Britaniyalik mingdan ortiq shifokorlar evtanaziya haqidagi qonun loyihasiga qarshi chiqishdi

Illyustrativ foto
Buyuk Britaniyada mingdan ortiq tibbiyot mutaxassislari parlament aʼzolariga murojaat qilib, hozirda parlamentda koʻrib chiqilayotgan evtanaziya (davolab boʻlmaydigan kasallikka chalingan odam yoki boshqa tirik mavjudotning chidab boʻlmas azob-uqubatlardan xalos etish uchun hayotini tugatish amaliyoti. Uning faol va passiv, ixtiyoriy va ixtiyorsiz kabi turlari mavjud — tahr.)ni qonuniylashtirish toʻgʻrisidagi qonun loyihasiga qarshi ovoz berishni soʻradi.
Bu haqda “Sky News” telekanali xabar tarqatdi. Qonun loyihasida olti oydan kam umri qolgan, yashashga layoqati boʻlmagan bemorlarga hayotni tugatishda yordam berish taklif etiladi. Taʼkidlanishicha, faqat 18 yoshdan oshgan aqli raso odamlar evtanaziyaga murojaat qilishlari mumkin.
“Mingdan ortiq shifokorlar deputatlarga evtanaziya toʻgʻrisidagi qonun loyihasiga qarshi ovoz berishga chaqirib, buni bemorlar uchun ham, tibbiyot xodimlari uchun ham haqiqiy tahdid deb atadi”, — deyiladi telekanal xabarida.
Qonun loyihasi matni juma kuni uchinchi oʻqish uchun parlament quyi palatasiga qaytariladi va deputatlar 20-iyun kuni unga ovoz berishadi. Maʼqullansa, loyiha koʻrib chiqish uchun Lordlar palatasiga (parlamentning yuqori palatasiga) yuboriladi.
Biroq koʻplab shifokorlar, jumladan Britaniya imperiyasi ordenining hurmatli sohiblari ushbu qonun loyihasining qabul qilinishiga qarshi chiqishmoqda. Ularning fikricha, rasmiylar tibbiyot mutaxassislari, nogironlar va marginal guruhlar vakillaridan yetarlicha dalillarni eshitmagan. Shu bilan birga, hatto evtanaziya gʻoyasini qoʻllab-quvvatlovchi yoki unga betaraf boʻlgan baʼzi shifokorlar ham koʻrib chiqilayotgan matndan xavotirda.
Xususan, shifokorlar odamlarning qachon oʻz hayotini tugatishga majbur boʻlayotganini toʻgʻri aniqlay olmasligidan qoʻrqishadi. Evtanaziya huquqining qonun bilan mustahkamlanishi ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishi ham mumkin. Bundan tashqari, tibbiy prognozlar har doim ham toʻgʻri emas, shuning uchun bemorlar evtanaziyani tanlashlari mumkin, garchi ular yana koʻp oylar yoki yillar yashashi mumkin boʻlsa-da.
Evtanaziya toʻgʻrisidagi qonun loyihasi parlamentga 2024-yilning oktyabr oyida kiritilgan edi. Oʻsha yilning noyabr oyi oxirida britaniyalik deputatlarning aksariyati uni ikkinchi oʻqishda maʼqullagandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring