Bosh hujjat loyihasi xalq orasida qoʻllab-quvvatlanyapti

15:47 11 Aprel 2023 Siyosat
442 0

Kecha parlament delegatsiyasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatiga tashrifi boshlandi. Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Qoraqalpogʻiston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida kutib olindi.

Deputatlar guruhining tashrif dasturi juda boy boʻlib, saylovchilar, mahalliy Kengashlar deputatlari, jamoatchilik faollari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazishni oʻz ichiga oladi. Tadbirlarning asosiy mavzusi – 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston Konstitutsiyasini yangi tahrirda qabul qilish boʻyicha referendumga tayyorgarlikning borishi.

“Temurbeklar maktabi”da boʻlib oʻtgan birinchi uchrashuvda ishtirokchilar boʻlajak referendumning muhimligini taʼkidladilar. Mahalliy Kengashlar deputatlari yigʻilganlarning eʼtiborini Qoraqalpogʻistonda istiqomat qilayotgan fuqarolarning boʻlajak referendumga nisbatan yuksak kayfiyatiga, yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi xalq orasida qoʻllab-quvvatlanayotganiga qaratdi.

Hayotdan aniq misollar asosida mustaqillik yillarida hududda erishilgan natijalar, fuqarolarning turmush sharoiti sifat jihatidan yaxshilangani koʻrsatkichlari keltirildi.

Deputatlar “Nukus windows profil” MCHJ mehnat jamoasi bilan uchrashuv oʻtkazdi, ularning ish va turmush sharoiti bilan qiziqdi. Korxona xodimlari xalq vakillariga boʻlajak referendum yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ularga atroflicha javob oldilar.

Nukus shahrida deputatlarning Sarvinoz mahallasi fuqarolari bilan uchrashuvi ochiqlik va konstruktivlik ruhida oʻtdi. Mahalla fuqarolar yigʻinining aholi bilan oʻzaro hamkorligini takomillashtirish, ularga zarur maʼlumotlarni yetkazish, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash masalalari muhokama qilindi.

Deputatlarning fermerlar, xususan, Kegeyli tumani fermer xoʻjaliklari vakillari bilan oʻtkazgan uchrashuvlari ham samarali boʻldi. Qishloq xoʻjaligi klasterlari faoliyati atroflicha muhokama qilinib, ijro hokimiyati vakillari ishtirokida fermerlar tomonidan koʻtarilgan bir qator amaliy masalalar hal etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?