Bugungi ish tutumimiz qanchalik oʻzini oqlayapti?

15:48 24 Dekabr 2020 Jamiyat
1055 0

Fotо: Getty Images

“Bect group Betlis Textil"ning “Boʼston” trikotaj fabrikasi Zarbdor tumani Boʻston shaharchasidagi yengil konstruksiyali binosi 2019-yili qurilib, dastgohlar keltirildi hamda bir smenada ish tashkil etilib, 560 kishi foydali mehnatga jalb etildi.

Aslida, “Bect group Betlis Textil"ning bosh qarorgohi Toshkentda. Shuningdek, uning respublikamiz boʻylab 12 ta filiali mavjud.  Boʻstondagi fabrika — shulardan biri. Fabrika rahbari Shahin Oʻrxonning aytishicha, 2020-yilning oʻzida Navoiy viloyatining Karmana tumanida yana ikkita filial ochilgan. Reja boʻyicha Boʻstonda ham yana bichuv sexi, qoʻshimcha 560 oʻrinli tikuv sexi tashkil etish imkoni mavjud. Buning uchun barcha hujjatlar tayyor, dastgohlar bor, ammo... Fabrikada 456 xotin-qiz  ishlamoqda. 104 oʻringa   ishchi yetishmayapti.

— Siz kelib fabrika ochsangiz odam bosib ketadi, Boʻstonning oʻzida oʻn besh ming aholi yashaydi, ayollar yuz foiz ishsiz, deyishgan edi, — deydi kuyinchaklik bilan Oʻrxonbey. — Ammo biz hozir odam tashish uchun toʻqqizta avtobus yollashga majbur boʻldik. Avtobuslar hatto yetmish besh kilometr masofadagi Gʻallaorolning Lalmikor qishlogʻidan ham ishchilarimizni olib kelyapti. Toʻqqizta avtobusning har biriga har kuni 350 ming soʻm naqd pul toʻlashga majburman. Holbuki, Boʻstonning oʻzidagi xotin-qizlardan fabrika ishi ortmasligi kerak edi.

Fabrikada ish haqi yangi oʻrganuvchilar uchun 750 ming soʻmdan kam emas. Yaxshi, tajribali tikuvchilar esa 1 million 200 ming – 1,5 million soʻm atrofida maosh oladi. Jami ishlayotgan 456 kishining oylik maosh jamgʻarmasi 423 million soʻmni tashkil qiladi. Bu soliqlardan tashqari, qoʻlga tegadigani.  Har oyda jami 2,5 milliard soʻmlik yengil trikotaj  mahsulotlari ishlab chiqarilib, 100 foiz eksportga joʻnatilyapti. Xaridorlar, asosan, MDH davlatlari, shuningdek, Italiya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridan. Besh yillik  sakkizta shartnoma mavjud. Xomashyo esa Oʻzbekiston paxtasi. Tikilayotgan ayollar va erkaklar koʻylaklari  peshma-pesh olib ketilmoqda. Toʻgʻri, koronavirus pandemiyasi fabrikaga ham ancha pand berdi. Natijada yozgi kiyimlar uchun berilgan buyurtmalarni oʻz vaqtida bajarishning iloji boʻlmadi. Yoz oʻtib  ketgandan soʻng esa xaridor oʻz buyurtmasini olishdan  bosh tortdi.

— Agar, uncha-muncha fabrika boʻlganida bunday holatda bankrot boʻlishi aniq edi, — soʻzida davom etadi Shahin Oʻrxon. — Men hamisha ishchi kuchini saqlab qolish choralarini koʻraman. Fabrika byudjeti yoriqlarini berkitish uchun hamma choralarni koʻrishim mumkin, ammo ish haqi jamgʻarmasiga tegmayman. Xodimlarning ish haqi jamgʻarmasi — fabrikani ushlab qolishning asosiy oʻzagi. Qachonki xodim ish haqini oʻz vaqtida olib tursa, u ishini davom ettiraveradi, ishda uzilish boʻlmaydi. Natijada iqtisodiy qiyinchiliklar bilinmay oʻtib ketadi. Mana, hozir pandemiya tufayli oʻtmay qolgan mahsulotlarimizga buyurtma keldi va hammasi yana oʻz oʻrniga  tushyapti. Toʻgʻri, aksariyat ishchilarimiz oylik ish haqi kam, deya bizni ayblashadi. Ammo hozirgi imkonimiz bundan ortigʻini koʻtarmaydi. Uncha oylik beramiz, buncha oylik  beramiz, deya quruq vaʼdalar bilan ayollarni ishga jalb qilishimiz ham mumkin. Lekin bu taxlit  ish tutishning oxiri voy va bankrotlik. Shu sababli ishga qabul qilinayotgan har bir xodimga avval boshdan oʻz shartlarimizni tushuntiramiz. Ertalab fabrikaga ishga kirayotgan xodim qoʻl telefonini navbatchi qorovulga topshirishi shart. Bizda oʻn bitta boʻlim bor, har bir boʻlimga bittadan tajribali usta  masʼul va faqat ana shu ustalar qoʻlida telefon bor. Eng zarur hollarda tikuvchi-xodimlar shularning telefonidan  foydalanishi mumkin. E, nimasini aytasiz, fabrikaga telefoni bilan kirgan tikuvchidan foyda yoʻq. Ammo... iloj qancha, garchi ayrim qizlar, ayollar  “telefonni olib kirgani qoʻymas ekan, dam olgani qoʻymas ekan”, deya bizni yomonlab, ishga kirishdan qochsa ham, shunday yoʻl tutishga majburmiz. Chunki biz Yevropa davlatlari bilan shartnoma tuzganmiz, uni bajarish kerak. Shu sababli fabrikada ishlayotgan har bir xodimdan maksimal darajada foydalanamiz. Qay bir qishloqdan oʻndan ziyod qiz-ayollar ishga kelsa, avtobus qoʻyamiz. Uch-toʻrt nafar qatnaydigan boʻlsa, ularning taksi pullarini toʻlaymiz. Fabrikaning ichiga ertalab soat sakkizda kirgan xodim kech soat beshgacha hech yoqqa chiqmay  ishlaydi. Hozirgi qishli-izgʻirinli kunlari ham fabrika ichi  issiq. Ovqatlarimiz sifatli. Bugun, masalan, osh tayyorlanyapti. Xullas, xodimning oladigan maoshi yuz foiz oʻziga, oilasiga qoladi. Yoʻl xarajati, tushlik va boshqa xarajatlari — fabrika zimmasida.

Xoʻsh, unda muammo nimada?

— Bizda 99 foiz xotin-qizlar ishlaydi. Bichish, tikish, dazmollash, taxlash, eksportga tayyorlash — barchasi ular zimmasida. Aynan shular asosiy muammoimiz ham. Negaki, qizlarni ishga olasan, olti, toʻqqiz oy davomida ish oʻrgatasan. Buning barchasi qoʻshimcha mehnat. Ishni tez oʻrganadigani bor, qiynaladigani bor, mutlaqo uquvsizlari ham topiladi. Xullas, ishni oʻrgatganingdan soʻng bu qiz turmushga chiqib ketadi. Shu atrofga kelin boʻlsaku yaxshi. Uzoqqa ketsa, malakali darajaga yetkazgan mutaxassisning oʻrniga yana toʻqqiz oy davomida boshqasini tayyorlash kerak. Xullas, kadrlar muammosiga duch kelyapmiz. Bu yoqda eksport shartnomalari kutib  turmaydi.

Yaqinda  bir erkak keldi, xotinimni chaqirib beringlar, ish bor, olib ketishim kerak, deya toʻpolon qildi. «Balki u sening xotiningdir, lekin fabrikada u mening ishchim. Ish vaqti esa soat beshda tugaydi. Beshdan keyin xotiningga egalik qilasan, deya uning shashtini qaytardim. Bunaqa misollar juda koʻp. 

Xullas, ayollar ishlaydigan joyda qoʻnimsizlik masalasi dolzarb  va bunday muammolar hamisha boʻlgan, yana boʻlaveradi ham. Bunga koʻnikish va moslashish talab etiladi.

Tushunganimiz shu boʻldiki, Shahin Oʻrxon — haqiqiy biznesmen, ishlab chiqaruvchi. Koʻrinishi ham, kiyinishi ham oddiy. Bizdachi? Bizda biron joyga rahbar boʻlgan odam, eng avvalo, kiyimlarini yangilaydi, galstuk taqadi, viqor bilan yurishni va gaplashishni istaydi... Biz shunday yashab, shunday ishlab oʻrganganmiz. Tepadagi hokim yoki yuqori tashkilot hammasini taʼminlab berishini kutib oʻtiramiz... Xullas, ish yuritish tartibimiz eskirgan, judayam eskirib ketgan.

Yana bir gap. Fabrika hisobchisi Bahodir Tojiboyev yaqin kunlarga qadar tuman soliq boʻlimida  ishlar edi.

— Haqiqiy ish nima ekanini shu fabrikaga kelgandan soʻng tushunib yetdim, — deydi Bahodir. — Majlis degan narsa yoʻq. Na fabrika ichida, na tuman markazida. Yugur-yugur yoʻq. Gaz, suv, elektr energiyasi uchun toʻlovlar, soliqlar toʻxtovsiz onlayn tarzda toʻlab boriladi. Bankka borib, ishim bitarmikan, deb oʻtirmaysiz. Tashkilotma-tashkilot yugurmaysiz. Faqat oʻtirib ishlashing talab etiladi. Ertalab soat sakkizdan kech soat beshgacha. Keyin damingni olaver.

Bahodirning bu gaplarida katta maʼno bor. Bu narsalar biz uchun judayam noodatiy. Biz uzzukun majlislardan boʻshamaymiz. Keyin oʻzimizni ishchan koʻrsatish maqsadida yarim tungacha ishlagan kishi boʻlamiz. Axir, yarim tungacha  ishda yurgan odam  ertasi kuni qanday ishlaydi?!

Xullas, majlislarga yomon oʻrganganmiz. Hatto majlis oʻtkazmaslik toʻgʻrisida yana majlis qilamiz. Biznes qilaman degan odamga esa majlis kerak emas. Ayniqsa, Shahin Oʻrxon singari shaxsiy, xususiy biznes qilayotganlarga, besh yuzlab qiz-ayollarni ish bilan, ish haqi bilan, ish sharoitlari bilan taʼminlashni istaydiganlarning boshini majlislar bilan garang qilish mutlaqo mumkin emas...

Abulqosim MAMARASULOV, (“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер