Bosh prokuraturada bayram munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

12:14 07 Dekabr 2022 Jamiyat
515 0

Bosh prokuraturada Konstitutsiya va Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan tantanali tadbir oʻtkazildi.

Unda prokuratura organlari, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi masʼul xodimlari, Bosh prokuratura Akademiyasi professor-oʻqituvchilari, Faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash jamoatchilik markazi hamda Jamoatchilik kengashi raislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Videoselektor shaklida oʻtkazilgan tadbirda, shuningdek, Kompozitorlar va bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullayev, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari bosh muharriri Oʻtkir Rahmatov, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabbarov hamda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmonlar ham qatnashdi.

Tadbirda Davlat madhiyasi jamoaviy joʻr boʻlib kuylandi.

Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev tadbirni kirish soʻzi bilan ochib, Konstitutsiya va Davlat madhiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi bilan barchani qutladi.

Davlatning Asosiy qonunini takomillashtirishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat taqdiri uchun favqulodda muhim boʻlgan, jurʼat, qatʼiy siyosiy iroda hamda oʻta ogʻir masʼuliyat talab etadigan jarayonligi, Konstitutsiyani tubdan yangilash ayni paytda yangi davlatni barpo etish kabi murakkab vazifaligi, buning uchun avvalo hayotiy zaruriyat va tabiiyki, tarixiy imkoniyat yuzaga kelishi kerakligi, Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida gʻoyat qisqa muddatda amalga oshirilgan tom maʼnodagi inqilobiy islohotlar mamlakatimiz uchun ana shunday imkoniyatni yaratganligi alohida taʼkidlandi.

Shu bilan birga, davlatimizning muhim ramzlaridan biri boʻlgan madhiyamiz xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchini oʻzida ifodalaganligi, unda mardona va sharaflarga boy oʻtmishimiz, milliy anʼana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuygʻular tarannum etilganligiga toʻxtalib oʻtildi.

Zero, Davlat madhiyasi yangraganda, uning ilk soʻzi jaranglaganda shu Vatan, shu xalqqa sadoqat va chuqur hurmat, mehru muhabbat bilan yashovchi har bir inson qalbida cheksiz gʻurur va iftixor tuygʻusi joʻsh uradi.

Madhiyamiz barchamizni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirishga xizmat qiluvchi, el-yurtga sadoqat, fidokorlik, Vatanni ardoqlashga daʼvat etuvchi timsol va buyuk bir kuchdir.

Tadbirda soʻz olgan taniqli olim, yozuvchi va shoirlar ham madhiyamiz barchamizni ezgu maqsadlar yoʻlida birlashtirishga xizmat qiluvchi, el-yurtga sadoqat, fidokorlik, Vatanni ardoqlashga daʼvat etuvchi timsol va buyuk bir kuchligini alohida eʼtirof etishdi.

Qayd etish joizki, xizmat vazifalarini vijdonan bajarib kelgan prokuratura organlarining xodimlari munosib taqdirlab kelinmoqda.

Bu safar ham 400 nafardan ortiq xodim “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoniga sazovor boʻldi.

Bundan tashqari, jinoyatchilikka qarshi kurashish va qonuniylikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshayotgan bir guruh xodimlar hamda mazkur tadbirga tashrif buyurgan, mamalakatimiz har jihatdan taraqqiy etishida oʻz yoʻnalishlarida faol boʻlgan mehmonlar ham Bosh prokuror tomonidan ragʻbatlantirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?