Bugun otlar, fillar qurbon boʻladigan kun. Budapeshtdagi eng muhim kunda Oʻzbekiston Hindistonga qarshi saf tortadi

10:02 20 Sentyabr 2024 Sport
1067 0

Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Butunjahon shaxmat Olimpiadasi davom etmoqda. Bugun, 20-sentyabrda, 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasidagi eng muhim uchrashuvda Oʻzbekistonlik shaxmatchilar hindistonlik shaxmatchilarga qarshi dona surishadi.

Qayd etish kerakki, ushbu uchrashuvdagi gʻalaba bizni chempionlikka yaqinlashtiradi. Olimpiadaning 9-turidan oʻrin olgan bahs prinsipial qarama-qarshilik boʻlishi aniq.

Bunga oʻziga yarasha sabablar bor. Birinchidan, Hindiston jamoasi 44-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida terma jamoamizga magʻlub boʻlib, chempionlikdan mahrum boʻlgandi. Eng muhim partiyada Nodirbek Abdusattorov Gukeshning otini yutib olgan va oʻyin tubdan oʻzgarib ketgan edi.

Ikkinchidan, garchi oʻzbek shaxmatchilari kuchli oʻyinlar koʻrsatayotgan boʻlsa-da, hindlarni jiddiy raqib sifatida qabul qilish kerak. Ular bekorda-bekorga 8 turda 8 gʻalaba qozonishmadi. 4 ta taxtasida ham super-grossmeyster oʻynashi ham jamoaning kuchidan dalolat beradi.

Oʻtgan turda nimalar boʻlgani ham ahamiyatli. 19-sentyabr kuni musobaqaning 8-tur uchrashuvlari boʻlib oʻtdi. Unda erkaklar terma jamoasi Serbiya bilan, qizlar jamoasi esa AQSH terma jamoasi bilan bahs olib bordi.

Erkaklar terma jamoasi qiyin bahsda Serbiyani 2,5 : 1,5 hisobida magʻlub etdi. Jamoaning uch aʼzosi durang qayd etdi va hal qiluvchi bahsda Nodirbek Abdusattorov teng vaziyatni yutuqqa olib bora oldi.

Oʻzbekiston — Serbiya 2,5:1,5

Nodirbek Abdusattorov — Aleksandr Predke 1:0;

Nodirbek Yakubboyev — Aleksey Sarana 0,5 : 0,5;

Javohir Sindorov — Aleksandar Injich 0,5:0,5;

Shamsiddin Vohidov — Velimir Ivich 0,5 : 0,5.

Afsuski, qizlar jamoasi 0,5 : 3,5 hisobida AQSHga yutqazdi. AQSH tarkibida boʻlgan Gulruhbegim Tohirjonova Oʻzbekistonga qarshi bahsda ishtirok etmadi.

Qizlar:

Oʻzbekiston — AQSH 0,5 : 3,5

Afroʻza Hamdamova — Vip Karrisa 0:1;

Nilufar Yakubboyeva — Irina Krush 0:1;

Umida Omonova — Alise Leye 0:1;

Nodira Nodirjonova — Anna Zatonski 0,5:0,5.

Ushbu gʻalabadan soʻng Oʻzbekiston erkaklar jamoasi 2-oʻringa koʻtarilib oldi. 8-turdagi magʻlubiyat sabab Oʻzbekiston qizlar jamoasi 25-pogʻonaga tushib ketdi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, agarda Oʻzbekiston shaxmat terma jamoasi turnirda gʻalaba qozonishni istasa, albatta, Hindistonni taslim etishlari shart. Aks holda ularni bizdan boshqa hech kim toʻxtata olmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер