Buxoroda noyob topilma aniqlandi. Unda nimalar yozilgan?
“Xalq so`zi ONLINE”
“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Koʻhna Buxoro — moʻjizalar va siru sinoatga boy kent. Mana, Mulla Payraviy masjidini olib koʻraylik. Bu yerda obodonchilik ishlarini olib borayotgan viloyat madaniy meros boshqarmasi xodimlari eʼtiborini muqaddas goʻsha chillaxonasidagi qayroqtosh tortdi. Gap shundaki, qayroqtosh katta hajmli edi. Shuning oʻzi ham uning noyobligidan darak berardi.
— Mazkur topilma — qayroqtosh tezkorlik bilan boshqarmamizning restavratsiya va konservatsiya laboratoriyasiga olib kelindi va arxeolog-restavrator D. Xolov tomonidan tozalanib, konservatsiya ishlari olib borildi, — deydi biz bilan suhbatda viloyat madaniy meros boshqarmasi rahbari Sherzod Mahmudov. — Aniq va ravshan koʻringandan keyin yozuvlar Toshkent Sharqshunoslik instituti ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi B. Aminovga yuborildi.
Aniqlanishicha, qayroqtoshda eski arab yozuvidagi “nasx” xatiga mansub boʻlgan bitik, yaʼni “Al-faqix Ahmad Ammor al-Ansori, Allohning rahmatidan qoʻrquvchi, unga qaytuvchi, hijriy 563-yilning rajab oyi/ milodiy 1168-yilning may oyida olamdan oʻtdi”, deb yozilgan ekan. Faqix Ahmad Ammor al-Ansoriy haqidagi toʻliq maʼlumotlar tarixchi olimlar tomonidan oʻrganilmoqda.
Mazkur qayroqtosh buxorolik moziyshunos olimlarni ham befarq qoldirmadi, albatta. Jumladan, tadqiqotchi, Oʻzbekiston Tarixchilar jamiyati viloyat boʻlimi raisi Azalshoh Hamroyevning taʼkidlashicha, mazkur matn bosma matbuotda O.A. Suxareva tomonidan chop etilgan “Kvartalnaya obщina pozdnefeodalnogo goroda Buxarы” (M:1976,220 str.) asari hamda “Oʻzbekiston obidalaridagi bitiklar: Buxoro” (T:2016,378 bet.) kitobida tadqiq etilgan.
Topilmaning ahamiyatli jihati shundaki, bu Buxorodagi maqbaralarda qayroq ishlatilgan birdan bir holatdir. XI-XIV asrlarda qayroqdan, asosan, Samarqand, Fargʻona vodiysida va qisman Toshkentda qabrtosh sifatida foydalanilgan.
Mulla Payraviy toʻgʻrisida esa maʼlumotlar toʻliq yetib kelmagan. Faqat N. Yoʻldoshev va H. Qurbonovlarning “Buxoro shahri va uning atrofidagi ziyoratgohlar tarixi” va Sadriddin Salim Buxoriyning “Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari” kitoblarida Mulla Payraviy XIV asrlarda yashagan sufiylardan ekani, Said Miri Kulol, Xoʻja Bahouddin Naqshband bilan zamondosh boʻlgani qayd etilgan.
Boshqa manbaga koʻra “Mulla Payraviy katta bilim egasi, olim va soʻfiylik tariqatining namoyandalaridan boʻlib, XVI asrda yashagan”, degan maʼlumot keltiriladi. Alisher Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” asarida Payrav (fors tilidan) ergashuvchi, izidan (ortidan) boruvchi, taqlid qilish, tobe maʼnolarini anglatishi yozilgan.
Shuni ham alohida eʼtirof etish kerakki, Buxoro viloyat madaniy meros boshqarmasi tomonidan ushbu noyob yodgorlikka ilk marotaba restavratsiya va konservatsiya laboratoriyasida zamonaviy ishlov berilib, u qayta tiklandi. Shu tariqa yana bir madaniy merosimizning umriga umr qoʻshildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- ICCI 2026: Yangi Oʻzbekistonning qurilish salohiyati – gʻoyalardan keng koʻlamli yechimlargacha
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring