Buxoroda Kushon davriga oid devor qoldiqlari topildi

14:57 02 Iyun 2023 Madaniyat
2011 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Qariyb toʻrt yildirki, koʻhna Buxoro Shahristonida arxeologik qazishma ishlari olib borilmoqda. Bu masʼuliyatli, ayni damda sharafli yumushni Oʻzbekiston-AQSH qoʻshma arxeologik ekspeditsiyasi jamoasi oʻz zimmasiga olgan.

— Biz bu yerda viloyat hokimligining tegishli xati asosida YUNESKOning talablaridan kelib chiqqan holda arxeologik tadqiqot ishlarini olib borayapmiz, — deydi ekspeditsiya aʼzosi, Madaniy meros agentligi Ya. Gʻulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti kichik ilmiy xodimi Sirojiddin Mirzahmedov. — Oʻtgan davr mobaynida juda koʻplab topilmalarga duch keldik. Ular asosan antik davrdan boshlab XVIII–XIX asrlarga taalluqli topilmalardir. Otashparastlik davriga taalluqli, shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar davriga oid sopol qadoqlar, mis tangalar, koʻzalar, uy-roʻzgʻor buyumlari shular jumlasidan.

Bilasizmi, Buxoroning yurtimizdagi boshqa tarixiy shaharlardan yaqqol ajralib turadigan bir jihati bor. Shahar shu paytga qadar oʻz joyini oʻzgartirmagan. Hozir eski shahardagi istalgan hovlida qazishma ishlarini olib boring, kamida ikki ming yillik tarixga ega topilmalar chiqadi. Afsuski, bu holat arxeologik qazishma ishlarini olib borishni murakkablashtiradi.

Foto: “Xalq soʻzi”

— Haqiqatdan ham Buxoroda hayot bir lahzaga ham toʻxtab qolmagan, — deydi yana bir suhbatdoshimiz, Rossiya Federatsiyasi Ermitaj davlat muzeyi yetakchi ilmiy xodimi, arxeologiya fanlari nomzodi Asan Torgoyev. — Qurilish, bunyodkorlik ishlari asrlar osha davom etgan. Ekspeditsiyamiz erishgan muhim natijalardan biri bu Kushon davriga oid devor qoldiqlarining topilganidir. Shaxsiy fikrimcha, bronza davrida bu yerda dastlabki qishloqlar yuzaga kelgan.

Taʼkidlaganimizdek, ekspeditsiya oʻz ishini davom ettirmoqda. Koʻhna shaharning qoq yuragi sanalgan Shahriston hali oʻz bagʻrida ne-ne sinoatlarni yashirib yotibdi. Bu sir-sinoatlarning tagiga yetish, ularga ilmiy baho berish vaqt, katta kuch-shijoatni talab qiladi, albatta.

Darvoqe, Shahristondagi arxeologik qazishma ishlaridan soʻng bu yerda zamonaviy texnologiyalarni qoʻllagan holda “ochiq osmon ostidagi muzey” tashkil etish foydadan xoli boʻlmasdi. Chunki bunday boy tarixga ega goʻshalar nafaqat yurtimiz, balki dunyoda ham sanoqlidir.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?