Bugun Namanganda 60-Xalqaro gullar festivaliga start beriladi

06:53 23 May 2021 Madaniyat
1715 0

Har bir koʻcha va xiyoboni, har bir hovlisi chamanzor tusini olgan Namangan ahli orziqib kutilgan nafosat bayramini shodu xurramlik bilan kutib olmoqda. Aytish kerakki, bu yil oltmishinchi bor nishonlanayotgan gullar saylining tadorigi har qachongidan oʻzgacha boʻldi. Ayniqsa, asosiy tadbirlar oʻtadigan Zahiriddin Muhammad Bobur nomli madaniyat va istirohat bogʻi chinakam bayram oshyoniga aylangan. Bu yerda oʻtqazilgan 10 million tupdan ortiq gul koʻchatlari oʻz jozibasi va ifori bilan dillarni tortadi. Yuzdan ortiq korxona va tashkilotlar, professional va havaskor gulchilar tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmalarga qarab toʻymaysan kishi-har biri alohida mazmun, manzaraga ega. Bugina emas, tayyorgarlik tadbirlari davomida butun shahar hududi gulu chechaklardan olovlandi.

Koʻhna va navqiron kent bugungi tongni oʻzgacha joziba bilan kutib oldi. Hademay xalqaro festivalning asosiy tadbirlari boshlanadi. Dasturga muvofiq katta saylga shaharning havo darvozasi – aeroport koʻchasida saflanadigan gullar bilan bezangan avtomashinalar karvoni harakati bilan start beriladi. Shahar koʻchalarini toʻldirib oʻtadigan karvonga jamlangan texnikalar soni 200 dan ortadi. Tinchlik stellasi hududida anjumanning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. Unda xorijiy davlatlar, mamlakatimiz poytaxti va viloyatlardan kelgan mehmonlar, viloyat jamoatchiligi vakillari ishtirok etadilar.

Toʻqqiz kun davom etadigan nafosat bayrami oʻziga keng miqyosli madaniy-maʼrifiy va koʻngilochar tadbirlarni qamrab olgani bilan ahamiyatga molik. Bogʻdagi gul koʻrgazmalari, sanʼatkorlar va sportchilarning badiiy chiqishlari, askiyachilar bahsi, milliy oʻyinlar va boshqa rang-barang tomoshalar nafaqat Namangan ahli, balki, bu yerga tashrif buyurgan barcha mehmonlarning koʻngliga olam-olam zavq olib kirishi tabiiy.

Maʼlumotlarga qaraganda, 60-Gullar festivali tomoshalaridan hammasi boʻlib yarim millionga yaqin kishi bahramand boʻlishi kutilmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер