Buxoro shahrida bayram arafasida yangi avtobuslar qatnay boshlaydi

15:43 01 Dekabr 2023 Jamiyat
393 0

8-dekabr — Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi bayrami arafasida Buxoro shahri koʻchalarida yangi zamonaviy avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda. Gap shundaki, viloyatga “Progress mega trans” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 20 ta avtobus olib kelindi.

Har birining narxi 64 ming AQSH dollari boʻlgan bu avtoulovlar Xitoyning “Zhang Tong“ kompaniyasi mahsuloti boʻlib, atrof-muhitga juda kam miqdorda zararli gaz chiqaradi. Ularda yoʻlovchilarning bexavotir manzilga yetib olishlari uchun zarur barcha qulayliklar yaratilgan.

— Avtobus saloni 30 yoʻlovchiga moʻljallangan, — deydi korxona haydovchilaridan biri Jasur Esanov. — U kuzatuv kameralari bilan taʼminlangan. Oynalari quyosh nuridan muhofaza qiladigan plyonkalar bilan qoplangan. Yana bir jihati, isitish va sovitish tizimiga ega. Bu yozi oʻta issiq keladigan yurtimiz iqlim sharoiti uchun ayni muddao.

Viloyatning bir guruh nuroniylari, mahalla faollari mazkur zamonaviy avtobuslarda shahar boʻylab sayru sayohat qildilar.

Yangi avtobuslar davlatimiz rahbarining “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida xarid qilindi. Ular bayram arafasida, aniqrogʻi 5 dekabrdan Buxoro shahri koʻchalari boʻylab muntazam harakatlana boshlaydi.

Kelgusi yilning iyuliga qadar viloyatga yana shunday yana 80 ta avtobus olib kelish koʻzda tutilgan.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?