ushbu risola keng kitobxonlar ommasiga moʻljallangan boʻlib, barcha taʼlim muassasalari, xususan, oliy oʻquv yurtlari, tashkilot va idoralar, har bir xonadonga kirib borishi maqsadga muvofiqdir. Zotan, qaysi zamonda boʻlmasin, buyuk evrilishlar, oʻzgarish hamda yangilanishlar, avvalo, xalqning qudrati, salohiyati va kuchiga tayaniladi.

Bakriddin Zaripovning fikricha, Oʻzbekiston oʻtgan atigi besh yil ichida butunlay yangi rivojlanish bosqichiga koʻtarildi. Prezidentimizning Uchinchi Renessans gʻoyasi nihoyatda ajoyibdir. Sababi bugungi ilmu fanga asoslangan, dunyoni faqatgina ilm bilan boshqarish mumkin boʻlgan zamonda shunday gʻoyalargina qudratli kuch kasb eta oladi.

Kitobda kishini mushohadaga chorlaydigan yana bir jihat — bu iqtisodiy ilmning targʻib etilganidir. Gapning ochigʻini aytganda, biz uzoq yillar moliyaviy bilimlarni xalqona tilda oʻqishga muyassar boʻlmadik. Iqtisod ilmiga asoslangan kitoblarda, umuman, iqtisodiyot nazariyasida xalqonalik anchayin yiroq tuygʻu edi. Balki shu bois ham xalqning iqtisodiy ilmi zaifroq yoki pufak tushunchalarga bogʻliq boʻlib qoldi.

Mazkur risolada davlatimiz rahbarining gʻoyasi asosida mamlakat paxtachiligida joriy etilgan klaster usuli Yangi Oʻzbekiston iqtisodiyotining “drayveri”ga aylanayotganini sodda va xalqona tarzda ochib berilgani mualliflarning muvaffaqiyati boʻlgan, desak, ayni haqiqat.

Taqdimotda Prezidentimizning Uchinchi Renessans asosini yaratish boʻyicha gʻoyalari keng ochib berilgan ushbu asar oʻquv-rejasiga kiritilib, respublikamiz oliy taʼlim muassasalari ichida birinchi boʻlib Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida maxsus kurs sifatida oʻqitilishi aytib oʻtildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi bilan hamkorlikda alohida markaz ochish saʼy-harakatlari olib borilayotgani maʼlum qilindi. Ushbu yangiliklar talabalar va yosh olimlar tomonidan olqishlar bilan qarshi olindi.

Oʻta samimiy ruhda boʻlib oʻtgan tadbirda yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga universitet bituvchisi, yangi asar hammuallifi Murtazo Rahmatovdan atroflicha javob oldilar. Isteʼdodli yoshlarga kitob mualliflari dastxati qoʻyilgan kitoblar taqdim etildi.

Foto: “Xalq soʻzi” / Sirojiddin Vohidov

Darvoqe, ushbu kitob “Xalq soʻzi” va «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati bilan hamkorlikda “Zamin nashr” tomonidan nashr etilganida ham katta maʼno mujassam. Zero, maqsad xalqqa ziyo ulashish, aholining yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlardan xabardor qilib borish kabi ezguliklardan iboratdir.

Azamat MAHMUDOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti

“Moliyaviy tahlil va audit” kafedrasi dotsenti,

iqtisodiyot fanlari nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?