Biz sizni sogʻindik bahor singari

18:40 28 Fevral 2023 Madaniyat
709 0

Foto: Arxiv surat

Zulfiya opani eslab

«… Men oʻtgan umrimga achinmay qoʻydim…»

Zulfiya.

1.

Opajon, ardoqlim, doʻstim, ustozim,

Siz yashagan umr biz uchun ziyo.

Koʻzimiz nurlanib, koʻksimiz toshib,

Siz yashagan umr biz uchun daryo.

Siz ogʻir taqdirga achinmadingiz,

Azob, uqubatli betin mehnatga.

Siz oʻtgan yoʻldan biz kuch, ilhom olib,

Oʻrgandik sabrga va mashaqqatga.

Opajon, men Sizni shunday atadim,

Kulib turardingiz Opajon desam.

Sizni ustoz tutgan qizlar sanoqsiz,

Bari bagʻringizda sigʻdirdingiz jam.

Siz achinmadingiz oʻtgan yillarga,

Mardona, qalbingiz dengizday toshdi.

Biz orzu-havasla irmoqday oqdik,

Umringiz bizlarga ilhom, zavq qoʻshdi.

Eʼtibor, Gulchehra, Oydin, Halima,

Dilbar, Qutlibeka, Raʼno gulchechak.

Koʻnglingiz toʻlardi bizlarga qarab,

Menga ixlosingiz sezardi yurak.

Siz sevgan qizlarning son-sanogʻi yoʻq,

Ijod guldastasi tugardi gʻuncha.

Millat, xalq baxtidan koʻnglimiz toʻlib,

Yasharar edingiz bahor kelguncha.

Millat taqdiri bor taqdiringizda,

Yoʻllar boʻldi toshli, gohi tikonli,

Mehribon onaday mardona turib,

Ardoqlay oldingiz xalqni, Vatanni.

Nigohlar yoshlansa quyoshga qarab,

Qizingiz Hulkarda koʻrdingiz nurni.

Zulmat oqshomlarda termulib oyga,

Oʻgʻlingiz Omonda yurtga gʻururni.

Siz yashagan umr biz uchun iqbol,

Sizni koʻp sogʻindik Zulfiya opa.

Yana bahor keldi, oʻriklar gullab,

Sadoqat, nafosat qilar tantana.

Yana bahor keldi sogʻinchimizda,

Keldi yoʻllingizdan mehr bilan jon.

Oʻrik shoxasini shoda gul bilan.

Sizga tutib turar Hamid Olimjon.

Ruhingiz avaylar nurlangan koʻzlar,

Taqib suratingiz tushgan nishonni.

Sizni ustoz tutgan zukko, hur qizlar,

Shon bilan shaʼnidir Oʻzbekistonning.

Oʻtgan umringizga achinmadingiz,

Chunki yaratdingiz oydin iqbolni.

Endi shu umrla yurt onalari,

Avaylab, asraydi hur istiqlolni.

Sogʻindik opajon, mana bahor keldi,

Ruhingiz isitar salqin tonglarni.

Qumri qushlar kabi munis qalbingiz,

Sabolarga sochar gul ohanglarni.

Oʻriklar gulida sizni koʻramiz,

Binafsha bargida uradi yurak.

Opajon ruhingiz bizga jon berar,

Siz yashagan umr, hur baxtdek darak.

2.

«Men hech kimdan olmadim tuygʻu…»

A.Oripov.

Ilhom, yaratganning inʼomi asli,

Olloh tuygʻu bergan shoirimizga.

Biz esa opajon shunday tuygʻuni,

Olganmiz siz yozgan sheʼrlaringizdan.

Balki Tangrim bizni sizning ilhomga

Sherik qilib qoʻlga qalam bergandir.

Balki siz yaratgan yorugʻ gulshandan,

Yurtimiz qizlari gullar tergandir.

Balki Siz ham ruhiy ilhom, tuygʻuni,

Boshqa shoirlardan olmagandirsiz,

Nodirabegim yo Uvaysiy bilan

Dardlashib, bir lahza qolmagandirsiz.

Farishtalar qoʻnib yelkangiz uzra

Nafis tuygʻularga Sizni oʻragan.

Sheʼriy satrlarga joylashgan hislar,

Qizlarni havasla Sizga yoʻllagan.

Halimani ilk bor qoʻlidan tutib,

Sheʼriyat bogʻiga olib kirdingiz.

Oydinni eng oydin yoʻllarga boshlab,

Isteʼdod, sehrini sezib bildingiz.

Menga oq yoʻl tilab yoʻlnoma yozib,

Koʻngil qushlarimga berdingiz qanot.

Cheksiz qoraqalpoq kengliklariga,

Koʻksingizni ochib tilab hur hayot.

Nabira, Fotima, Gulchehralarni,

Sheʼriyat siriga qildingiz oshno.

Bugun koʻkragiga nishonlar taqib,

Oʻnlagan qiz Sizga qilar iltijo.

Yashirmaymiz Sizdan oldik biz tuygʻu,

Intildik, yashashga xuddi Siz kabi.

Opajon, ruhingiz jannat gullarin,

Iforidan orom olsin abadiy…

Biz Sizni sogʻindik bahor singari.

Guliston MATYOKUBOVA,

Qoraqalpogʻiston xalq shoiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?