Bolalardagi asabiylik va bosh aylanishi kamqonlik alomatimi?
Kamqonlik — dunyo miqyosida maktabgacha va maktab yoshidagi bolalar orasida eng koʻp uchraydigan xastaliklardan biri. Yurtimizda bu kasallik kichik yoshdagi oʻgʻil-qizlar orasida ham uchraydi.
Xoʻsh, buning sabablari nimada?
— Kundalik isteʼmol mahsulotlarida kerakli vitamin va ozuqalarning yetishmasligi, ekologiyaning yomonlashuvi koʻplab xastaliklar qatori kamqonlikni ham keltirib chiqaradi, — deydi tibbiyot fanlari doktori Aziza Mahmudova.
— Yangi tugʻilgan chaqaloqlarda anemiya homiladorlik davridagi muammolar — qon ketish, homilaning tushish xavfi, onadagi yuqumli kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Qolaversa, erta tugʻilgan bolalarda ham bu xastalik koʻp kuzatiladi.
Ushbu dard bilan ogʻrigan bolalar yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Oqibatda ularda kamharakatlik, charchoq, uyquchanlik, ishtahasizlik hamda vazn yetishmasligi kuzatiladi. Teri oqarib, tirnoqlar va sochlar moʻrtlashadi.
Til yalligʻlanib, ogʻiz atrofida yuzaki yaralar paydo boʻladi. Asab tizimi faoliyati buziladi, tez-tez bosh aylanishi, ogʻrishi, quloqlarda shovqin kuzatiladi. 1 yoshgacha boʻlgan va ogʻir kamqonlikka chalingan goʻdaklar rivojlanishda ancha ortda qoladi.
Bundan tashqari, asabiylik, boʻr yoki kesak yeyish ham kamqonlikning asosiy belgilaridir. Ogʻir holatlarda esa hushdan ketish, taxikardiya, nafas qisishi kuzatilishi mumkin.
Kasallikka tashxis qoʻyishda, avvalo, pediatr-shifokor koʻrigidan oʻtish lozim. Qolaversa, anemiyani aniqlash uchun gastroenterolog, nefrolog, allergolog, gematolog va boshqa tor doiradagi mutaxassislar tekshiruvi ham talab etilishi mumkin.
Shuningdek, kamqonlikni davolash uchun, avvalo, yosh bolalar, maktab yoshidagi oʻgʻil-qizlar taomnomasi va kunlik tartibini qayta koʻrib chiqish kerak. Bemor bola koʻproq toza havoda sayr qilishi, oʻrtacha jismoniy faoliyat bilan shugʻullanishi, bir vaqtda uxlab, bir vaqtda uygʻonishi tavsiya etiladi.
Anemiyaga chalingan bolalar ratsionida temirga boy mahsulotlar – qizil goʻsht, loviya, noʻxat, qorabugʻdoy unidan tayyorlangan non, qoʻziqorin, quritilgan mevalar va koʻkatlar boʻlishi kerak.
S va B12 vitaminlariga boy mahsulotlar (bulgʻor qalampiri, brokkoli, sitrus mevalar, baliq, yashil bargli sabzavotlar) ham kasallikning oldini olishda juda muhim. Boisi bu vitaminlarsiz temir qonga soʻrilmaydi.
Agar bolada jiddiy kamqonlik kuzatilsa, shifokor tomonidan zarur dori-darmonlar tayinlanadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring