Bizning tadqiqot boʻlinmalarimiz va institutlarimizning yordamiga toʻliq tayanishingiz mumkin — Braziliya fan, texnologiya va innovatsiyalar vaziri

22:12 08 Iyun 2022 Siyosat
906 0

Foto: Foto: Oʻzbekistonning Braziliya Federativ Respublikasidagi elchisixonasi

Qarorgohi Vashingtonda boʻlgan Oʻzbekistonning Braziliya Federativ Respublikasidagi elchisi Javlon Vahobov boshchiligidagi elchixona delegatsiyasining Braziliyaga tashrifi doirasida Braziliya fan, texnologiyalar va innovatsiyalar vaziri Paulo Alvim bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda Elchixona tomonidan “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilindi.

Uchrashuv chogʻida Braziliya tomoniga mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror oʻsishini taʼminlash boʻyicha respublikada innovatsion komponentlar rolini kengaytirish, xorijiy mamlakatlar bilan yuqori texnologiyalar, ilgʻor taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi hamda qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini oshirish va ularni respublika iqlim sharoitiga moslashtirish uchun chet davlatlarining innovatsion ishlanmalarini jalb qilishdagi respublika ehtiyojlari haqida aytib oʻtilgan.

P. Alvim Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlarga toʻxtalar ekan, oliy oʻquv yurtlari sonini koʻpaytirish va aholi oʻrtasida oliy taʼlimni qamrab olishni sezilarli darajada kengaytirish, xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallarini ochish, OTMning faoliyatini, jumladan, ularning moliyaviy va akademik mustaqilligi oshirish, Oʻzbekistonning jahon reytingidagi oʻrnini yaxshilash, elektron hukumat mexanizmlarini faol joriy etish, aholining IT-texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi yutuqlarni yuksak baholadi. 

“Hukumatlar amaliy ilm-fanni rivojlantirishga sarmoya kiritish orqali oʻz saʼy-harakatlarini inson salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlashga qaratibgina barqaror rivojlanishning yuksak maqsadlarga erishish mumkin. Biz Oʻzbekistonda buning guvohi boʻlib turibmiz”, dedi vazir.

P. Alvimning soʻzlariga koʻra, u rahbarlik qilayotgan idora Braziliyaning barcha sohalarda innovatsion rivojlanishining belgilab beruvchi asosiy davlat organi hisoblanadi. Ayni paytda sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik, biotexnologiyani rivojlantirish, ekinlarni iqlim oʻzgarishlariga moslashuvini oshirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Shu nuqtayi nazardan, faoliyatning strategik tarmoqlari sifatida suv resurslaridan oqilona foydalanish, davlatning oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash, tibbiyotning qamrovi va zamonaviyligini taʼminlash, port sanoatining rivojini taʼminlash belgilab olingan.

Uchrashuvda tomonlar qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini alohida muhokama qildilar. Qishloq xoʻjaligi sohasidagi tadqiqotlar va biotexnologiyalar yoʻnalishida hamkorlikni kengaytirish zarurligi qayd etildi. Vazir Oʻzbekiston tomonining mamlakatimizda goʻshtni yetishtirishni yulga qoʻyish, soya va paxta oʻstirish boʻyicha qoʻshma tadqiqotlar tashkil etish boʻyicha takliflarini qoʻllab-quvvatladi. Shuningdek, paxta hosildorligini oshirish va soyani Oʻzbekiston iqlimiga moslashtirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.

“Bizning ilmiy-tadqiqot boʻlinmalarimiz va institutlarimiz yordamiga toʻliq tayanishingiz mumkin. Hamkorlik, shubhasiz, har ikki davlat uchun juda foydali boʻlib, bu innovatsiyalar Braziliya va Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun katta natijalar berishi mumkin”, dedi P.Alvim.

Taʼkidlaganidek, Braziliya fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi 40 dan ortiq ikki tomonlama hamkorlik shartnomalari imzolagan, shuningdek, mintaqaviy va koʻp tomonlama mexanizmlar va forumlarda faol ishtirok etadi. 

Muzokaralar yakunlari boʻyicha ikki davlat tadqiqotchilari oʻrtasida hamkorlikning yangi dasturini ishlab chiqish, tomonlarning tegishli ekspertlari ishtirokida muntazam seminar va vebinarlar tashkil etish va oʻtkazish yoʻlga qoʻyish orqali hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Eslatib oʻtamiz, Braziliya fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi 1985-yilda tashkil etilgan. Tashkilotning yillik byudjeti qariyb 4 milliard dollarni tashkil etadi. Ishchilarining soni esa 2,5 ming xodimni tashkil qiladi. Vazirlik ilmiy, texnologik va innovatsion tadqiqotlar, ilmiy-texnikaviy faoliyatni nazorat qilish, avtomatlashtirish va axborot texnologiyalarini rivojlantirish, bioxavfsizlik va kosmik xavfsizlik sohasidagi milliy siyosat muofiqlashtirish uchun masʼuldir idoradir.

Braziliya boʻylab 100 dan ortiq institutlar mavjud boʻlib, ular katta ilmiy hissa va tayyorgarlik bilan uzoq muddatli yirik tadqiqot loyihalarida ishlaydi. Bu kabi markazlar Braziliya jamiyatining COVID-19 pandemiyasi, Zika virusi, Braziliya qirgʻoqlarida neftning toʻkilishi, Maymun chechagi kabi ofat va muammolarga javob berishda muhim rol oʻynamoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер