Boysundagi “M-25” konida vaziyat qanday? Vazirlik bayonoti haqiqatga mos keladimi?
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Bugun internet nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar va “Telegram” messenjerida Boysun tumanidagi “M-25” koni joylashgan hududda olovli maydonlar yuzaga kelgani haqidagi video tarqaldi va foydalanuvchilar tomonidan keng muhokamalarga sabab boʻldi.
Ushbu holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Bayonotda mazkur kon hududida kichik hajmda toʻplangan gazni xavfsiz yoqish ishlari olib borilayotgani aytiladi:
“Aytish joizki, «M-25” koni hududida hech qanday kutilmagan vaziyatlar kuzatilmagan.
Bugungi kunda 2024-yil sentyabr oyida metan emissiyasi sodir boʻlgan quduq oʻrnida obyektni konservatsiya qilish boʻyicha rejalashtirilgan ishlar olib borilmoqda va bu yerda doimiy monitoring yuritilyapti.
604-sonli quduqda tozalash ishlari olib borilayotganda quduqdan olis hududlarda yer yuzasiga yaqin joylashgan boʻshliqlar va kollektorlardagi mikro yoriqlarda kichik hajmdagi gaz toʻplangan.
Ayni paytda hududda kichik hajmda toʻplangan gazni yoqish orqali zararsizlantirish ishlari olib borilmoqda. Bundan koʻzlangan maqsad kislotali gazlarning atmosferaga chiqishini oldini olishdan iborat.
Ushbu jarayon atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda standart yondashuv hisoblanadi va xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga toʻla javob beradi.
Rejalashtirilgan konservatsiya va profilaktika ishlari mazkur texnologik jarayonning oʻziga xos xususiyatlarini tushunmaydigan odamlar boshqacha talqin qilishi mumkin boʻlgan bir qator operatsiyalardan iborat. Bunga holat boʻyicha tarqalgan videolavha yaxshi misol boʻla oladi», deyiladi Energetika vazirligining munosabatida.
Aslida Boysundagi vaziyat qanday? Vazirlik bayonotida keltirilgan vajlar haqiqatga toʻgʻri keladimi? Ushbu savollarga javob olish uchun mahalliy aholi vakillarining fikrlari bilan qiziqdik:
— Haqiqatdan gaz sizib chiqqanda, hali jilovlanmagan paytlari uning hidi nafaqat Kofirun qishlogʻida, balki uzoq-yaqin mahallalarga ham keng tarqaldi, — deydi “Xoʻjabulgʻon” mahallasida yashovchi Norqul Vohidov. — Unga chidash qiyin edi. Uylarning ichida oltingugurt hidi oʻrnashib qoldi. Bosqichma-bosqich texnogen vaziyat bartaraf etildi. Rostdan, toʻplanib qolgan gaz yoqilganidan beri havoda gaz hidi yoʻq. Yoqish orqali zararsizlantirish ishlari anchadan buyon olib borilmoqda. Ushbu videoni tasvirga tushirib, tarqatgan kishi hududdan birinchi marotaba oʻtayotgan boʻlishi mumkin. Balki hayajonlangandir, ehtimol, boshqa maqsadda qilgandir...
— Videoni tasvirga olgan kun “qahramoni” yaxshiyam shu kunlarda olovning pastlaganini koʻribdi, — deydi “Kofiurn” mahallasida yashovchi Shahnoza Xolboyeva. — Zararsizlantirish uchun dastlabki yoqilgan paytini koʻrganida nima deb tarqatardi?! Oʻsha paytlari olov juda baland edi. Hozir pastlab ketdi. Muhimi, havoda gaz hidi yoʻq. Aholining bu boradagi xavotiri ham aridi. Ilohim shunday boʻlsin. Mutaxassislaru masʼullar bu boradagi muammolar butkul bartaraf etilishini aytishyapti. Biz davlatimiz qudratiga ham, olimlarimizning salohiyatiga ham ishonamiz. Baʼzilar vaziyatni tushunmasdan, taxminlarga asoslanib bu kabi xabarlarni tarqatayotgani foydadan koʻra koʻproq zarar keltiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring