“Boʻlmasun har ne yozarsen kogʻazi illo binafsh”

16:03 27 Yanvar 2024 Madaniyat
273 0

Alisher Navoiy hazratlarining har bir asari ulkan ijod namunasi sifatida ul zoti sharifning maʼnaviy-maʼrifiy va mushohada olamining naqadar yuksak pogʻonada ekanidan guvohlik beradi. Kitobxon bir nafas tin olib, bu ummon tubida yashnoq sadaf qobigʻida yashirilgan durlarning oroyishiga maftun boʻlib, inju topgan gʻavvosdek shodlanib, moʻjiza sohibiga ofarin aytishi tabiiy.

Xususan, Alisher Navoiy ijodiyotida gʻazal salmoqli oʻrinni tashkil etadi. Gʻazal mazmun va shakl jihatidan bir butun qolipga solingan badiiy poetik yaxlitlik, aruziy qoidadan tarkib topgan, tugal gʻoyaviy mazmun jihatdan mukammal imorat. Tom maʼnoda, gʻazal nozik his-tuygʻularning noyob ifodasi yoxud ichki toʻfonning tashqi manzarasi, tasviri. Bizningcha, gʻazal bir shoda gavharga sayqal berilgan dur, ayni chogʻda tazhib qilingan soʻzlarning zar qutisi.

Bir gʻazal sharhi

Shu oʻrinda Alisher Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devoniga kirgan “binafsh” lafzi bilan bitilgan gʻazal tavsifiga eʼtiboringizni qaratishga jazm qildik:

Qilgʻali kiygan libosin ul buti zebo binafsh,

Vahki, yoqmas xotirimgʻa hech rang illo binafsh.

Sarvi raʼno hullamu kiymish binafsha bargidin,

Yo libosin aylamish ul chobuki raʼno binafsh?

Xushturur gar xilʼatin qilsa qaro yo savsaniy,

Kim quyosh mushkin bulutdin xush koʻrinur yo binafsh.

Ezdi jannat gullaridin rang naqqoshi qazo,

Sen kiyardek chunki boʻlmas dahr aro paydo binafsh.

To binafsh etmish toʻnin ul gul, borurmen hushdin,

Bogʻ aro har gulnikim koʻrsam meni shaydo binafsh.

Gul binafshazor aro tushgan kibi ul shoʻxning

Koʻnglagi volo binafshu toʻni ham kimxo binafsh.

Sabzada savsan yarashqandek muloyimdur base,

Shoʻxi sabzoranglarning rangiga debo binafsh.

Juz binafsha bogʻ aro gul ekmagil, ey bogʻbon,

Kim libosi rangini istar bizing Mirzo binafsh.

Boʻylakim, soqiy toʻnin qilmish binafsh ermas ajab,

Aksidin boʻlsa billurin sogʻari sahbo binafsh.

Charx rangomiz erur, koʻrma tafovut zinhor,

Ranglarkim, koʻrguzur koʻku yashildin yo binafsh.

Ey Navoiy, ul binafshapoʻsh gulning vasfida,

Boʻlmasun har ne yozarsen kogʻazi illo binafsh.

Haqiqatan moʻjizkalom bu satrlar hazrat Navoiyga xos yaratqi boʻlib, hech bir oʻzga gʻazal saroy shoirlar devonida nazm silkiga tortilgani maʼlum va margʻub emas. Illo, otashin soʻzlar tarovati ila muzayyan etilgan bu gʻazal tafti Iso damidek jonbaxsh ilohiy ishq sifatida oshiqlar ruhiga madad, dil toriga shavqu zavq, xasta koʻngillarga quvvat, bemorlarga muhabbat ato qilib kelayotgani ayni haqiqat.

Hazrat Navoiy xayolot charxida sarson, jilovsiz, hech bir makon va zamonga sigʻmaydigan ishq suratini haqiqiy borliq olami bilan bogʻlab, goʻzal tabassumi, yashnoq chehrasi ila boʻstonda boʻy taratgan husn, malohatda yagona binafsha siyrati vasfi orqali ishq shaydolarini diydor sayliga chorlaydi hamda binafsh ruxsorli yorning inja, hayratomuz, nozik, tamannoli ishva, shevalarini majoz, istiora, kinoyaviy vositalarda jonlantirib, ruh olamiga olib kiradi.

Eʼtibor bering: shoir birinchi baytning avvalgi misrasida zebo qomatli goʻzal yor kiygan kiyimini binafsh, yashildan qilganiga ishora etib, keyingi misrada esa xitob, hayrat bilan ajabo, xushki, mening xotirimga binafsha rangidan oʻzga rang, illo yoqmaydi, deb voqelikni boʻrttirib, zidlab, matlab bayoniga oʻtadi.

Ikkinchi baytda sarv qomatli raʼno, goʻzal “hullamu kiymish binafsha bargidin” deb, sarvi raʼnoning kiygan libosi binafsha bargli guldan ekaniga diqqatini qaratib, hayratlanadi va keyingi misrada ritorik soʻroq bilan “yo libosin aylamish” deb, “chobuki raʼno”ga xos feʼl-atvorni sifatlab, u ataylab libosini binafsh, yashil etganidan ajablanib, shubhaga boradi.

Uchinchi baytda mahbubga yuzlanib, agar u xilʼat libosi gar qora yoki savsaniy rangidan qilsa edi yaxshi, maqbul boʻlardi, qora mushkin bulut quyosh yuzini toʻsganda goh koʻrinib, goh yashirinib holati xush koʻrinadimi yo binafshnimi deb, binafshaning baxmaldek tarovatli siyoh-qirmiziy chiroyiga eʼtiborni tortadi. Baytda iyhom, tanosub, taqqoslash qoʻllanilgan.

Toʻrtinchi baytda aytadiki, naqqoshi qazo, yaʼni Parvardigori olam taqdir, qismatning yaratuvchisi, jannat gullaridan oʻz ijodi bilan rang tayyorlagan, chunki mahbub kiygan libos bu dahr, bu dunyoniki emas, azaliyat yaratqisi.

Beshinchi baytda ul gul, mahbub toʻnini boshdan-oyoq binafsh qilibdi, uni koʻrib hushimni yoʻqotdim, bogʻ aro qaysi bir gulni koʻrsam, xuddi binafshaga oʻxshataman va ular meni shaydo qiladi, deydi. Bu — istiora sanʼatining nafis namunasi.

Oltinchi baytda gul binafshazorga mos tushgani kabi, “ul shoʻx”ning koʻylagi mayin qimmatbaho ipakdan toʻqilgan binafsha rangli nafis matodan, toʻni esa binafsha gulli “kimxo”dan, deydi. Bu oʻrinda koʻnglak va toʻn, volo (ipakdan toʻqilgan mato nomi) va kimxo sinonim boʻlib, binafshaga nisbatan majoziy maʼnoda qoʻllanilgan. Tanosub, tamsil, qiyos, tashbihning jilolanishi.

Yettinchi baytda “sabza” soʻzi aslida yangi ungan giyoh, ammo bu oʻrinda gulzor maʼnosida ishlatilgan. Shoir gulzorda savsan tarovati nihoyat uygʻun, yoqimli, xush tushganidek, shoʻxi sabzoranglar (koʻchma maʼnoda goʻzallar)ning rangiga debo — harir qimmat baholi kiyim binafsha rangli ipak yuzli sanamga oʻta mos, loyiq koʻrinish beradi, deb tasvirlaydi. Bu oʻrinda shoir soʻz qoʻllashda mahorat koʻrsatgan. “Shoʻxi sabzorang” izofali birikma esa baytda poetik ruh, boʻrtiriqli komponent, maʼno birligi. Ifodaning yuksak zinasi. Bu baytda ikki manzara mavjud, biri chamanda gullarning yoqimli tebranishi boʻlsa, keyingisi shoʻx goʻzal yor, mahbublarning sabzorang kiygan libosi gulzordagi gullar bilan hamrang ekaniga nisbat berilgan. Sifatlash, tashbih. “Rang” soʻzi qomat, koʻrinish. “Kimxo binafsh” birikmasi esa binafsh rangli libos, toʻn, chopon maʼnosida. Sanʼatlar: jonlantirish, tamsil, tashxis, rujuʼ.

Sakkizinchi baytda bogʻbon — oshiqqa murojaat qilib, bogʻda binafshadan oʻzga gul ekmagil, chunki bizning Mirzo (Sulton Husayn Boyqaro) ham oʻz libosi rangini binafsha rangidan boʻlmogʻini istaydi, deb ogohlantiradi. Mirzoga nisbatan kinoya, rashk maʼnosida. Demak, ishq zohiran, botinan ruhiy, maʼnan ilohiy, dilband vosita, pirovardida rashk bilan yoʻgʻrilgan shuuriy hodisa.

Toʻqqizinchi baytda roviy tinglovchiga qarata: “soqiy toʻnin qilmish binafsh” deb, soqiy toʻnini binafsh rangidan qilganidan ajablanish kerak emas, chunki uning toʻni bullurin (bullurdan yasalgan idish)dan deb, mavjli shaffof qadahga quyilgan “sahbo binafsh” qiziltob may rangi bilan uygʻun, mos, monand ekaniga maʼno yuklaydi shoir.

Mumtoz badiiy adabiyotda “soqiy”, “sogʻar”, “may” kabi soʻzlar doim detal sifatida yonma-yon keladi. Soqiy majozan yoʻlboshchi, Yaratuvchiga nisbat berish. Sogʻar — moddiy dunyoning ramzi, may — moddiy dunyoning zuhurlanishi, koʻrinishi, hayot, voqelik.

Oʻninchi baytda yuqoridagidek murojaat va tasdiq mavjud. “Charx” soʻzi ostida koʻp maʼno yashirilgan va charxni “rangomiz” deb gʻazalda boʻrttirib qoʻllashning sababi shuki, charx vaqt birligida doim harakatdagi jarayon, demak, uning turli ranglarda boʻlishi, turfa ranglarda oʻzgarishi, koʻrinishi tabiiy hodisa va keskin bir ohangda “koʻrma tafovut zinhor” deb, Allohning izmiga qarama-qarshi zinhor farq, tafovut yoʻlini tutmaslikka chaqiradi mahbubni. Haqiqatda insoniyat olami, oʻsimlik, hayvonot dunyosi, butun mavjudot ana shu charx rangi bilan uygʻun degan maʼno ham anglashadi bu baytdan.

Oxirgi baytda maqtaʼ talabiga muvofiq shoir dilbandini tafakkur va xulosa qilishga chaqiradi va oʻziga qarata: ey Navoiy, binafshapoʻsh gul (yor, mahbub)ning vasfida “har ne yozarsen kogʻazi illo binafsh boʻlmasun”, yaʼni nimaki yozsang, qogʻozda siyoh rangidek qolib ketmasin, aksincha, binafshadek boʻy taratib, olamni yashnatsin, deya umid qiladi shoir.

Navoiy hazratlari “Binafsha” obrazini “Xamsa” dostonlarida ham zoʻr mahorat bilan badiiy tasvirga tortgan. Binafsha — oʻta uyatchan gul. Doim boshi egik, bardoshli. Chiroyda gullar sarvari, chamanlar ichra yakto. Ishq sarchashmasi.

Mir Alisher Navoiy hazratlari “Farhod va Shirin”da:

Binafsha andakim gardun koʻkartib,

Gajak yanligʻ xirad boʻynini tortib.

Ushbu baytga ichki bir sezim bilan diqqat qilinsa, oʻzgacha bir ruhiy olamga kirib boradi kitobxon. Binafsha “andakim”, yaʼni gulzorda gardun kabi oʻzini namoyish etishi va gajak yanligʻ xirad boʻyni ibo bilan tortib turishi koʻkdagi yulduzlarning sachratqi chiroyiga monandligi qiyos qilinadi. Bu — hazratning tahayyuli. Aslida ifodaning oʻzgacha tashbehi ham mavjud. Binafsha epitet va u shoir ardogʻidagi gullarning eng faxrlisi. Navoiy hazratlari binafshani insonga xos xirad: aql, zehn, hush, sezim, tafakkur, bilim kabi sifatlar bilan jonlantirib, voqelikka olib kiradi.

Roviyning binafshaga bunchalik mehr qoʻyishining sababi nimada? Bizningcha, pirovard natija binafshaning bu noyob husni latofati, goʻzal siymosi orqali Shirin obrazini sifatlash va Shirin bilan binafsha orasida uygʻun mutanosib chizmalarni oʻquvchiga yetkazishga qaratilgan. Chunki Shirin — insoniyat bogʻida binafshadek tanho, fasohat bogʻida kamolotda yetuk, tengsiz va aql xiradda komil inson. Demak, shoirning matlabi nabotot olami bilan insoniyat olami bir-biri bilan ajralmas bir butun, degan umumlashma, falsafiy xulosaga keladi va bu, tom maʼnoda ibrat va hikmat. Umumbashariy orifona tushuncha.

Yana bir sodda sharh shuki, suyukli qizning yori oldida uyalinqirab, boshini quyi egib, xijolat tortib turishi binafsha holatiga monand, deyish mumkin. “Saddi Iskandariy”da:

Binafsha boshin andin aylab quyi,

Ki, ostigʻa aning kirib mul suyi.

Binafsha chanogʻiga mul (shudring) suvining enishi, uning tong paytidagi yaltiroq holatiga tashbeh, qiyos. Mul suyi — yuk, majozan hijron; ashk, koʻz yoshi. Binafshaning diloshib koʻrinishi esa qiz bolaning kelinlik libosini kiyishidagi xushnudlik bilan toʻkkan nozli koʻz yoshiga nisbat deb anglash lozim. Aslida, bu istigʻno.

Boshqa bir oʻrinda:

Binafshaki oʻz qaddin aylab nigun,

Qalinliqda chodirshabi nilgun.

Eʼtibor qiling: binafsha oʻz qaddini bukishi, egishi, lojuvard siyohrang osmonda sachratqi kabi sochilgan yulduzlarning yashnoq shuʼlasi gulli choyshabning jilosiga oʻxshatiladi. Dilbar chizmalarda zuhurlangan voqelik shoirning hissiy tuygʻularini gʻoyat emotsional ruhda tarannum etilganidan dalolat beradi. Baytda qiyos, iyhom hamda ishora mazmuni ham mavjud. Xalqimiz urfida kelin tushirish toʻyida kelinning boshi uzra yopilgan chiroyli choyshabni ayni “chodirshabi nilgun”ga monand, deb talqin qilish ham mumkin.

Hazrat Navoiyning har bir soʻzi nayshakar, simirsangiz dilingiz quvvat oladi, ruhingiz taskin topadi, ishqingiz toʻfon otadi, qalbingiz tugʻyonga keladi. Olamni teranroq anglay boshlaysiz. Koʻngil koʻzingiz ochiladi. Tuygʻularingiz toblanib, tafakkuringiz charxlanib, hayotda toʻgʻri yashash saodatiga erishasiz.

Isʼhoqxon NOSIROV,

Angren universiteti dotsenti,

filologiya fanlar nomzodi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер