Buxoroda jadidchilik harakati tarixiga bagʻishlangan “Armon” hujjatli filmi premyerasi boʻlib oʻtdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Nafaqat yurtimiz, balki butun dunyoda jadidchilik harakatini oʻrganishga, uning mazmun-mohiyatini anglashga boʻlgan qiziqish ortmoqda. Yaqinda Toshkent shahrida ilk bor “Jadidlar: milliy oʻzlik, istiqlol va davlatchilik” mavzusida xalqaro anjuman oʻtkazilgani ham fikrimiz tasdigʻidir.
Shu nuqtai nazardan “Blue White and Green Production” tomonidan jadidchilik harakati tarixiga bagʻishlangan “Armon” hujjatli filmining suratga olinishi xayrli ishlardan biri boʻldi. Mamlakatimiz hamda jahonning yetakchi jadidshunos olim va tadqiqotchilari, tarjimonlari koʻmagida suratga olingan bu kinoasarda oʻtgan asrning suronli yillari, oʻsha davrda yashab faoliyat yuritgan jadidlar haqida tarixiy faktlar asosida soʻz yuritilgan. Mahmudxoʻja Behbudiy, Munavvar Qori, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Isʼhoqxon Ibrat, Fayzulla Xoʻjayev, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev singari el-yurt fidoyilarining oʻlkani hur va ozod koʻrish, xalqimizni maʼrifatli qilish yoʻlidagi mashaqqatli hayoti haqida hikoya qilingan.
Buxoro davlat universitetida mazkur hujjatli filmning premyerasi boʻlib oʻtdi. Davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, talaba-yoshlar tomoshabin sifatida qatnashgan tadbirda film ijodkorlari, jumladan, rejissyor Ruslan Soliyev ham qatnashib, bu kinoasar premyerasining Buxoroda boʻlib oʻtishi bejiz emasligiga eʼtiborni qaratdi. Zero, Buxoro jadidchilik harakatining markazlaridan sanaladi. Bu harakatga Buxoroning donishmand farzandi, buyuk maʼrifatparvar Ahmad Donish asos solgandi.
— Bu filmni koʻzda yosh, yurakda ogʻriq bilan tomosha qilmaslikning iloji yoʻq, — deydi tadbirning hurmatli mehmonlaridan biri, AQSHning Michigan universiteti professori Timur Xoʻja oʻgʻli. — Men uchun gapirish juda ogʻir. Rahmatli otam Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev ham shu yurt oydinlari safida edi. Jadidlar aynan shu kunlarni koʻrish orzusi bilan yashab, kurash olib bordilar. Jadidlar oʻlmaydi. Ularning mozorlari ham yoʻq. Ular sizu bizning yuragimizda yashayaptilar.
Film namoyishi yakunida kinoasar ijodkorlariga hurmat-ehtirom koʻrsatildi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring