Boliviyada toʻntarish, Eronning AQSHdan talabi va Pokistondagi “qotil” jazirama (+video)
Assalomu alaykum, xalqaro maydonda yuz berayotgan voqea va hodisalarning qisqacha sharhi “Xalq soʻzi” va “Народное слово” gazetalarining tahliliy-informatsion dasturida
Boliviyada davlat toʻntarishi
Boliviyada davlat toʻntarishini amalga oshirmoqchi boʻlganlar La-Pasdagi prezident saroyiga bostirib kirdi. Ushbu harakatdan bir necha soat oʻtib, mamlakat politsiyasi toʻdaboshini qoʻlga olgan.
Davlat toʻntarishiga boshchilik qilgan Xuan Xose Zunigan demokratiyani qayta qurish kerakligini hamda hozirgi prezident Luis Arse hukumati oʻzgarish kerakligini aytgan.
Prezident esa davlat toʻntarishiga urinishni qoralab, aholini demokratiya foydasiga birlashishga chaqirdi.
“Biz boliviyaliklarning hayotiga zomin boʻladigan navbatdagi davlat toʻntarishiga yoʻl qoʻya olmaymiz”, dedi mamlakat rahbari prezident saroyidan qilgan telemurojaatida.
Pokistonda 600 ga yaqin odam issiqdan vafot etdi
Pokiston janubida havo harorati oshib borishi sabab oʻlim soni ortib bormoqda. Tez yordam xizmati har kuni Karachi oʻlikxonasiga 30-40 kishini olib boryapti. Soʻnggi 6 kun ichida 568 nafar odam vafot etgan.
Aholi orasida shifoxonalarga yordam soʻrab borayotganlar soni oshib bormoqda. Murojaat qilayotganlarning koʻpchiligi yuqori haroratda tashqarida ishlagan.
Karachiliklarning qoʻrquvlaridan biri doimiy elektr uzilishidir. Chunki bunday vaqtda konditsionerlar ishlamay qoladi. “Dawn” nashriga koʻra, favqulodda xizmatlar tomonidan 30 ga yaqin odam oʻlik holda topilgan.
“Bu hodisalar iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq. Bu butun dunyoda hatto Yevropada sodir boʻlmoqda. Ammo ular bunga qarshi kurashyapti. Bu yerda esa hukumat hech qanday chora koʻrmagani achinarli”, — degan karachilik aholi.
Eron AQSH va Isroilni Suriyadan chiqishga undadi
Eronning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Amir Said Iravoniy AQSH va Isroil kuchlarini Suriyadan zudlik bilan chiqib ketishga chaqirdi. Uning taʼkidlashicha, xorijiy aralashuvlar Suriya mojarosini toʻxtatish oʻrniga kuchaytirib yuboryapti.
Fors diplomatining taʼkidlashicha, AQSH qoʻshinlarining olib chiqib ketilishi Suriya tinchligi va barqarorligi uchun muhim ahamiyatga ega. Iravoniy, shuningdek, Isroilning ham harakatlarini qoralab, yahudiy davlatini Suriya suverenitetiga tajovuzkorlikda aybladi.
Suriyadagi mojaroda turli xalqaro kuchlar, jumladan, AQSH, Isroil va Eron ishtirok etmoqda. AQSH Suriya shimoli-sharqidagi kurdlar boshchiligidagi kuchlarni Eronga qarshi qayrayotganlikda, bu esa Tehron – Damashq munosabatlarini ham yomonlashtirishga sabab boʻlayotgani taxmin qilinmoqda.
AQSH Suriya hukumatini gumanitar saʼy-harakatlarga toʻsqinlik qilayotganlikda tanqid qilib, Eronni mintaqadagi barqarorlikni buzayotganlikda aybladi. Amerikalik elchi Linda Tomas-Grinfild Eron Suriya hududidan Isroilga tahdid qilish uchun foydalanayotganini iddao qilgan.
“Hilton” mehmonxonasidan AQSH diplomatining oʻligi topildi
Kiyevdagi “Hilton” mehmonxonasida AQSH elchixonasi xodimi oʻlik holda topildi.
AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller oʻlimni tasdiqladi. Uning soʻzlariga koʻra, xodim Kiyevda ishlagan va tabiiy sabablar tufayli vafot etgan. Metyu hech qanday suiqasd belgilari yoʻqligini taʼkidladi.
Maʼlumotlarga koʻra, marhumning xolesterin darajasi yuqori boʻlgan. Jasadda zoʻravonlik alomatlari yoʻq, mehmonxona xonasi ichkaridan qulflangan. AQSH elchixonasi vaziyatni toʻliq oʻz nazoratiga olgan va hech qanday boshqa tomonning oʻrganishiga yoʻl qoʻymayapti.
Mart oyida manbalar “Foreign Policy” jurnaliga AQSHning Kiyevdagi elchixonasiga qoʻshimcha diplomatlarni joylashtirish rejalari haqida gapirgan edi. AQSHlik diplomatlar soni Ukrainada haddan tashqari koʻpayib ketgan boʻlib, hozirda 100 dan 200 ga yaqin diplomat va harbiy attashelar Kiyevda faoliyat yuritmoqda.
Fransiya sudi Bashar Asadni hibsga olish uchun order berdi
26-iyun kuni Fransiya rasmiylari Suriya prezidentini 2013-yildagi voqealar ortidan ayblovga tortishni rejalagan. Oʻsha yili mamlakat shimolidagi Gʻuta hududida isyonchilar bilan janglarda keng miqyosda kimyoviy qurollar ishlatilgani aytiladi. Kimyoviy moddasi qoʻllanishi oqibatida esa koʻplab tinch aholi vakillari ham halok boʻlgan.
Fransiyaning terrorizmga qarshi kurash boʻyicha prokurorlari Asadning daxlsizlik huquqiga ega ekanligini aytishgan.
Eslatib oʻtamiz, Suriyada 2011-yilda fuqarolar urushi boshlangan edi. Damashq rahbarlariga muxolif guruhlar mamlakat shimoli va shimoli-sharqida mustaqil idora tashkil etishga kirishgan. Bashar Asad rejimi esa ularga qarshi urush ochgan edi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring