Boburning qadami tekkan maskan
Hozirgi Sirdaryo hududi qadimda va oʻrta asrlarda Buyuk ipak yoʻlining muhim qismida joylashgan. Oʻrta yer dengizidan chiqib, Buxoro va Samarqand orqali Chin (Xitoy) sari yoʻl olgan savdo karvonlari shu hududdan oʻtgan. Mirzachoʻl mamlakatimizning qadim oʻlkalari – Soʻgʻd (Samarqand), Dovon (Fargʻona) va Choch (Toshkent)ni bir-biri bilan bogʻlab turgan. Ayni ana shunday muhim savdo yoʻllarida joylashganligi, hududida karvonlarga xizmat koʻrsatish tufayli obod va farovon manzilgohlar boʻlgan. Oʻrta Osiyoning eng uzun daryosi Sirdaryoning Mirzachoʻlni kesib oʻtganligi, janubida Turkiston togʻ tizmalaridan suv oluvchi koʻplab soylar mavjudligi ham qadim ajdodlarimizning ushbu hududni makon tutishlari uchun qulay shart-sharoitlarni yaratgan.
Mirzachoʻldagi eng qadimgi aholi manzilgohlari ham sugʻorish uchun qulay boʻlgan daryo va soy boʻylarida paydo boʻlgan. Oʻtroq aholi Turkiston togʻ tizmalaridan suv oluvchi Shoʻrbuloqsoy boʻylarida istiqomat qilgan. Arxeologik tadqiqotlar viloyat hududidagi ilk shahar – Shoʻrbuloqsoy boʻylaridagi Eski Xovos bundan 2,5-3 ming yillar oldin paydo boʻlganiga guvohlik beradi. Samarqanddan sharqqa yoʻnalgan yoʻlning chorrahasida joylashgan. Undan bir tarmoq Xovosdan Kurkat orqali Xoʻjand va Fargʻonaga, ikkinchisi Chochga olib borgan. Choch yoʻnalishida ikkita yoʻl boʻlgan. Biri nisbatan uzoqroq, lekin xavfsiz yoʻl Sirdaryo kechuvidan soʻng shimolga, Benaket (Shohruhiya) shahriga, undan Xarashkentga, keyin Choch poytaxti Binketga borgan. Ikkinchi yoʻl daryodan oʻtmasdan uning chap qirgʻogʻi boʻylab, oʻrta asrlarda Xushket deb nomlangan hozirda Sayxunoboddagi Nurota yodgorligigacha borib, soʻngra kechuvdan Benaket (Shohruhiya)ga choʻzilgan. Bu haqda IX-X asrda yashab oʻtgan arab geograflari Xordadbeh va Istaxriylar yozib qoldirgan. Eski Xovos uchun Shoʻrbuloqsoydan kanal qazib, suv chiqarilgan. Ushbu kanal 1812-yilgacha faoliyat koʻrsatgan.
Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi, Arxeologiya instituti, Sirdaryo arxeologiya guruhi tomonidan 2003-2004-yillarda Eski Xovos yodgorligi hududidan miloddan avvalgi III asrga oid gʻishtli devor qoldiqlari topilgan. Ushbu yodgorlikda 2014-yilda olib borgan arxeologik tadqiqotlari natijasida miloddan avvalgi II-I asrga oid Anaxita haykalchasi va XII asrga oid yashil rangda sirlangan qora chiroq topilgan. Bu topilmaning baldogʻiga humo qushi tasvirlangan.

Eski Xovos oʻrta asr manbalarida ham tilga olinadi. Unda yozilishicha, 1003-yil somoniylar davlatining amiri Abduibrohim bilan qoraxoniylar iloqi Nosir ibn Ali oʻrtasida Xovos qalʼasi yonida jang boʻladi. Jangda amir Abduibrohim gʻolib chiqadi. Rivoyatlarda Abduibrohim asli xovoslik boʻlgan deyishadi. Janglarda yengilmaganligi sababli unga al Muntasir (arabcha Yengilmas) degan nom berishgan. Keyinchalik ushbu sarkarda Turkmanistonning Kerki shahri yaqinida oʻldirilgan. Kerki shahrida unga atab ulugʻvor maqbara qurilgan.
Akademik V. V.Bartoldning yozishicha, 1366-yil Amir Temur amir Husaynga qarshi kurashda Hisor hokimi Kayxusrav bilan yaqinlashadi. Kayxusrav Toshkentdan 2 ming kishilik qoʻshini bilan kelib, Xovosda turgan Amir Temurga qoʻshiladi. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida yozilishicha, Amir Temur hozirgi Mirzachoʻl yerlarida amir Husaynning son jihatdan ustun boʻlgan qoʻshinini tor-mor etgan.
Xovosda Zahiriddin Muhammad Bobur ham boʻlgan. “Boburnoma”da Bobur Shohruhiya va Oʻratepa oraligʻidagi Xovos qishlogʻida boʻlgan jangda Umar shayx Sulton Ahmad Mirzodan magʻlub boʻlgan. XV asrning ikkinchi yarmida Xovosda Abdurahmon Jomiy va Xoja Ahror Valiy boʻlgan. XVIII-asrda Samarqand oʻzaro urushlar natijasida huvillab qolganda u yerga xovosliklar koʻchib borgan.

Buxoro amiri Muzaffar chor Rossiyasi qoʻshinlaridan Sirdaryo sohillarida (1866-yil) yengilib, kechqurun Xovos qishlogʻida toʻxtab, 200 ming kishilik qoʻshinini mahalliy aholining uylariga joylashtirgan. Eski Xovosdagi hayot 1953-yilgacha davom etgan.
X asr oxiri – XI asrning I-yarmida Ustrushonadan Chochga 2 ta yoʻl Sirdaryo boʻylab Xovos orqali Samarqand – Zomin – Xovos – Binokat yoʻnalishida faoliyat yuritgan. Bu yoʻl IX-X asrlarda “Eski Binokat yoʻli” deb nomlangan. Ushbu yoʻlda Xovosdan chiqqan karvon Sirdaryoning chap qirgʻogʻi boʻylab borib, Binokat shahri roʻparasidagi kechuv orqali Shoshga oʻtgan. Kechuvning chap qirgʻogʻida Binokatning qarama-qarshi tomonida hozirgi Sayxunobod tumani Nurota qishlogʻida Xushkat shahri qad koʻtargan.
Shahar uch qismdan Ark (7,5 gektar), shahriston (40-45 gektar) va rabotdan iborat boʻlgan. Ark va rabot qismlari buzib yuborilgan. Faqat shahriston qismidan 7,5 gektar joy qabriston boʻlganligi sababli saqlanib qolgan. Shaharda hayot IX asr oxirlarida boshlanib, XVI asrning I-yarmigacha davom etgan.

“Buyuk ipak yoʻli”da joylashganligi, shuningdek, Shoshga oʻtuvchi kechuvda joylashganligi sabab shahar tez rivojlangan. Shahar aholisining bir qismi qayiqchilar boʻlgan. Ular daryodan oʻtuvchilarni va yuklarni qayiqlarida olib oʻtib qoʻygan. Xushket Shoshning chegarasida joylashgani tufayli, bu yerda muhim bojxona boʻlgan. Chunki Shosh oʻlkasi togʻ-kon maʼdanlariga, jumladan kumush konlariga boy boʻlgan. Davlat markaziga kumush aynan, Shoshdan Xushket orqali Soʻgʻdga olib borilgan. Somoniylar davlati tomonidan zarb etilgan kumush tangalardan hatto uzoq Yevropada ham foydalanishgan. Somoniylar davlatida qul savdosi oʻta serdaromad soha hisoblangan. Qullar nafaqat boylar uyida, davlat armiyasida ham xizmat qilgan. Qullar asosan Dashti Qipchoq choʻllarida hayot kechirgan turkiy qavmlardan turli yoʻllar bilan olingan. Ular ham davlat markaziga yuqoridagi kechuv orqali joʻnatilgan. Shu sababli ham bu ikki serdaromad savdodan maxsus boj olingan.
Xushkat 1219-yili Chingizxonning lashkarboshilari Olloqnoʻyon va Suketu Cherbi boshchiligidagi 5 ming kishilik qoʻshin tomonidan vayron etilgan. Shahar aholisi Binokatdan farqli ravishda moʻgʻil bosqinchilariga qarshilik koʻrsatadi. Tamoman vayron etilgan shahar 1391-1392-yillari Amir Temur tomonidan tiklangan. Sohibqiron viloyat hududida bunyodkorlik ishlarini olib borgan. Amir Temurning nevarasi Ulugʻbek davrida Xushkat karvon yoʻlidagi muhim shahar hisoblangan. 1503-yil shahar Muhammad Shayboniyxon qoʻshinlari tomonidan bosib olinadi. Biroq shaharda hayotning soʻnishi bu voqea bilan emas, balki mintaqalararo va xalqaro savdo yoʻli boʻlgan “Buyuk ipak yoʻli” ning oʻz faoliyatini toʻxtatishi bilan bogʻliq.
Eski Xovos, Xushkat qoldiqlari, Sardoba tumanidagi Yogʻochli Sardoba va boshqa tarixiy obidalar oʻtmishda qush uchsa qanoti kuyadi deya taʼriflanadigan Mirzachoʻl va uning tegrasida hayot qaynaganidan darak beradi. Jonajon Vatanimizning har qarich yerida faxrlansak arziydigan tarix mujassam ekanini ifoda etadi.
Solijon QUDRATOV,
Guliston davlat universiteti dotsenti,
tarix fanlari nomzodi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring