Buxoroda ish boshlagan laboratoriyaning noyobligi nimada?
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxorodagi “Sanoat Engineering Invests” masʼuliyati cheklangan jamiyati negizida “Sanoatdagi chiqindi gazlar, oqova suvlari, tuproq strukturasining oʻzgarishi, atmosferaga tarqalayotgan mexanik aralashmalarni aniqlash laboratoriyasini tashkil etish“ tijoratlashtirish loyihasi ishga tushirildi. Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilgan bu loyiha 1 milliard 437 million soʻm miqdoridagi grant mablagʻi hamda tashabbuskorlarning 500 million soʻm miqdoridagi sarmoyasi evaziga hayotga tatbiq etildi.
— Statistik maʼlumotlarga qaraganda, bugungi kunda sayyoramizda turli xil yonilgʻilarni yoqish sababli yiliga 10,1 milliard tonna kislorod sarf boʻlayapti, — deydi loyiha rahbari Nurxon Toshov. — Qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlarning 70 foizi, chuchuk suvlarning 20 foizi oʻzlashtirilmoqda. Oʻrmonlar yil sayin kamayib boryapti. Choʻllashish jarayoni kuchaymoqda. Ana shular oqibatida havo harorati yil sayin koʻtarilib, iqlim oʻzgarishi kuzatilmoqda. Aholi sonining oʻsishi, sanoatning rivojlanishi, elektr energiyasining 80 foizi anʼanaviy uglevodorod xomashyosi vositasida ishlab chiqarilayotgani ham atrof-muhitga oʻz taʼsirini oʻtkazmay qoʻymayapti.
Yana bir gap. Maʼlumotlarga koʻra, hozir mamlakatimizda har yetti kishiga bittadan avtomobil toʻgʻri kelmoqda. Bu yurtimiz koʻchalarida 4 milliontadan ziyod avtomashina harakatlanyapti, deganidir. Shundan 70 foizi siqilgan yoki suyultirilgan gazda yuradi. Vaholanki, ularning dvigatellaridan chiqadigan gazlar tarkibida 300 dan ortiq zaharli birikmalar bor. Koʻmir, neft, torf kabi yer qaʼridan olinadigan moddalarning yoqilgʻi sifatida ishlatilishi ham tabiiy muvozanatning buzilishiga olib kelyapti. Binobarin, bu loyihaning amalga oshishi atrof-muhitga, flora va faunaga, odamlar salomatligiga, muhandislik- texnika inshootlariga yetkazilayotgan zararni yumshatishga xizmat qiladi. Boshqacha aytganda, chiqindi gazlar, oqova suvlar, yer osti suvlari, atmosfera havosini chuqur tahlil qilish yuzaga kelgan muammolarga yechim topish imkoniyatini yaratmoqda. Zero, mazkur laboratoriya dunyoning yetakchi davlatlaridan xarid qilingan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan. U yuqori sifat va aniqlikda, kompleks tarzda ishlay olishi bilan kamyob sanaladi. Bu yerda yiliga 5 mingtagacha tahlil oʻtkazish imkoniyati bor.
— Loyihaning afzalliklari haqida uzoq toʻxtalish mumkin, — deya davom etadi suhbatdoshimiz. — Biz bu oʻrinda yana bir narsani taʼkidlash bilan cheklanmoqchimiz. Bilasiz, yurtimizda ichimlik suviga va uning sifatiga talab katta. Ob-hayotni tadqiq qilish orqali uning tarkibidagi kalsiy, magniy, sulfat va xlorid anionlari miqdori aniqlanadi. Biz bergan tavsiyalar asosida ichimlik suvining qattiqlik darajasini 35 – 40 foizga kamaytirishga erishish mumkin.
“Sanoat Engineering Invests” masʼuliyati cheklangan jamiyati ayni damda respublikamizdagi 20 dan ziyod neft va gaz, kimyo sanoati, mahalliy ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Eʼtiborlisi, bu yerda oliy taʼlim muassasalari talabalarining amaliyot oʻtashlari, tajriba ishlarini olib borishlari uchun ham sharoit mavjud. Zamonaviy laboratoriya markazida koʻzda tutilganidek, 6 ta emas, 12 ta ish oʻrni yaratilgani esa uning istiqbolli loyiha ekanidan darak beradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring