Buloqboshida barpo etilayotgan sanoat hududida oʻnlab turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi
Foto: Xalq so‘zi
Soʻnggi yillarda respublikamizda qurilish sohasiga boʻlgan eʼtibor yanada ortdi. Buning natijasida har bir hudud oʻziga xos bunyodkorlik maydoniga aylandi. Bu esa mamlakatimizda qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish koʻlamining ortishiga ham sabab boʻldi. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 9-may kuni qabul qilingan “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bu boradagi saʼy-harakatlarni yanada jonlantirib yubordi. Farmonda, jumladan, respublikamizning 24 ta shahar va tumani qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilishi belgilab berildi. Andijon viloyatining Buloqboshi tumani ana shunday manzillardan biri boʻlib, ayni paytda bu yerda yuqoridagi hujjat ijrosi doirasidagi ishlar jadal tus olgan.
Aytish joiz, Buloqboshi tumani geografik joylashuvi va tabiiy boyliklari jihatidan sement, marmar, granit, boʻr va turli boʻyoq mahsulotlari ishlab chiqarish uchun qulay hisoblanadi. Bu esa ushbu manzilda 45 mlrd. dollarlik 6 ta loyihani amalga oshirishga sabab boʻldi. Hozirda istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish jarayoni davom etyapti.
— Respublikamizda keng koʻlamda olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari sement mahsulotiga boʻlgan talabni keskin oshirdi, — deydi Buloqboshi tuman hokimi oʻrinbosari Furqatbek Siddiqov. — Tumanimizda barpo etilayotgan sanoat hududida xitoylik hamkorlar ishtirokida bir yilda 2,5 mln. tonna sement xomashyosini ishlab chiqaruvchi zavod qurilishi boshlab yuborildi. Ushbu zavod ishga tushirilgach, Qirgʻiziston va Qozogʻiston davlatlaridan import qilinayotgan mahsulotni oʻzimizda ishlab chiqarish imkoni yaratiladi. Bu esa uning tannarxi arzonlashishiga sabab boʻladi.
Buloqboshi tumani togʻ yon-bagʻrida joylashgani bois bu yerda marmar ishlab chiqarish maqsadga muvofiqdir. Shunga koʻra hududda ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi yangi korxona uchun 42 sotix yer maydoni ajratildi. Loyiha foydalanishga topshirilgach, 2 mln. AQSH dollari miqdoridagi marmar mahsulotlari ishlab chiqariladi. Uning teng yarmi ichki bozor ehtiyojini qondirsa, qolgan qismi eksport qilinishi koʻzda tutilmoqda.
Umuman olganda, tumanda barpo etilayotgan yangi sanoat maydonida tez orada boʻyoq, marmar, sement, boʻr, quruq qorishma, granit, penoblok kabi oʻnlab turdagi qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring