Butunjahon talabalar sport bayrami yaqinlashmoqda

13:00 05 Sentyabr 2023 Dunyo
376 0

Joriy yil 26-iyul – 8-avgust kunlari Xitoyning Chendu shahri Butunjahon talabalar yozgi “Universiada” Xalqaro sport oʻyinlariga mezbonlik qiladi.

Chendu shahrida boʻlib oʻtadigan Butunjahon talabalar yozgi “Universiada” sport oʻyinlarida mamlakatimizning 17 ta oliy taʼlim muassasalaridan jami 77 nafar sportchi-talabalar sport gimnastikasi, tennis, yengil atletika, dzyudo, taekvondo WT, ushu va qilichbozlik sport turlari boʻyicha ishtirok etishadi.

Shu oʻrinda Butunjahon talabalar sport oʻyinlari tarixi haqida qisqacha maʼlumot: Birinchi jahon urushi tugaganidan keyin fransuz sport arbobi Jan Petitjan tashabbusi bilan oʻtkazilgan xalqaro talabalar konferensiyasida ilk bor Jahon talabalar sport oʻyinlarini oʻtkazishga asos solinadi.

Birinchi musobaqalar 1924-yilda Varshavada sportning uchta turi: yengil atletika, suzish, qilichbozlik boʻyicha oʻtkazilgan. Keyingi talabalar sport musobaqalari 1927-yilda Rimda, 1930-yil Dortmundda, 1933-yilda Turinda, 1937-yilda Parijda, 1939-yilda Monte-Karloda boʻlib oʻtgan.

Ikkinchi jahon urushi paytda Butunjahon talabalar sport oʻyinlari toʻxtatilgan. 1959-yilda Italyaning Turin shahrida Xalqaro Universitet sporti federatsiyasining yigʻilishi boʻlib oʻtadi hamda oʻz safiga talabalar tashkilotlarini qabul qiladi. Unda Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya, SSSR va Chexoslovakiya ishtirok etadi, keyinchalik boshqa sotsialistik mamlakatlar ham qoʻshila boshlaydi.

Mazkur musobaqani oʻtkazish masʼuliyati Butunjahon universitetlar sporti Federatsiyasi (FISU)ga yuklatilgan. Unga hozirda 189 ta davlatlar aʼzo sanalishadi. FISU Bosh Assambleyasining qarori bilan Jahon Universitet sport oʻyinlari har ikki yilda bir marta oʻtkaziladi.

Xususan har toq yilda — yozda va har juft yilda – qishda boʻlib oʻtadi. Butunjahon talabalar sport oʻyinlari Olimpiya gʻoyalariga izchil amal qilgan holda xalqaro sport aloqalarini kengaytirish, dunyoning turli burchaklaridan kelgan talabalar oʻrtasida xalqaro doʻstlik, oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etiladi. Musobaqalar sayyoramiz talaba-yoshlari uchun bayram sifatida oʻtkaziladi.

Mamlakatimizda 2018-yil 30-martda “Barkamol avlod” jismoniy tarbiya va sport jamiyati hamda Respublika “Talaba” sport uyushmalaring Qoʻshma Konferensiyasi qaroriga asosan Oʻzbekiston talabalar sporti Assotsiatsiyasi tashkil etiladi.

Assotsiatsiya tashkil etilgandan soʻng Oʻzbekistonlik talabalar ilk bor 2019-yil 2-12-mart kunlari Krasnoyarsk (Rossiya) shahrida oʻtkazilgan 29-Qishki Universiada oʻyinlarida Oʻzbekiston sport delegatsiyasi 5 nafar sportchi, 2 nafar murabbiy va 2 nafar rasmiylar bilan 2 ta sport turi togʻ changʻisi, snoubord boʻyicha ishtirok etishgan.

Shuningdek, 2019-yil 3-14-iyul kunlari Italiyaning Neapol shahrida  boʻlib oʻtgan 30-Butunjahon Yozgi Universiada oʻyinlarida 112 ta davlatdan besh ming 971 nafar sportchi 18 ta sport turi boʻyicha 222 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib bordilar. Oʻzbekiston sport delegatsiyasi ushbu sport tadbirida 42 nafar sportchi, 8 nafar murabbiy va 8 nafar rasmiylar jami 58 nafar delegatsiya aʼzosi bilan 8 ta kamondan otish, yengil atletika, dzyudo, sport gimnastikasi, badiiy gimnastika, taekvondo WT, oʻq otish va tennis sport turi boʻyicha ishtirok etib, yakuniy hisobda 2 ta oltin, 2 ta kumush va 4 ta bronza, jami 8 ta medalni qoʻlga kiritib, umumjamoa hisobida 19-oʻrinni egallaydi.

Taʼkidlash joizki, ushbu natija Oʻzbekistonlik talabalarning Butunjahon “Universiada” sport oʻyinlari tarixidagi eng yuqori natijasi hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?