Buxorolik yosh kitobxonlar uchun tuhfa

10:30 29 Noyabr 2024 Jamiyat
162 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkent tuman ixtisoslashtirilgan maktabi kutubxonasida 1,5 mingtadan ziyodroq badiiy asar bor. Kuni kecha mazkur ziyo maskani fondi “Kitobxon bolalar” hamda “Dunyo daholari” turkumida chop etilgan kitoblar bilan boyidi. Bundan kutubxonachi Zuhra Sadriddinova xursand.

— Bilim dargohimiz oʻquvchilari oʻqib-oʻrganishga tashna, — deydi u. — Badiiy asarlarni qoʻldan qoʻymay mutolaa qilishadi. Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan bolalarbop kitoblarning nashr etilishi va maktabimizga tuhfa qilinishi ayni muddao boʻldi. Bu asarlar bolalar va oʻsmirlarning dunyoqarashini boyitib, bilimiga bilim qoʻshadi, ularning maʼnaviy ehtiyojini qondiradi. Oʻz oldilariga aniq maqsadlar qoʻyishida ham bu kabi asarlarning oʻrni katta boʻladi.

Kutubxonachi haq. Sara sheʼr va hikoya hamda ertaklar jamlangan “Shalola”, “Sehrgarning uzugi”, “Bolalikning qoʻlidan tutib” deb nomlangan kitoblar bilan birga oʻz sohasining daholari sanalgan Albert Eynshteyn, Motsart, Leonardo da Vinchi singari buyuk insonlar hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan adabiyotlar yosh kitobsevarlarni aslo befarq qoldirmaydi. Ularni bilimli, qatʼiyatli, irodali boʻlib voyaga yetishga undaydi.

Buxoro shahrida joylashgan Prezident maktabida kutubxonachilar, shoir va yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirokida shu kitoblarning taqdimoti oʻtkazildi. “Kitobsevar millat” shiori ostida uyushtirilgan marosimda Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi masʼul xodimi Rasuljon Nafasov, uyushmaning Buxoro viloyat boʻlimi raisi vazifasini bajaruvchi Shamshod Ochilov kitobxonlikni keng targʻib etish borasidagi ishlar haqida soʻz yuritdi. Yosh avlod ongu tafakkurini boyitishda, barkamol shaxs tarbiyasida besh muhim tashabbusning biri sanalgan kitob mutolaasining ahamiyati kattaligi alohida taʼkidlandi.

Shundan soʻng Abu Ali ibn Sino nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi, viloyat bolalar kutubxonasi, Buxoro shahridagi Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan maktablar, tuman axborot-kutubxona markazlariga ijtimoiy buyurtma asosida chop etilgan kitoblarning 540 tasi tuhfa qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?