Buxoro amiriga shart qo‘ygan usta

11:39 01 May 2023 Madaniyat
3357 0

Buxoro amirining yozgi saroyi sanalgan Sitorai Mohi Xossada 700 dan ziyod eksponat mavjud. Ularning har biri xalqimiz tarixi, madaniyatining ajralmas bir bo‘lagi sifatida qadrli. ”Sitorai Mohi Xossa”- xalq amaliy bezak san’at muzeyi joylashgan bu go‘shaning xususan, “Oq uy” (“Xonai safed”)i boshqacha. 

Uni 1912 – 1914 yillarda Usta Shirin o‘z shogirdlari bilan qurib, pardozlagan. E’tiborli jihati shundaki, o‘sha paytga qadar ganchkorlikda “zaminkor pardoz”, “tabaqa pardoz” kabi jami besh xil uslub bor edi. Usta Shirin esa hech kim yurmagan yo‘ldan boradi. Oynapardoz uslubini yaratadi. Ya’ni devorlardagi oynaning ustida ganchdan bezak beradi. Natijada juda go‘zal va betakror manzara hosil bo‘ladi. Bu go‘zallikdan mana yuz yildan oshibdiki, ming – minglab sayyohlar bahra olib, mumtoz san’atimiz moʻjizasidan hayratga tushayaptilar.

- Aytishlaricha, o‘ziga yozgi saroy qurdirish fikriga kelgan Amir Olimxon Usta Shirinning mahoratidan xabar topib, uni huzuriga chorlaydi,- deydi ”Sitorai Mohi Xossa”- xalq amaliy bezak san’at muzeyi direktori Suhrob Salimov. - Unga bo‘lajak saroyga dunyoda o‘xshashi yo‘q bezak ishlarini bajarish topshirig‘ini beradi. Shunda usta rozilik bildirib, bir shart qo‘yadi. “Bezak ishlari tugamagunga qadar “Oq saroy”ga hech kim kirmasligi kerak”, deydi. Amir bu shartga ko‘ngach, Usta Shirin o‘z qavatiga qirqqa yaqin shogirdlarini olib ishga kirishadi. Gap shundaki, usta va shogirdlari har birining ganchkorlikda o‘z uslubi bo‘lgan. Bir – birini takrorlamagan. Kishidan benihoya katta sabr – toqat, qunt,nozik did, mahorat talab qiladigan hunar ortidan yaxlit oyna ustida 100 ming bo‘lakdan iborat naqshinkor manzaralar yaratilgan. 

Voqealar rivojidan o‘zib aytish lozimki, Usta Shirin Murodov 1943 yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi unvoni bilan taqdirlangan,O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faxriy a’zosi etib saylangan. Zamona zayli bilan hech qayerda o‘qimagan, hayotdan saboq olgan bu yurtdoshimiz taqdiri butun boshli kitobga arzigulikdir. Biz faqat uning yoshligida otasidan judo bo‘lib, amakisi usta Hayot qo‘lida tarbiya topganini, binokorlik, ganchkorlik, rassomlikni mukammal o‘rganganini ta’kidlamoqchimiz, xolos. 

Buxorodagi o‘nlab qadimiy obidalarni asl holiga keltirishda, Toshkentdagi muhtasham inshootlarda ganchkorlik san’atining betakror namunalarini yaratishda jonbozlik ko‘rsatgan, butun boshli maktab yaratgan Usta Shirin Murodov 1957 yilda vafot etgan. 2001 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangan. 

Istam IBROHIMOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?