Britaniya tanklari Kurskda, Dohada muzokaralar va Mahmud Abbos Turkiyada (+video)

07:58 17 Avgust 2024 Dunyo
123 0

Dohada nima gap?

Dohadagi muzokaralar Gʻazoda qurbon boʻlgan falastinliklar soni 40 mingdan oshgani sababli mintaqaviy vaziyat kuchayishidan qoʻrquvlar fonida oʻtmoqda. Oq uy matbuot kotibi Jon Kirbi payshanba kuni Dohada Isroil, AQSH, Qatar va Misr rasmiylari ishtirokida muzokaralar olib borilayotganini maʼlum qilgan edi.

AQSH va mintaqaviy rasmiylarning bildirishicha, Gʻazo boʻyicha yangi boshlangan oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha muzokaralar bugun ham davom etishi kutilmoqda.

Muzokaralar mazmuni haqida jamoatchilikda maʼlumot kam boʻlsada jarayon may oyi oxirida AQSH yetakchisi Jo Bayden taqdim etgan sulh bitimini yakunlash uchun moʻljallangan.

AQSH tomonidan qoʻllab-quvvatlangan kelishuv urushni tugatish boʻyicha koʻp bosqichli saʼy-harakatlarni oʻz ichiga oladi, urushda olti haftalik tanaffusdan boshlab, Gʻazoda saqlanayotgan baʼzi isroillik asirlarni va Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarni ozod qilish imkonini beradi.

Ikkinchi bosqichda janglar butunlay tugatiladi va qolgan barcha isroillik asirlar ozod qilinadi. Kelishuvning yakuniy qismi Isroil hujumi natijasida vayron boʻlgan Gʻazo sektorini qayta tiklashdan iborat.

Falastin guruhlari kelishuv Isroil tajovuziga keng qamrovli chek qoʻyish, ishgʻolni toʻliq olib chiqib ketish, qamalni buzish hamda oʻtish joyini ochish, rekonstruksiya qilish, jiddiy mahbuslar almashinuviga erishishni oʻz ichiga olishi kerakligini aytdi.

HAMAS siyosiy byurosi aʼzosi Husam Badranning aytishicha, HAMAS Dohadagi muzokaralarga Gʻazoga qarshi urushni tugatish boʻyicha strategik istiqbol nuqtayi nazaridan qaramoqda. U guruhning muzokaralarda ishtirok etishini tasdiqlamadi.

Falastin guruhi odatda Isroil rasmiylari bilan yuzma-yuz muzokaralar olib bormaydi, lekin avvalroq vositachilar orqali bilvosita muzokaralar olib borgan.

AQSH rasmiylarining taʼkidlashicha, Dohada davom etayotgan muzokaralar avvalgi muzokaralar formatiga mos keladi, unda Qatar va Misr vositachilari Qatardagi Hamas rasmiylariga xabarlar yetkazadi va ular oʻz navbatida Gʻazodagi guruh rahbariyati, yaʼni Yahyo Sinvar bilan muloqot qiladi.

Ukraina Sudjani toʻliq nazoratiga olganini aytmoqda

Ukraina Rossiya hududiga dadil bostirib kirishda davom etar ekan, Moskva chegara mintaqasidan koʻproq aholini evakuatsiya qilmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat kuchlari Rossiya hududiga bostirib kirishi natijasida Kursk viloyatidagi Rossiyaning strategik ahamiyatga ega Sudja shahrini toʻliq nazoratga olganini aytdi. Shuningdek, u 5 mingga yaqin aholisi boʻlgan shaharda harbiy qoʻmondonlik idorasi tashkil etilayotganini ham maʼlum qildi. Sudjada Ukraina quvurlari orqali Yevropaga oqib oʻtadigan Rossiya tabiiy gazini oʻlchash stansiyasi mavjud.

Chorshanba kuni Rossiya rasmiylari Ukraina shaharni egallab olganini inkor etgan edi. “Hozir Sudjada Rossiya Mudofaa vazirligining boʻlinmalari ham bor, chunki dushman shahar atrofi va uning maʼlum qismlarida mavjud. Har kuni janglar boʻlib oʻtmoqda. Dushman Sudjani toʻliq nazorat qilishini daʼvo qila olmaydi”, deya general mayor soʻzlaridan iqtibos keltirmoqda TASS axborot agentligi.

Kursk gubernatori vazifasini bajaruvchi Aleksey Smirnov Ukrainaning hujumi ikkinchi haftaga kirgani sababli Sudjadan 45 km shimoli-gʻarbda joylashgan Glushkovo viloyatini evakuatsiya qilishni buyurdi. Evakuatsiya buyrugʻi Ukraina qoʻshinlari asta-sekin hududga yaqinlashayotganini koʻrsatmoqda. Rasmiylarning aytishicha, Kursk viloyatining 120 mingdan ortiq aholisi allaqachon koʻchirilgan.

Rossiya, shuningdek, Belgorod viloyatida federal darajadagi favqulodda holat eʼlon qildi. U yerdagi ogʻirlashayotgan vaziyat mintaqaning yordam yetkazib berish qobiliyatiga toʻsqinlik qilmoqda.

AQSH Oq uy matbuot kotibi Jon Kirbi payshanba kuni jurnalistlarga Ukrainaning maqsadlari haqida gapira olmasligini aytdi. Biroq u Vladimir Putin Ukrainaning Kursk viloyatidagi hujumidan xavotirda ekanligini qoʻshimcha qildi.

Buyuk Britaniya sovgʻa qilgan tanklar Kiyevning Rossiyaga bostirib kirishida ishlatilgan

Buyuk Britaniyadan sovgʻa qilingan Challenger 2 tanklari Ukraina tomonidan Rossiyaga kutilmagan bostirib kirishi doirasida foydalanilgan. Bu haqda Britaniyadagi manba tasdiqladi. Mudofaa vazirligi bu haqda aniq maʼlumot bermagan boʻlsada Ukraina Rossiyaning noqonuniy hujumlarida oʻzini himoya qilish uchun Britaniya yetkazib bergan qurollardan foydalanishi haqida eslatib qoʻygan edi.

“Biz uskunadan xalqaro qonunlarga muvofiq foydalanish kerakligini aniq aytganmiz”, degan vazirlik. Bu Ukrainaning hujumi paytida tankka qarshi raketalar, artilleriya, zirhli transport vositalari va Buyuk Britaniya sovgʻa qilgan boshqa qurollardan foydalanish mumkinligini anglatadi.

Biroq, Buyuk Britaniyaning “Storm Shadow” raketalari uchun istisno mavjud. Ular Rossiya ichidagi nishonlarga otilmasligi tushuntirilgan holda taqdim etilgan. Gʻarbning hech bir davlati Kiyevga uzoq masofali raketalaridan Rossiya ichidagi nishonlarga zarba berish uchun huquq bermagan. Zelenskiy esa bu cheklovlarni olib tashlash uchun bir qancha chaqiriqlar eʼlon qilgan.

Buyuk Britaniya Ukrainani Gʻarbda ishlab chiqarilgan asosiy jangovar tanklar bilan taʼminlagan birinchi davlatlardan biridir. 2023-yilda u Ukrainaga yozgi hujumda yordam berish uchun 14 ta Challenger 2 tankini taqdim etdi.

Shuningdek, Ukrainaning Rossiyaga soʻnggi hujumlarida AQSH, Germaniya qurollari ishlatilganligi aytilmoqda. Mamlakatlar ushbu qurollarga cheklov qoʻymagan.

Gʻarb harbiy ekspertlari Ukraina hujumining muvaffaqiyatini qoʻshinlarni zirhli texnika, artilleriya va tanklar bilan bir qatorda elektron urush hamda dronlardan foydalanganlikda deb biladi. Bu oʻtgan yilgi Ukrainaning mamlakat janubi va sharqida amalga oshirgan hujumida yetishmayotgan jihat edi.

Buyuk Britaniya Ukrainaga AQSH va Germaniyadan keyin eng yirik harbiy yordam donorlaridan biri hisoblanadi.

Mahmud Abbos Turkiyada nutq soʻzladi

Falastin prezidenti Mahmud Abbos Falastin maʼmuriyatining barcha aʼzolari bilan birga Gʻazo sektoriga borish niyatida ekanligini maʼlum qildi. Bu haqda u Turkiya Parlamentida qilgan nutqida aytib oʻtdi.

“Bizda boshqa yechim qolmadi. Shu munosabat bilan oʻzim va Falastin maʼmuriyatining barcha aʼzolari Gʻazoga borishga qaror qildik va biz buni amalga oshiramiz”, degan u.

Mahmud Abbos Turkiyaning Falastin xalqi qonuniy huquqlarini himoya qilish borasidagi pozitsiyasini yuksak baholagan. Uning taʼkidlashicha, Falastin xalqi oʻz yerlarini ozod qilish uchun kurashdan voz kechmaydi.

“Falastinliklar oʻz huquqlarini himoya qilishda davom etadi va oʻz yerini tashlab ketmaydi. Falastin xalqi bosqinchilarni oʻz yeridan albatta quvib chiqaradi. Xalqimiz nafaqat Falastinni himoya qiladi, balki butun mintaqada hukmronlik qilmoqchi boʻlgan sionistik harakatdan Islom ummatini himoya qilishda oldingi safda turadi. Qanday qilib xalqaro hamjamiyat Isroil tomonidan qochqinlar lagerlarida, jumladan, Gʻazo sektoridagi maktabda yuzdan ortiq odamlar oʻldirilgan, har kuni amalga oshirilayotgan qirgʻinlarga sukut saqlaydi? Xalqimiz qanday qilib boʻlsa ham, bosqinchilarni haydab chiqaradi. Gʻazo sektori, Gʻarbiy Sohil va Sharqiy Quddus mustaqil Falastin davlatini tashkil etuvchi geografik birlikning nomidir. Tinchlik va xavfsizlik sari yoʻl Falastindan boshlanib, Falastin bilan tugaydi”, degan Falastin rahbari.

Shuningdek, u Falastindagi barcha siyosiy kuchlarni birlashtirish zarurligini taʼkidlagan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер