Bojxonachilar regbi koptogiga gashish yashirilganini fosh qilishdi
Bojxona chegaralari orqali giyohvandlik vositalarini yashirincha olib oʻtishning turli usul va nayranglariga koʻp bor guvoh boʻlganmiz. Ammo, bu gal Toshkent xalqaro aeroportida narkotik moddalarni olib oʻtish uchun qoʻllangan gʻayrioddiy usul ilgari uchramagan boʻlsa kerak.
Bojxona chegarasi orqali harakatlanayotgan yoʻlovchilarning shubhali xatti-harakatlari, bezovtalanishi, olib oʻtayotgan tovariga xos xususiyatlar – bularning barchasi bojxona xodimining kishi payqamas sinchkov nigohidan oʻtadi.
Masalan, regbi koptogi. Tan olish kerak, bu sport turi bizda unchalik ommalashmagani bois, sportga dahli yoʻq uncha muncha yoʻlovchi oʻzi bilan regbi koptogi olib kelmasligi, tabiiy.
Bir qarashda arzimaydigandek tuyuladigan mana shu kichik bir detalga bojxona xodimining alohida eʼtibor qaratgani navbatdagi bojxona qonunbuzilishini fosh qilishga sabab boʻldi.
2022-yil 16-oktyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida “Istanbul-Toshkent” reysi boʻyicha parvozini yakunlagan hamda bojxonadan “yashil” yoʻlak orqali harakatlangan yoʻlovchilardan biriga tegishli bagaj belgilangan tartibda koʻzdan kechirildi.
Natijada, bagajda, yuklar orasida krossovka ichida yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida qayd etilmagan va bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida ham maʼlum qilinmagan 33 dona elektron tamaki chekishga moʻljallangan ruchkasimon veyp qurilmasi hamda 32 dona ularni quvvatlovchi moslamalar borligi aniqlandi.
Ammo, bu hali hammasi emas! Yuklar orasida bojxona xodimlarini shubhalantirgan regbi koptogi ochib koʻrilganida esa uning ichida mato oʻramlari orasiga yashirilgan holda 3 turdagi 72 dona oʻzidan oʻtkir hid taratayotgan ampulalar borligi aniqlandi.
Mazkur ampulalardagi modda esa gashish moyi boʻlib, bu ularning qadogʻida ham aks ettirilgan.
Mazkur holatda toʻxtatib qolingan tovarlarning umumiy qiymati dastlabki hisob-kitoblarga 150 mln. soʻmdan oshmoqda. Ammo, bu narkotik moddalarning yetkazishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlari koʻlami oldida hech narsa emas.
Shu oʻrinda yana bir mulohaza – surishtiruvlar davomida ushbu narkotik moddalarni olib oʻtishga uringan shaxs bu oʻziga tegishli emasligini, birovning iltimosiga binoan olib oʻtayotganini bildirdi va buni tasdiqlovchi oʻzaro yozishmalarni ham taqdim qildi. Lekin, bu endi uni javobgarlikdan ozod etadimi? Albatta, yoʻq.
Fursatdan foydalanib, xorijga ketayotgan va yurtimizga qaytayotgan yurtdoshlarimizga murojaat qilamiz. Hech qachon begona shaxslarning iltimosiga binoan yoki moddiy manfaatdorlik evaziga oʻzgalarning yuklarini bojxonadan olib oʻtib berishga harakat qilmang.
Eslatib oʻtamiz, respublikamiz bojxonachilari tomonidan joriy yilning oʻtgan davri mobaynida aniqlangan 334 ta holatda 761 kg. ogʻirlikdagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy olib oʻtilishiga chek qoʻyilgan va bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan salkam 2,4 barobarga koʻp demakdir.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring