Buxoroda 500 AQSH dollari evaziga universitetga ishga kiritib qoʻymoqchi boʻlgan ayol qanday jazo oldi?

11:54 25 Noyabr 2022 Jamiyat
430 0

Illustrativ foto

Buxoro shahridagi maktablardan birida mehnat qilayotgan Nargiza Bahodirova (ism – sharifi oʻzgartirilgan) durustroq maosh olish ilinjida Buxoro davlat universitetiga ishga joylashmoqchi boʻldi. Bir tanishi orqali «Gulnoz Gulyamova» degan ayolning telefon raqamini oldi. Bu yumushga aynan shu ayol yordamlashishi mumkin emish. Oʻz navbatida G. Gulyamova “xolis” xizmati uchun 500 AQSH dollari soʻradi.

Asl kasbi psixolog boʻlgan N. Bahodirovaga, afsuski, kasbiy tajribasi yordam bermadi. Aks holda hech qayerda ishlamayotgan, ilgari ham jinoiy ishi uchun sudlangan bu ayolning asl qiyofasini bilib olgan boʻlur edi. Qolaversa, oʻqimishli, oʻzini ziyoli sanaydigan ayrim kishilar nega kimlarningdir vositasida “yogʻliroq” ishga joylashish mumkin deb oʻylashadi? Mana shu jihat xavotirli, albatta.

Keling, mavzuga qaytaylik. N.Bahodirova 400 dollar miqdoridagi naqd pulni berdi. Tyuterlik lavozimiga ishga joylashtirganidan soʻng qolgan 100 AQSH dollarini berishini aytdi. Shundan keyin saytga oʻzining pasport va diplom nusxalarining elektron shakllarini tyuterlikka ishga qabul qilinishi uchun joylashtirdi. Ammo ushbu sayt orqali ish staji ikki yildan kam boʻlganligi sababli tyuterlikka qabul qilinmasligi toʻgʻrisida javob keldi. Ishga kira olmasligiga koʻzi yetgan N. Bahodirova G. Gulyamovadan pulni qaytarishni soʻradi. Firibgar ayol esa uzoq vaʼdalardan soʻng nihoyat pulni bir tanishi orqali yetkazayotgan pallada jinoiy qilmishi huquqni muhofaza qilish idorasi xodimlari tomonidan fosh etildi.

Yaqinda jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudida mazkur jinoiy ish atroflicha koʻrib chiqildi.Sudya N. Sharopov raisligida oʻtkazilgan sudda Gulnoz Gulyamovaga ikki yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?