Buxoroda boʻlgan birinchi fotograf
Foto: Xalq so‘zi
U yoki bu xalq tarixini oʻrganishda moddiy manbalar katta ahamiyatga ega. Suratlar bundan istisno emas. Odamlar dastlab qoyatoshlarga, suyak va devorlarga, keyinchalik esa teri, qogʻoz va matolarga suratlar ishlashgan. Keyin insoniyat hayotiga toshbosma (litografiya), keyinchalik yozuv mashinkasi (tipografiya) kirib keldi. Odamzot ular orqali xayoliy bilimlarini moddiylashtirdi.
“Lahzani toʻxtatish” deb eʼtirof etilgan dastlabki fotosuratlar XIX asr boshidan tarqalgan boʻlsa, keyin rangli suratlar ixtiro qilindi. Moziyga nazar tashlasak, XIX asr oʻrtalaridan Turkiston oʻlkasiga sharqshunoslar, sayyohlar, elchilar hamda arxeologlar bilan birgalikda bir qancha rus va yevropalik fotograflar tashrif buyurishganini koʻramiz. Ular Oʻrta Osiyoda mavjud koʻplab tarixiy inshootlar va etnografiyaga daxldor manzaralarni kadrga muhrlashdi. Fotograflar uchun
U yoki bu xalq tarixini oʻrganishda moddiy manbalar katta ahamiyatga ega. Suratlar bundan istisno emas. Odamlar dastlab qoyatoshlarga, suyak va devorlarga, keyinchalik esa teri, qogʻoz va matolarga suratlar ishlashgan. Keyin insoniyat hayotiga toshbosma (litografiya), keyinchalik yozuv mashinkasi (tipografiya) kirib keldi. Odamzot ular orqali xayoliy bilimlarini moddiylashtirdi.
“Lahzani toʻxtatish” deb eʼtirof etilgan dastlabki fotosuratlar XIX asr boshidan tarqalgan boʻlsa, keyin rangli suratlar ixtiro qilindi. Moziyga nazar tashlasak, XIX asr oʻrtalaridan Turkiston oʻlkasiga sharqshunoslar, sayyohlar, elchilar hamda arxeologlar bilan birgalikda bir qancha rus va yevropalik fotograflar tashrif buyurishganini koʻramiz. Ular Oʻrta Osiyoda mavjud koʻplab tarixiy inshootlar va etnografiyaga daxldor manzaralarni kadrga muhrlashdi. Fotograflar uchun Buxoro amirlari, ularning saroylari, tarixiy obidalar, Buxoro yahudiylari, tabiati, etnografiyasi, savdo-sotigʻi, bayramlari, etnik qiyofasi, tarixi juda qiziq tuyulgan. Ularning noyob kadrlari orqali dunyo xalqlari Buxoro haqida yanada koʻproq, jonli maʼlumotlarga ega boʻlishgan.
Shu oʻrinda Buxoroda boʻlgan birinchi fotograf kim edi, degan savol tugʻiladi. U Anton Stepanovich Murenkodir. Bu fotosuratchi imperator Aleksandr II topshirigʻi bilan tashkil etilgan 117 kishilik ekspeditsiya tarkibida Buxoroda boʻlgan. Ekspeditsiya Orenburgdan Xiva va Buxoroga 1858-yil may-noyabr oylarida uyushtirilgan. Uning tarkibida sharq xalqlari tarixi bilimdoni P.I.Lerx, dunyoda birinchi samolyotni loyihalashtirgan, Orol va Amudaryoning dastlabki tasnifini bergan A. F. Mojayskiy, astronom K.V.Struve ham boʻlgan.Fotograf Anton Murenko oʻshanda 21 yoshda edi. Ekspeditsiya anjomlari orasida Murenkoning dagerrotip apparati va turli instrumentlari uchun 6 ta javon ajratilgandi.
Ekspeditsiyaning asosiy maqsadi Amudaryoda savdo ishlarini olib borish, Xiva xoni va Buxoro amiri bilan savdo shartnomalarini tuzish va hududda inglizlarning taʼsirini kamaytirishdan, shuningdek, rus mahbuslarini ozod qilishdan iborat edi. Pirovardida ekspeditsiya oʻz maqsadlariga erishdi.
Safardan qaytgach, Anton Murenko Saratovda fotoatelye ochdi.

Fotografning olgan 28 ta fotosurati 38x30 sm oʻlchamli albom shaklida saqlangan. Albomga jigarrang jild qilingan boʻlib, unga «Orenburgdan Xiva orqali Buxoroga. Leytenant Murenkoning artilleriya rasmlari» soʻzlari bitilgan. Ushbu xizmatlari uchun Rossiya geografiya jamiyatining kumush medali bilan taqdirlangan. Hozirgi vaqtda ushbu albom Rossiya Fanlar Akademiyasi Moddiy madaniyat tarixi instituti fondida saqlanmoqda.Fotoalbomdagi ikki surat aynan Buxoroga tegishli boʻlib, ular “Mirza Fozil” va «Hukumat tomonidan 1858-yilda ozod qilingan Buxorodagi rus mahbuslari» deb nomlanadi.
31-avgustda Xivadan chiqqan elchilarni 19-sentyabrda amir tomonidan yuborilgan amaldor Mirza Fozil kutib oladi.Fotograf aynan shu amaldorning suratini olgan.Mirza Fozil musulmoncha oʻtirgan, qoʻllari yeng ichida, egnida paxtali chopon, ustidan yengil yaktak kiygan, soqol va moʻylov qoʻygan, boshida oddiy shodokadan salla oʻragan holatda aks etgan.

Darvoqe, Buxoro amiri ekspeditsiya aʼzolarini yaxshi qabul qiladi.Ekspeditsiya rahbari Ignatev amirga boj miqdorini kamaytirish, ruslar uchun alohida karvonsaroy ajratish, rossiyalik mahbuslarni ozod qilish kabi taklif va shartlarni bildiradi.Qurol, soatlar, durbin va boshqa sovgʻa- salomlarni taqdim qiladi. Amir Nasrullo ularni ziyofatda xushnud kutib oldi va barcha shartlariga roziligini bildirdi.
Shu oʻrinda asirlar masalasiga oydinlik kiritish maqsadga muvofiq.Buxoro va Xivaga rus asirlari asosan Qozon, Ufa, Simbirskdan boshqird, qalmiq va xivalik savdogarlar tomonidan keltirib sotilgan. Ularning aksariyati oddiy dehqon va harbiylardan iborat boʻlishgan.Ekspeditsiya jami 11 kishini - rus asirlarini oilalari bilan ozod qiladi.Ular orasida islom dinini qabul qilganlar ham bor edi. Ignatev shriftlangan maktubida qolishni istaganlarga ruxsat berganini va 11 kishidan 8 kishi amir piyoda qoʻshinlari xizmatida boʻlganligini ham bildiradi.Fotograf Anton Murenko aynan shu tutqunlarni suratga olgan.

Amir 27-oktyabr erta tongda elchilarni joʻnatarkan, ularning barchasini sovgʻalar bilan siylaydi.Chunonchi, Ignatevga argʻumoq, Kashmir gilami, shoyi xalat va belbogʻ, qolganlarga shoyi va chit xalatlar tuhfa qilinadi. Rossiya bilan doimiy aloqalarni olib borish maqsadida ular bilan Najmiddin xoʻja toʻqsaboni Rossiyaga elchi sifatida yuboradi.
Umuman, 1858 - 1920-yillar oraligʻida Buxoroda qirqqa yaqin sayyoh-fotograflar kelishgan. Ushbu fotograflardan baʼzilari, deylik, D.Yermakov, N.Orde, Pol Nadar, Leon Barshevskiy, O.Olufsen, P.Gorskiylar alohida kolleksiya yaratishdi.
Shunga qaramay Murenkoning fotosuratlari nafaqat Buxoroda, balki Oʻrta Osiyoda ilk fototasvirlar boʻlib qoldi.
Oʻktamali Ravshanov,
Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi
Tarix ilmiy boʻlimi mudiri
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
- “Doha — Qatarning yuragi, tungi ritmda urib turgan shahar”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring