Budapeshtda O‘zbekiston-Vengriya Ikkinchi rektorlar forumi bo‘lib o‘tdi
19 may kuni Vengriyaning poytaxti Budapesht shahrida O‘zbekiston-Vengriya oliy ta’lim muassasalari rektorlari II forumi o‘tkazildi. Xalqaro forumda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov boshchiligidagi OTM rektorlari, prorektorlari hamda mas’ul rahbarlardan iborat delegasiya ishtirok etdi.
Xalqaro anjumanni Vengriya Madaniyat va innovasiyalar vazirligi innovasiyalar va oliy ta’lim bo‘yicha davlat kotibi, professor Balázs HANKÓ kirish so‘zi bilan ochib, tashrif buyurgan mehmonlarni samimiy qutladi va ushbu forum ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini bildirdi.
– Avvalo, bizning ikki vazirligimiz maqsadlari mushtarakligidan mamnun ekanimizni izhor etmoqchiman. Shu o‘rinda universitetlarimiz xususiy sektor bilan yanada yaqinroq ishlashi kerakligi muhim. Hamkorlikda iqtidorli talabalarni ko‘paytirish orqali ikki davlat iqtisodiyotining rivojlanishiga erishamiz. Qo‘shma ilmiy loyihalarni ko‘paytirish, professional ta’limni rivojlantirish ham hamkorligimizning muhim qismi bo‘lib qoladi, – dedi Balázs HANKÓ.
O‘zbekiston tomonidan so‘zga chiqqan Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan rektorlarning birinchi forumi natijasida universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari sezilarli darajada kengayganini ta’kidlab, bu galgi forum ishida ham muhim kelishuvlarga erishilishini qayd etdi.
– Bugun O‘zbekiston-Vengriya o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovasiyalar sohalaridagi hamkorlik aloqalari jadallashib bormoqda. Shuni alohida qayd etmoqchimanki, so‘nggi yillarda Vengriya tomoni Vengriya hukumatining yillik stipendiyalari sonini 30 tadan 170 tagacha oshirdi. Albatta, biz buni Vengriya tomonining iqtisodiyotimiz uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qo‘shayotgan ulkan hissasi deb bilamiz, – dedi K. Karimov.
Shuningdek, anjumanda so‘z olganlar ikki davlat ta’lim sohasida hamkorlik aloqalari, uning yutuqlari va istiqbollari haqida to‘xtaldi. Forum ishiga muvaffaqiyat tilanib, ushbu nufuzli anjuman natijasi mamlakatlar o‘rtasida sohadagi aloqalarning jadallashuviga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Namangan muhandislik-texnologiya instituti, “Toshkent irrigasiya va qishloq xo‘jaligini mexanizasiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, Toshkent Davlat Sharqshunoslik, Texnika universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kabi 13 ta oliy ta’lim muassasalari rektorlari chiqishlar qildi.
Ta’kidlash joizki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi Birinchi rektorlar forumi 2021 yilda Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida bo‘lib, ushbu tadbir O‘zbekiston Vengriya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikning rivojlanishiga xizmat qilgan edi. Birinchi forum natijalarida imzolangan shartnomalar va memorandumlar asosida O‘zbekistonlik talabalar va doktorantlar Vengriyada tahsil olish va malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston–Vengriya qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovi ham ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim jihatlaridan bo‘lib, hozirda mazkur loyihalar uchun ikki mamlakat tomonidan teng miqdorda 1 mln yevrodan mablag‘ ajratilgan.
Kelgusida esa O‘zbekistonda Vengriyaning eng qadimgi universitetlaridan biri bo‘lgan Debresen universitetining filiali ochilishi kutilmoqda.
2018 yildan beri Vengriya hukumati har yili O‘zbekiston fuqarolariga stipendiyalar taqdim etib kelmoqda. “Stipendium Hungaricum” dasturi qisqa muddatlarda o‘zbekistonlik yoshlarning e’tiborini tortdi. So‘nggi yillarda Vengriya hukumati stipendiyalar sonini 6 baravarga oshirgani (30 tadan 170 tagacha) yoshlarimizning sifatli ta’lim olishlariga imkon yaratmoqda.
Hozirda O‘zbekiston Vengriya bilan hamkorlikda farmakologiya, farmasevtika va boshqa tibbiyot sohasidagi yo‘nalishlarda, shuningdek, ta’lim sohasiga innovasiyalarni joriy etishda, qishloq xo‘jaligi, suv resurslaridan foydalanish, zamonaviy biotexnologiyalar yordamida suvni sanat miqyosida tozalash, tomchilatib sug‘orish sohalarida eng so‘nggi texnologiyalar bo‘yicha bilimlarga ega mutaxassislar tayyorlashdan manfaatdor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Adliya vazirligi Epshteyn ishi boʻyicha 3 millionta faylni eʼlon qildi
- Tramp Kubadan kelayotgan tahdid sabab AQSHda favqulodda holat eʼlon qildi
- Oʻzlikni anglash sari muhim qadam: “Milliy qadriyatlar atlasi” kitob-albomi taqdimot qilindi (+video)
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Buyuk shoirning Samarqanddagi tabarruk izlari
- Urush, jasorat va sport: hafta davomida dunyo eʼtiborini tortgan 10 ta surat
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring