Navoiyda “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy xalqaro simpoziumi oʻz ishini boshladi

16:04 08 Fevral 2025 Madaniyat
699 0

Temur ESHBOYEV/ “Xalq soʻzi”. Shu kunlarda dunyo jamoatchiligi gʻazal mulkining sultoni, butun turk dunyosi “shams ul-millat” — millat quyoshi deb, eʼzoz bilan tilga oluvchi, umrini turkiy til mavqeini koʻtarish, turkiy adabiyot imkoniyatlarini dunyoga tan oldirish, turkiy davlatchilik asoslarini mustahkamlashga, jamiyatda haqiqat va adolat mezonlarini qaror toptirishga bagʻishlagan atoqli shoir, davlat va jamoat arbobi Amir Nizomiddin Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligini nishonlamoqda.

Shoh misralari na makon va na zamon tanlamaydigan shoirning ijodidan bugun nafaqat turkiy olam, balki butun insoniyat bahramand boʻlib, har bir avlod uning asarlaridan yangi-yangi qirralarni kashf etmoqda.

Mustaqillik xalqimizga shoir ijodini tadqiq etish bilan birga hazratning asarlaridan ulkan maʼnaviy quvvat olish imkoniyatini yaratdi. Tadqiqot hadlaridan chegaralar olib tashlandi.

Mamlakatimiz rahbari 2016-yildayoq Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi viloyatda anʼanaviy Xalqaro konferensiya oʻtkazish taklifini ilgari surgan edi. Shu asosda 2017-yildan buyon ushbu anjuman oʻtkazib kelinadi.

Davlatimiz rahbari Navoiy viloyatiga oʻtgan yilgi tashrifida esa 2025-yilni viloyatda “Navoiy yili” deb atashni belgilab, ulugʻ mutafakkir shoir asarlarida teran ifoda topgan milliy va umuminsoniy gʻoyalarning ijrosini hududda taʼminlanishiga erishish, shu yoʻlda keng koʻlamli tadbirlarni amalga oshirish gʻoyalarini oʻrtaga tashladi.

Kuni kecha shu munosabat bilan Respublika Prezidentining “Buyuk shoir va mutafakkir Mir Alisher Navoiy ijodiy merosini yurtimiz va jahon miqyosida keng targʻib qilish hamda Navoiy viloyatida “Alisher Navoiy yili”ni yuqori darajada oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unda hazrat Alisher Navoiy merosini oʻrganish ishlarini yanada yuksak bosqichga koʻtarish maqsadida yurtimiz va chet ellarda tizimli asosda ilmiy izlanishlar olib borish va ularning natijalarini eʼlon qilish, ushbu mavzuda yangi ilmiy, badiiy va ommabop asarlar yaratish, xorijdagi navoiyshunos olim hamda ijodkorlarning asarlarini oʻzbek tilida nashr etish choralarini koʻrish bilan birga Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda buyuk bobomiz tavalludining 584 yilligi munosabati bilan mahalliy va xorijiy olimlar, ijodkor ziyolilar, keng jamoatchilik ishtirokida “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy IV xalqaro simpoziumi va navoiyxonlik tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazish vazifalari belgilangan.

Ushbu vazifalardan kelib chiqib, bugun Navoiy shahrida “Alisher Navoiy va Sharq renessansi” mavzusida anʼanaviy IV xalqaro simpozium oʻz ishini boshladi.

Anjumanda AQSH, Belgiya, Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Tojikiston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston kabi davlatlardan hamda mamlakatimizning taniqli navoiyshunos olimlari, yozuvchi va shoirlar, jamoat arboblari ishtirok etishmoqda. Simpozium oldidan unda ishtiroki koʻzda tutilgan navoiyshunos olimlar taqdim etgan ilmiy maqolalar va tadqiqotlarning uch tomdan iborat toʻplami nashr etildi.

Simpozium Navoiy shahridagi Maʼnaviyat va maʼrifat maskanida “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi” anʼanaviy xalqaro ilmiy-nazariy simpoziumining yalpi majlisi bilan boshlandi.

Mamlakatimiz Prezidentining “Alisher Navoiy va Sharq Renessansi IV Xalqaro simpoziumi ishtirokchilariga” tabrigini Respublika Prezidentining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov oʻqib eshittirdi. Shundan soʻng Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov ishtirokchilarni yuksak maʼrifiy-maʼnaviy anjuman bilan qutlab, mamlakat rahbari qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash navoiyliklar uchun yuksak masʼuliyat va sharaf ishi ekanligini taʼkidladi.

Shuningdek, anjumanda soʻzga chiqqan AQSH va Turkiya, Ozarbayjon va Tojikiston davlatlaridan kelgan taniqli navoiyshunos olimlar hazrat Alisher Navoiy dahosi umuminsoniyat mulkiga aylanganini taʼkidlab, shoir ijodini tadqiq etishda bu kabi anjumanlarning oʻrni nihoyatda muhimligiga eʼtibor qaratishdi.

— Alisher Navoiy oʻn beshinchi asrda turkiy olamni yakka adabiy muhitga birlashtirgan edi, — dedi Anqara shahridagi Boshkent universiteti professori, Alisher Navoiy nomidagi tadqiqotlar amaliy markazi direktori Abdurrahman Guzel, — Bugungi kun voqeligida Oʻzbekiston Prezidenti butun dunyo navoiyshunosligini yagona manba atrofiga birlashtirdi. Men ushbu xalqaro anjumanning ikkinchi oʻtkazilishida ishtirok etib, olgan taassurotlarim samarasi oʻlaroq universitetimiz rahbarlari oldiga Alisher Navoiy nomidagi tadqiqotlar markazini tashkil etish fikri qoʻygan edim. Bugun ushbu markazimizda 9ta shoʻba ish olib bormoqda.

Anjumanda navoiyshunoslik yoʻlidagi fidokorona xizmatlari uchun Anqara shahridagi Boshkent universiteti professori, Alisher Navoiy nomidagi tadqiqotlar amaliy markazi direktori Abdurrahman Guzel va Prinston universiteti professori(AQSH) Rizo Jaloliy Balxiy “Navoiy shahrining faxriy fuqarosi” unvoni topshirildi. Bir qator tadqiqotchilar tashkilotchilarning koʻkrak nishonlari bilan taqdirlandilar.

Kunning ikkinchi yarmida alohida dastur asosida viloyatdagi oliy oʻquv yurtlari, mahalla va ishlab chiqarish korxonalarida taniqli olimlar, ijodkorlar ishtirokida navoiyxonlik, adabiyot va kitobxonlik kechalari tashkil etildi. Shu kuni Oliy oʻquv yurtlarining yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektorlari ishtirokida respublika oliy oʻquv yurtlarida Alisher Navoiy ijodini oʻqitishni yanada takomillashtirish masalalariga bagʻishlangan ilmiy-amaliy seminar, shuningdek Navoiy davlat universitetida simpoziumining shoʻba yigʻilishlari oʻtkazildi.

Darhaqiqat, Navoiy shaxsi adabiyot olamida ulkan ummonki oʻrgangan sayin yangi-yangi qirralari ochilib boraveradi. Shu jihatdan anʼanaviylik kasb etgan ushbu anjuman shoir adabiy merosi ummonidagi dur-u gavharlarga yangi-yangi jilo beraveradi.

Simpozium ertaga oʻz ishini davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер