Buxoroda Markaziy Osiyoda yagona sanalgan muzey ochiladi
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. XIX asr oxiri — XX asr dastlabki oʻn yilliklari xalqimiz tarixiga juda muhim davr sifatida kirgan. Bu bevosita jadidchilik harakati bilan bogʻliq. Zero, jadidlar ilm-fan, maorif ravnaqi va istiqlol uchun jonlarini ham ayamadilar.
— Shu nuqtayi nazardan davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida jadidchilik tarixiga oid muzey faoliyatini yoʻlga qoʻyish saʼy-harakatiga kirishilgani ayni muddao boʻldi, — deydi Buxoro davlat universiteti Jahon tarixi kafedrasi oʻqituvchisi, tarix fanlari doktori, professor Shodmon Hayitov. — Shu yilning 30-mayida esa davlatimiz rahbari tomonidan “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorning qabul qilinishini tarixiy adolatning tiklanishi sari qoʻyilgan salmoqli qadam deya baholash mumkin. Bu dargohning yosh avlodni istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda salmoqli oʻrin tutadigan maskan boʻlishiga shak – shubha yoʻq. Zero, shu paytga qadar Markaziy Osiyoda bevosita jadidlar hayoti, ular qoldirgan boy meros tarixiga oid muzey yoʻq edi.
Muzey faoliyati koʻhna Buxoroning Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayev yashagan Govkushon guzari Xoʻja Gulrez koʻchasi 13-uyda yoʻlga qoʻyiladi.
Tarixchilarning taʼkidlashlaricha, jadidlar orasida Usmon Xoʻja Poʻlatxoʻjayevning alohida oʻrni bor. U 1878-yilda Buxoroda badavlat savdogar Poʻlatxoʻjaning xonadonida dunyoga kelgan. Yaxshi taʼlim olgan. Ismoil Gaspirali, Ahmad Donish ilgari surgan gʻoyalar taʼsirida ulgʻaygan. Jamiyatni yangi oʻzanga burib yuborish, xalqni ilmu maʼrifatli qilish oʻy-fikri bilan yashagan bu inson hatto 1898-yilgi Andijon qoʻzgʻolonida ham qatnashgan. Shodmon Hayitovning aytishicha, oʻshanda u Buxoro amirligi fuqarosi boʻlgani uchungina Rossiya imperiyasi maʼmurlari qutqusidan qutilib qolgan. Turkiyada tahsil olgan, ona yurtga qaytib bir qator masʼuliyatli vazifalarda ishlagan Usmon Xoʻja 1922-yilda Afgʻonistonga koʻchib oʻtishga majbur boʻladi. 46-yil vatangadolikda yashaydi. 1968 yilda Turkiyada vafot etadi.
— Otam Oʻzbekistonni, Buxoroni yurak-yurakdan yaxshi koʻrardilar, — degandi Buxoroda oʻtgan tadbirlardan birida uning Turkiyada tugʻilgan farzandi Temurxoʻja Usmonxoʻja oʻgʻli. — Esimda, u kishi hayot bilan vidolashar chogʻda menga “Oʻgʻlim, Oʻzbekiston albatta, istiqlolga erishajak. Sen borib uning tuprogʻini tavof etasan. Oʻshanda ona – yurtimga sen mening koʻzlarim bilan boq”, deya vasiyat qilgandilar. Allohga shukrki, shu kunlarni koʻrmoq nasib etdi.
Filologiya fanlari doktori, professor sifatida AQSHning Michigan universitetida uzoq yillar talabalarga taʼlim bergan bu insonning soʻzlarini tinglab, istiqlol, hurriyat qadru qimmatini yanada chuqurroq anglab yetasan, kishi.
Darvoqe, Xoʻja Gulrez koʻchasi 13-uyni Temurxoʻjaning bobosi, yirik savdogar Poʻlatxoʻja Karamatullohxoʻja 1860–1870-yillarda barpo etgan. Tashqi va ichki hovlidan iborat boʻlgan uy turli tashkilotlarga boshpana vazifasini oʻtagan. Keyingi paytda undan xususiy mehmonxona sifatida foydalanib kelinayotgandi.
Davlatimiz tomonidan bu qadimiy uyning taʼmirlanib, Jadidlar merosi muzeyiga aylantirilishi maʼrifatparvar insonlarni befarq qoldirmaydi, albatta. Negaki, ayrim yurtdoshlarimizda jadidchilik harakatiga oid manbalar, ashyoviy dalillar, qadimiy kitoblar boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Ularni taqdim etishsa muzey mazmunan boyiydi. Aytmoqchi, bizdagi maʼlumotlarga qaraganda, Temurxoʻja ham Istanbuldagi boy kutubxonasidagi kitoblarni shu muzeyga taqdim etish niyatini bildirgan.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Buxoro viloyatida ayni paytda 18 ta muzey faoliyat koʻrsatmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring