Brejnev Toshkentdagi limonzorda nega hushidan ketgandi?

12:49 24 Iyul 2018 Jamiyat
2587 0
Illyustrativ foto

O‘zbek limonchiligining asoschisi Zayniddin Faxriddinov tomonidan yaratilgan limonzor bir paytlar mamlakatimiz bog‘dorchiligining ko‘rkiga aylangandi. Shu bois O‘zbekistonga tashrif buyurgan mehmonlar, albatta, Qibray tumanidagi o‘sha mashhur limonzorga tashrif buyurishgan. Ular orasida oliy martabali mehmonlar ham bo‘lib, xalq seleksionerining mehnatiga tasannolar aytishgan.

— Mehmonlarni kutib olishda singlim ikkalamiz doim ishtirok etardik, — deya eslaydi faxriy akademik Zayniddin Faxriddinovning qizi, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi Ra’no Xodjayeva. — Biz uchun bu jarayon bayramona tus olardi. Egnimizda atlas ko‘ylak, sochlarimiz chiroyli turmaklangan... Singlim mehmonlarga non-tuz olib chiqsa, men ularning qo‘llariga guldastalar tutqazardim.

Limonzorga fazogir Vladimir Jonibekovtez-tez tashrif buyurardi. U fazoga olib chiqilgan o‘zbek limonini birinchi bo‘lib tatib ko‘rganini to‘lqinlanib gapirib bergani haliyam ko‘z o‘ngimda.

— Aytishlaricha, Brejnev limonzorda hushidan ketgan ekan. Shu rosmi?

—O‘sha tashrif kechagidek esimda. Brejnev limonzorga Sharof Rashidov hamrohligida kirib kelgandi. Mashinadan tushib, shu yerda yig‘ilib turganlar orasidan otam bilan qo‘l berib ko‘rishdi-da, o‘zarosuhbatlashgancha, issiqxonaga kirib ketishdi. Bir mahal Brejnev bo‘shashgan alfozda chiqib keldi. Uning mazasi qochgan edi, ammo hushidan ketmagandi. O‘sha zahoti kimdir yugurib borib, bitta stul olib keldi. Brejnev o‘sha stulda bir oz tin olgandan so‘ng o‘ziga keldi.

Mening fikrimcha, ayrimlar o‘ylaganidek, unga issiqxonaning issiq va nam havosi emas, aksincha, limon gullari ko‘proq ta’sir qilgan. Chunki o‘shanda limonlar g‘uj-g‘uj gullagan edi. Bu paytda juda ko‘p miqdorda efir moylari ajralib chiqadi. Uning o‘tkir va xush bo‘yi har qanday kishini gangitib qo‘yishi mumkin. Limon guli tarkibida efir moylari nihoyatda ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun u kosmetika sanoatida o‘ta qadrlanadi.

Zayniddin Faxriddinov tomonidan “Zolotoye yabloko”, “Toshkent”, “Meyr” kabi limon navlari yaratilgan bo‘lib, ular serhosilligi, mevasining yirikligi, o‘zgacha mazasi bilan alohida ajralib turadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?