Bozorga yangi uzilgan qulupnay chiqarilmoqda

15:04 17 Yanvar 2024 Jamiyat
293 0

Kattaqoʻrgʻon tumanida qulupnay yetishtirish boʻyicha boy tajriba toʻplangan. Avvallari hududda yilda bir marta, faqat bahorda hosil olingan boʻlsa, hozirgi kunda dehqonlar qulupnayning yangi navlarini parvarishlab, kuz va qish oylarida ham qulupnay yetishtirish mumkinligini isbotladi.

Tumandagi Qumoq mahallasining yoshlar yetakchisi boʻlgan Mirmuhsin Doniyorov ishdan boʻsh vaqtlarida oilasi bilan qulupnay parvarishlab boshqalarga oʻrnak boʻlyapti.

— Hovlimizdagi 3 sotixli issiqxonada qulupnay parvarishlayapmiz. Mana qish fasli boʻlishiga qaramay hosilimiz pishdi, — deydi M. Doniyorov. — Qulupnayni mahalliy bozorlarimizga har 3-4 kunda olib chiqib, 150 mingdan 200 ming soʻmgacha sotyapmiz. Shu orqali 3 sotix issiqxonadan 20-25 million soʻm daromad kelyapti. Issiqxonada qulupnay yetishtirish ancha qulay. Tashqarida yerda ekilgan qulupnayga ishlov berish bir qator qiyinchiliklarni tugʻdirardi. Namga tegib turishi natijasida hosilning bir qismi chirib ketardi. Issiqxonada esa bu muammolar yoʻq, qulupnay koʻchatlari orasida birorta begona oʻt oʻsmaydi.

Ushbu mahallada yashovchi Bekzod Erniyozov moʻjazgina issiqxonasidan samarali foydalanib, bir vaqtning oʻzida qulupnay, pomidor, bodring va rediska yetishtirib, bozorga chiqarmoqda. “Qumoq” mahalla fuqarolar yigʻinida 2022-2023-yillarda 21,1 gektar yer aholiga auksion savdolar orqali ajratib berilgan edi. Yer egalari allaqachon “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida qulupnay yetishtirib, yaxshigina daromad olmoqdalar.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?