Buxoroda “Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot – kutubxona resurslari” XVI Xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda
Buxoro shahrida “Central Asia – 2023: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot – kutubxona resurslari” XVI Xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tayapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Buxoro viloyat hokimligi hamda bir qator vazirlik va muassasalar hamkorligida tashkil etilgan bu nufuzli anjumanda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Belarus, AQSH, Rossiya Federasiyasi, Turkiya kabi qator davlatlarning vakillari, respublikamizdan esa 400 nafar mutaxassis ishtirok etmoqda. Unda shuningdek, bir guruh xorijiy mutaxassis, soha ekspertlari onlayn tarzda qatnashishayapti.
Tadbirning “Yoshlar markazi”da bo‘lib o‘tgan ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori A. Xodjayev, Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov, M. F. Axundov nomidagi Ozarbayjon Milliy kutubxonasi direktori, professor Kerim Tahirov, Moskva davlat madaniyat instituti rektori Yekaterina Kudrina va boshqalar so‘z olib, ushbu forum zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlanib borayotgan davrda axborot – kutubxona, arxiv ishi, nashriyotlar faoliyatini yanada ravnaq toptirish, kitobxonlik madaniyatini oshirishda o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirishda o‘ziga xos maydoncha vazifasini o‘tashini ta’kidladilar.
Anjumanda ta’kidlanganidek, ayni vaqtda zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan O‘zbekiston Milliy kutubxonasi huzurida 14 ta viloyat, 186 ta tuman va shahar axborot kutubxona markazi faoliyat yuritmoqda. Turli vazirlik hamda tashkilotlar tizimida esa 12, 517 ta axborot – kutubxona muassasasi bor. Foydalanuvchilarga 21 ming nafardan ziyod mutaxassis xizmat ko‘rsatyapti.
- Ushbu nufuzli anjumanga ilk bor ishtirok etayapman,- deydi M. F. Axundov nomidagi Ozarbayjon Milliy kutubxonasi direktori, professor Kerim Tahirov. - Tadbir dasturidan sohamizga oid dolzarb mavzular o‘rin olgan. Binobarin, juda qiziqarli ma’ruzalarni tinglab, taqdimotlar o‘tkazib o‘zaro tajriba almashamiz. Bu xalqaro konferensiyadan barchamiz, xususan, Buxoro viloyat axborot –kutubxona tizimi yutadi, degan fikrdaman. Negaki, madaniyatlararo muloqot, ishni tashkil etishdagi ilg‘or tajribalarni o‘zaro baham ko‘rish professional mutaxassis darajasiga yetish sari yo‘l ochadi.
- Ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan uydirmalar, soxta ma’lumotlardan foydalanuvchilarni ishonchli muhofaza qilishda kutubxonachilarning roli juda katta,- deydi yana bir suhbatdoshimiz, Moskva madaniyat instituti qoshidagi madaniy tadqiqotlar markazi direktori, pedagogika fanlari doktori, professor, Rossiya Federasiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Nataliya Gendina. - Jamiyat taraqqiyotini kitob o‘qish madaniyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ushbu anjumanga esa biz har gal xuddi imtihon topshirishga kirgandek kelamiz. Chunki insoniyatning bebaho ma’naviy merosini asrab – avaylash, uni kelgusi avlodlarga yetkazish, qolaversa, yosh avlod ta’lim – tarbiyasi yo‘lida soha xodimlarining oldida turgan mas’uliyat juda katta.
Ta’kidlash joizki, an’anaviy xalqaro anjumanga Buxoro ikkinchi bor mezbonlik qilmoqda. Bunda ham ma’joziy ma’no bor. Bu qadimiy shahar azal – azaldan madaniyat va ma’rifat beshigi bo‘lib kelgan. Buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino o‘z asarlarida Buxoro hukmdorining boy kutubxonasidagi nodir kitoblarni mutolaa qilganini alohida ta’kidlab o‘tgan. Shu dalilning o‘ziyoq bu ko‘hna zaminda kitobga mehru muhabbat, kutubxonaga e’tibor juda katta bo‘lganini ko‘rsatadi.
Anjuman dasturidan nafaqat respublikamiz, balki chet el mutaxassislarining ham dolzarb mavzulardagi ma’ruzalari o‘rin olgan. Zero, tadbirdan ko‘zlangan maqsad fan, ta’lim, madaniyat va biznes sohalarida elektron axborot resurslarini rivojlantirish va qo‘llashda axborot – kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar va boshqa tashkilotlar faoliyatini kuchaytirish, kutubxona ishining muammolari, ularning innovasion rivojlanish yo‘llarini izlashdan iborat.
Konferensiyaning dastlabki ish kunida bir guruh soha xodimlarini “Axborot va kutubxona a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.
Anjuman doirasida shuningdek, “Kitob va mutolaa jamiyat taraqqiyotidagi strategik resurs” II Hamdo‘stlik forumi bo‘lib o‘tadi.
Xalqaro konferensiya 26 mayda o‘z ishini yakunlaydi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring