Buxoroning qadimiy ekouylari asrab qolinadimi?

10:30 02 Dekabr 2024 Jamiyat
316 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Dastavval Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasidan olingan maʼlumotga eʼtiborni qaratmoqchimiz. Viloyatda ayni damda davlat roʻyxatiga olingan 110 ta qadimiy uy bor. Ularning deyarli barchasi koʻhna Buxoro shahrida. Bahouddin Naqshband koʻchasidagi 52-raqamli xonadon shularning biri.

Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasida uzoq yillar faoliyat koʻrsatib, zukko va fidoyi tarixchi olim sifatida koʻpchilikning yodida qolgan B.Qozoqov shu hovlida yashagan. Mehmonxona, dahliz va yana bir xonadan iborat naqshinkor binodagi bitiklarga sinchkovlik bilan qararkan, hamrohimiz, tadqiqotchi, muzey-qoʻriqxona ilmiy xodimi Ahtam Ahmedov eʼtiborimizni uning 1911-yilda barpo etilgani haqidagi yozuvga qaratdi. Hovlidagi yana bir uy esa undan ham qadimiyroq.

— Bu hovli bizga bobomizdan meros qolgan, — deydi rahmatli domlaning qizi Mayram Qozoqova. — U kishi amirlik davrining obroʻli kishilaridan boʻlgan, deyishadi.

Yogʻochdan bunyod qilingan, supasi obigʻishtli, qurilishida tamoman tabiiy mahsulotlar ishlatilgan, betakror naqshlar bilan bezatilgan bu goʻshaga ekouy, deya taʼrif berish mumkin. Kaftdek hovlida hatto bundan 150-yil muqaddam yomgʻir-u qor va oqova suvlarning yon-atrofga ziyoni tegmay tarnov orqali chiqib ketishi, shu kungi ibora bilan aytganda, kanalizatsiya tizimi ham yoʻlga qoʻyilgan.

— Ota-bobolarimiz juda zukko boʻlishgan, — deydi buxorolik taniqli ganchkor usta Alisher Gʻoyibov. — Oʻziga toʻq, boy-badavlat kishilar dabdababozlikka berilmay uyning tashqari qismini oddiy koʻrinishga keltirishgan. Moddiy imkoniyati cheklangan ayrim qoʻni-qoʻshni, mahalladoshlarining koʻngli choʻkishini istashmagan. Boshqacha aytganda, eldan chiqishmagan. Buni hayotiy qoidaga aylantirishgan. Imoratning ichki qismi qurilishiga esa qoʻligul ustalarni jalb etib, bino qiyofasini zeb-ziynat berilgan sanʼat asari darajasiga keltirishgan. Siz tilga olgan qadimiy uy haqiqatan ham betakror sanʼat durdonasidir. Ayrim naqshlari ustiga tilla suvi yuritilgan. Bu uyda Buxoro ganchkorlik maktabining noyob namunalari saqlanib qolgan.

Ustaning bunga alohida urgʻu berishi bejiz emas. Buxoroning qadimiy ekouylarida imoratsozlikning asrdan asrga oʻtib kelgan anʼanalarini koʻrish mumkin. Shaharning Umumjahon merosi sifatida YUNESKO tomonidan eʼtirof etilgan qismidagi bu uylar yilning toʻrt fasliga moslab qurilgan. Yashash uchun qulay. Ulardagi ganchkorlik namunalari esa Alisher Gʻoyibov singari noziktaʼb ustalar uchun asriy anʼanalarni saqlash, ularni boyitish yoʻlida oʻziga xos maktab vazifasini oʻtab kelyapti. Sirasini aytganda, xalqimizning ardoqli farzandi Usta Shirin Murodov ham shu maktab boʻstonidan gul terib, umrboqiy meʼmoriy obidalar yaratgan, qadimiy yodgorliklarni taʼmirlagan.

— Darhaqiqat, bu koʻhna ekouylarda butun boshli Buxoro ganchkorlik maktabi anʼanalari mujassam, — deydi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, manbashunos, tarix fanlari doktori Komiljon Rahimov. — Ularda, xususan, mehmonxona vazifasini oʻtaydigan xonalarda arab yozuvidagi noyob bitiklar koʻp. Bu yerda mehmonlarni xushnud etadigan, ularning kayfiyatiga kayfiyat qoʻshadigan soʻzlar, sheʼrlarni oʻqib, oʻzingizni sheʼriyat boʻstoniga kirib qolganday his etasiz. Bitiklarda maʼnaviyati boy xalqimizga xos mehmonnavozlik oʻz ifodasini topgan. Bu yozuvlar atroflicha oʻrganilib, nufuzli xalqaro tashkilotlar grantlari asosida fotoalbom tayyorlansa maqsadga muvofiq boʻlardi. Toki, kelgusi avlod ham qadriyatlarimizning ajralmas bir boʻlagiga aylangan bu merosdan bahra olsin.

Olimning bu taklifni oʻrtaga tashlashi bejiz emas. Afsuski, qadimiy uylarni asl holicha saqlash, asrab-avaylash, ularni kelajak avlodga yetkazish yechimtalab masalaga aylanib boryapti. Mana, bir misol. Biz yuqorida taʼrifini keltirgan qadimiy uy poydevorining bir tomoni tashqi taʼsir oqibatida choʻkib qoldi. Endi bu yerda yashash xavfli. Shu tufayli uy eshigiga qulf tushdi.

— Hozir boshqa manzilda yashayapmiz, — deydi Mayram Qozoqova. —Qaramogʻimda xasta onam bor. Qoʻlimiz kalta. Uyni taʼmirlashga qurbimiz yetmaydi. Shu boisdan katta-kichik tashkilotlarga uyni taʼmirlash masalasida koʻmak soʻrab murojaat qildim. Ammo foydasi boʻlmadi. Menga “Bankdan kredit olib, uyni taʼmirlashingiz mumkin” degan mazmunda javob berish bilan kifoyalandilar.

Adolat yuzasidan aytganda, oʻqituvchilik ortidan umrguzaronlik qilgan, hozir esa keksa va xasta onasining salomatligini oʻylab yashayotgan ayolda bu qadimiy uyni taʼmirlash imkoniyati yoʻq. Shu boisdan ham u uyni sotuvga qoʻydi.

Uy-ku sotilar, ammo uning keyingi taqdiri qanday boʻladi?

— Bir paytlar Labihovuz atrofidagi bir-ikkita koʻhna uyni xususiy mehmonxonaga aylantirish maqsadida xarid qilishganidan xabar topdim-u qiziqish yuzasidan koʻrgani borgandim, — deydi bu savolga javoban Alisher Gʻoyibov. — Oʻshanda tadbirkor ishga yollab kelgan, meʼmorchilikdan tamoman yiroq odamlar imoratni koʻr-koʻrona buzishayotgani, muqarnaslarni qoʻporishayotgani ustidan chiqqanman. Eslasam, hali-hanuz yuragim “jiz” etadi. Muqarnaslardan birini avaylab olib ortga qaytganim kechagidek yodimda. Gap shundaki, kimdir qadimiy uyning egasiga aylangach, uni yangidan qurish bahonasida nodir bir sanʼat asarini yakson qilmasmikin, degan xavotirdaman.

Ustaning kuyinganicha bor. Axir, Buxoroi sharif shusiz ham eʼtiborsizlik va tashqi taʼsirlar oqibatida qanchadan-qancha qadimiy uylardan ayrilib qoldi. 1920-yilgi shoʻrolar bosqini paytida vayron qilingan obidalar, shu jumladan, sharqona uylarni-ku aytmay qoʻya qolaylik.

Tabiiyki, bu masalada viloyat madaniy meros boshqarmasi masʼullarining fikri bilan ham qiziqdik. Ular bilan suhbatdan shu ayon boʻldiki, barcha qadimiy uylar ahvolini nazorat qilishning imkoni yoʻq. Xususiy mulk egalaridan ham uylarni asrash, taʼmirlash, ularda zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish kabi masalalarda koʻplab murojaatlar tushayapti. Boshqarma oʻz vakolatidan kelib chiqib, eski shahardagi uy egalariga maslahat, tavsiyalar bermoqda. Xususiy mulk sohibi sifatidagi burchlarini eslatmoqda. Jumladan, Buxoro tarixiy markazi aholisi va turar-joy egalari uchun koʻhna uylarni saqlash, muhofaza qilish va zamonaviy foydalanish uchun moslashtirish boʻyicha qoʻllanma chop etilgan.

Hayot esa mavjud tarixiy uylarni davlat tomonidan muhofaza qilishga oid qonunchilikni takomillashtirish, soddalashtirishni taqozo etayapti. Toki, hammasi besh panjadek ayon boʻlsin. Xususiy mulk sanalgan, ammo tarixiy qiymatga ega uylarni asrab-avaylash, ularni taʼmirlash, tiklash, konservatsiya qilish kabi yumushlarga davlat tomonidan mablagʻ ajratilishi masalasiga ham oydinlik kiritish zarur.

Bahouddin Naqshband koʻchasida joylashgan 52-uyga kelsak, balki uni mahalliy hokimlik xarid qilib, keyinchalik chogʻroq bir muzeyga aylantirar. Unga xorijiy sayyohlar bajonidil tashrif buyurishadi. Biz suhbatlashgan ayrim gid-tarjimonlar ham shu fikrni bildirishdi. Ishonchimiz komil: chet ellik mehmonlarni anʼanaviy Buxoro uylari, undagi osori atiqalar, turmush tarzi aslo befarq qoldirmaydi. Qolaversa, mutaxassislar eʼtirof etganidek, bu nodir durdonani kelgusi avlodga yetkazishning eng maqbul yoʻlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер