Buxoroda sayyohlar uchun innovatsion mobil ilova tayyorlanmoqda

14:52 04 Avgust 2020 Welcome to uzbekistan
1211 0

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 28-apreldagi “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Buxoroda bir qator innovatsion loyihalar ishlab chiqilmoqda.Viloyat madaniy meros boshqarmasi shu loyihalardan birining tashabbuskori boʻldi.

— Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 846-sonli qarori bilan Buxoro viloyati moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga jami 829 ta obyekti kiritilgan, — deydi viloyat madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Sherzod Mahmudov. — Ular davlat muhofazasiga olingan. Bu obyektlarning 287 tasi arxeologiya yodgorligi, 31 tasi madrasa, 105 tasi masjid, 14 tasi maqbara, 133 tasi arxitektura ansambllari (tarkibi bilan), 15 tasi karvonsaroy, 4 ta tim va toqlar, 18 tasi diqqatga sazovor joylar, 122 tasi qadimiy uy-joylar, 83 tasi arxitektura yodgorliklari, 17 ta monumental yodgorlik hisoblanadi.

Yuqoridagidan koʻrinadiki, koʻhna Buxoro qadimiy osori atiqalarga benihoya boy.Shuni nazarda tutgan viloyat madaniy meros boshqarmasi ularga oid maʼlumotlarni izlash, yangi dalillarni kiritish, joʻgʻrofiy maʼlumotlarni oʻzida mujassamlashtirgan axborot tizimini joriy etish boʻyicha innovatsion mobil ilova konsepsiyasini ishlab chiqdi.

Mazkur innovatsion mobil ilovaning afzalligi shundaki, u yoki bu madaniy meros obyektiga borish istagida boʻlgan xorijiy sayyohlar, tarixchi-olimlar va soha xodimlari uning koʻmagida hech qanday qiyinchiliksiz manzilga yetishadi.

Viloyat madaniy meros boshqarmasi oʻz ish faoliyatini yana-da yaxshilash hamda mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulayliklar yaratish maqsadida mazkur loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq ishlarni boshlab yubordi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер