Bugun Turkiyada motam kuni: 76 kishi halok boʻlishiga sabab boʻlgan yongʻinning soʻngi tafsilotlari. Shavkat Mirziyoyev qardosh xalqqa hamdardlik bildirdi

21-yanvar kuni Turkiyaning togʻ-changʻi kurortida joylashgan mehmonxonada sodir boʻlgan yongʻinning soʻnggi tafsilotlari ochiqlandi. Maʼlumotlarga koʻra, yongʻin oqibatida 76 kishi halok boʻlgan. Bu haqida BBC nashri maʼlumot berdi.
Taʼkidlanishicha, yongʻin Bolu shahrida joylashgan yogʻoch qoplamali 12 qavatdan iborat “Grand Kartal” mehmonxonasida sodir boʻlgan. Voqea vaqtida mehmonxonada boʻlgan 234 nafar insonlarning baʼzilari choyshablardan arqon yasab, derazalar orqali qochishga erishgan. Bir necha kishi esa derazadan sakrash natijasida halok boʻlgan.
Adliya vazirligi xabariga koʻra, yongʻinni oʻchirish uchun 12 soat vaqt ketgan. Mazkur voqea yuzasidan gumonlanib 9 kishi, jumladan, “Grand Kartal” mehmonxonasi direktori ham hibsga olingan.
Shahar gubernatori Abdulaziz Oydinning bayonotiga koʻra, yongʻin oʻchirish guruhi hamda mashinalarning noqulay ob-havo tufayli bir soat kechikishi natijasida yongʻinni oʻz vaqtida jilovlashning imkoni boʻlmagan.
“Mehmonxonaning rasmiy saytidagi suratlarda 2008-yildayoq oʻrnatilishi kerak boʻlgan avtomatik oʻt oʻchirish tizimi oʻrnatilmagani koʻrinib turibdi”, — deyiladi Turkiya kasaba uyushmasi xabarida.
Yongʻindan omon qolgan odamlarning soʻzlariga koʻra, mehmonxona binosidagi favqulodda chiqish yoʻlaklari talabga javob bermaydi. Ularni qidirib topish ancha vaqtni oladi. Halok boʻlganlarning katta qismi shu kabi muammolarga duch kelganligi ehtimoli yuqori.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻan oʻzining “X”dagi sahifasida fojia munosabati bilan bir kunlik milliy motam eʼlon qilinishini hamda Turkiya bayrogʻi chorshanba kuni quyosh botguncha yarim balandlikka tushirilishini maʼlum qilgan.
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻanga Turkiyaning Bolu muzofotidagi togʻ-changʻi kurortida yuz bergan kuchli yongʻin oqibatida koʻplab insonlar qurbon boʻlgani va jiddiy jarohat olgani munosabati bilan hamdardlik yoʻlladi.
“Qardosh Turkiya yetakchisi va xalqiga chuqur taʼziya izhor etib, davlatimiz rahbari marhumlarning oila aʼzolari va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik, jabrlanganlar tez fursatda sogʻayib ketishini tiladi”, — deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring