Bizga nasib etmish Bayt ziyorati

17:10 27 Avgust 2022 Madaniyat
951 0

Foto: Arxiv surat

Sirojiddin SAYYID,

Oʻzbekiston xalq shoiri

Olloh nomi bilan boshladik kalom,

Olloh dargohida eng oliy inʼom,

Keldik — dil va tilda labbayka, salom,

Bandaga ravodir Haq hidoyati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Lak-lak odamzodni yaratgan Egam,

Mehru karamini taratgan Egam,

Olamni bir joyga qaratgan Egam —

Ming-ming hikmat erur bir ishorati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Yurgandik umrning oʻylovi bilan,

Nogoh Xudoyimning yoʻllovi bilan,

Yerdagi soyasin qoʻllovi bilan,

Haq ijozati ham Haq irodati —

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Madinatun Nabiy, munavvar shahar,

Azaldan to abad muzaffar shahar,

Oʻzing diydoriga qilding muyassar.

Porloq manzillarning nur hikoyati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Muborak ravzada aylab duolar,

Boʻlmasin deb hargiz balo-qazolar,

Yurt egasi soʻrar elga ziyolar,

Rabbim soyasidir — el himoyati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Muhaddis bobolar ruhiga qasam,

Sehru hikmat toʻla dunyoi azim.

Makkatillo sori ayladik azm,

Boʻlmas ziyoratning koʻp, ziyodati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

 

Umr — insonning bir sayohatidir,

Umra — Baytullohning ziyoratidir.

Imonu eʼtiqod rioyatidir.

Tillarda Qurʼonning qalb qiroati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Uyingga bosh urib keldik, yo Olloh,

Sen bizdan ogohsan, biz qayda ogoh.

Yo qodir Ollohim, yo Kaʼbatulloh,

Qalbning rohati ham qalb riyozati —

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Najot ehromini biz oʻrab keldik,

Eng avval el-yurtga baxt soʻrab keldik,

Ketmas toju davlat, taxt soʻrab keldik,

Bordir har duoning oʻz ijobati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Millat baxtin soʻrar millat otasi,

Koʻzlardagi yoshlar — dil ifodasi.

Bunda niyatlarning yoʻq nihoyasi.

Maqsad — yurt tolei, xalq saodati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Sajdaga bosh urib odil Rahnamo,

Tinchlik-omonlik deb aylar tavallo.

Yosh avlod kamolin soʻrar avvalo,

Xalq uchun boʻldi bu Haq shafoati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Oʻttiz yildan buyon kutilgan tashrif,

Oʻzing el maqomin aylading sharif.

Imom Buxoriydan tahsin va taʼrif —

Haq sharofati bu, Haq inoyati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

 

Mufti hazratlari hozir-nozirlar,

Duoga qoʻl ochib turar vazirlar.

Ming yillardan soʻng ham buni yozurlar —

Yangi zamonlarning zar kitobati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Oʻtgan ota-bobo, onalarni ham,

Oʻzing rahmat qilgil, aylagil karam.

Jannat toʻrlaridan joy bergil, Egam.

Onalar uchundir qarz tilovati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Sendan umidvor zor koʻngillar uchun,

Zahmatkash opalar, singillar uchun,

Muqaddas Kaʼbaning koʻrsatgil kuchin,

Oʻksik dillargadir mehr oyati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Kimlar bu kunlarga yetib-yetmagan,

Asrlar armoni dildan ketmagan,

Hazrat Navoiyga nasib etmagan.

Nedir bu oʻkinchning sir-sinoati?

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Shu bois, oliyshon mezbonlarni ham,

Podshohu valiahd sultonlarni ham —

Oʻzing dargohingda qilgil muhtaram,

Hurmat-ehtiromi ham itoati —

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

El-yurt barchamizga jonu jahondir,

Ota makondir ham bobo makondir.

Vatan, ona Vatan Oʻzbekistondir —

Shavkatli zotlarning shaʼn, shijoati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

 

Ezgulik tugʻini baland tutgaymiz,

To dunyo turguncha hushyor oʻtgaymiz,

Yoʻlboshchi yonida bedor oʻtgaymiz,

Vatanni sevmoqlik — qalb diyonati,

Bizga nasib etmish Bayt ziyorati.

Jidda — Makkai mukarrama — Madinai munavvara — Toshkent

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?