Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!
Yurtimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, Vatan ravnaqi uchun amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, erishilayotgan ulkan yutuqlar haqida keng maʼlumot berish, Vatanga muhabbat, xalqimizga sadoqat hissini yanada kuchaytirish, talaba-yoshlarni ilm-fanga, maʼrifatga targʻib qilish barobarida maʼrifatli jamiyat qurish, yoshlar qalbida Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdagi daxldorlik hissini kuchaytirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 27-iyuldagi PQ-241-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida “Najot-taʼlimda, najot-tarbiyada, najot-bilimda” gʻoyasi asosida “Maʼnaviyat marafoni” loyihasi oʻz ishini boshlagan edi. Loyiha doirasida koʻplab taʼlim dargohlarida, ilm-maʼrifat maskanlarida “Biz bir boʻlsak yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida yurtimiz boʻylab bir qancha tadbirlar tashkil etildi. Bevosita bu kabi tadbirlar unib-oʻsayotgan yosh avlod qalbida Vatanga boʻlgan muhabbat hissini yanada oshirishga, qolaversa, Vatan ravnaqi yoʻlida har birimizning kichikmi-kattami qoʻshilgan hissamizning muhim ekanligini yana bir bor eslatadi.
Shior zamirida judayam keng maʼno mujassamlashgan boʻlib, birlik, ahillikka daʼvat, buning naqadar ahamiyatli ekanligi, xalqning har bir aʼzosining birdam boʻlishi kerakligi haqida taʼkidlanadi. Hattoki bu borada ayol-qizlarimizning oʻziga xos oʻrni borligi aytib oʻtiladi.
Jumladan, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Mustaqillikning oʻttiz ikki yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqida ayollar huquqini taʼminlash mavzusiga ham alohida toʻxtalgan edi.
“Buyuk maʼrifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat taʼbiri bilan aytganda, “xotin-qizlar – bu millat onalaridir”. Ular millatning yangi nasli – farzandlarini tarbiyalash uchun oʻzlari ham yuksak bilimli boʻlishlari zarur.
Shunday ekan, oldimizda turgan yana bir muhim vazifa – jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratishdir. Hurmatli xotin-qizlarimizning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini, kasb sohasi boʻyicha oʻsishini taʼminlash borasida oʻtgan davrda koʻp ishlarni amalga oshirdik. Shu bilan birga, bu yoʻnalishda qiladigan ishlarimiz ham oz emas (Kun.uz).
Darhaqiqat, millat onalari farzandlarini hurlik, yurtga muhabbat, birlik, birdamlik hissi ostida tarbiya qilsalar, bizning kelajagimiz yanada taraqqiy etib boraveradi. Zotan, Imom Buxoriy, al-Xorazmiy, al-Fargʻoniy, Amir Temur, Navoiy, Bobur singari buyuk bobokalonlarimiz hayotida ham ona tarbiyasi muhim oʻrin tutgan. Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlash mumkinki, oʻzbek millati bu kabi buyuklarimizga munosib boʻlmoqda. Birgina jahon miqyosida oʻtkazilgan “Parij – 2024” sport musobaqalari buning isbotidir. 208 ta davlat vakillari qatnashgan musobaqada sportchilarimiz yuksak matonat, mahorat va iroda koʻrsatib, dunyoda 13-oʻrin, Osiyoda 4-oʻrin, turkiy, musulmon va MDH davlatlari orasida 1-oʻrinni egalladi.
Bu yutuqlar bir bayroq ostida birlashgan Oʻzbekistonning, Oʻzbekiston yoshlarining jahon arenalarida nimaga qodir ekanligini koʻrsatuvchi bir nishona namunasidir. Nafaqat bu, balki har bir sohada kundan-kun oʻsish boʻlayotganini koʻrishimiz mumkin, jumladan, Oʻzbekiston Oliy taʼlim muassasalarining dunyo “Top-reyting” dasturlarida munosib oʻrin egallayotgani ham taʼlim sifatining oshib borayotganidan dalolatdir. Jumladan, oʻz vaqtida Oʻrta Osiyo davlat universiteti hisoblangan, koʻplab taʼlim dargohlari uchun asos boʻlib xizmat qilgan Oʻzbekiston Milliy universitetining dunyo OTMlari orasida TOP-1000 talikka kirishi ham aynan ilm-fan sari odimlayotgan talabalarning, oʻqituvchilarning, umuman, universitet jamoasining birdamlikda harakat qilayotganining namunasidir.
Bir nuqtada, bir maqsad yoʻlida birlashmoqlik katta marralarni zabt etishga yordam beradi. Zero, tarixga nazar soladigan boʻlsak ham, buning isbotini koʻp bora kuzatishimiz mumkin. Birinchi Renessansning ilk yogʻdulari porlagan zamin – Sharq ilm-u irfon, maʼrifat yoʻlida birlashib, buyuk allomalarni dunyoga keltirmadimi, axir?! Mana bugun eng ilgʻor zamonaviy texnologiyalarga Muso al-Xorazmiyning “Al-jabr val-muqobala”si asos boʻlsa, tibbiyotning muhim jihatlari Ibn Sinoning “Tib qonunlari”da oʻz aksini topdi, butun dunyo eshitsa, hurmat qiladigan muhaddis Imom al-Buxoriy, bu kabi tarixiy siymolarimiz judayam koʻp. Buyuk ajdodlarga esa munosib buyuk avlod boʻlmoq lozim. Zotan, maʼrifatparvar jadid Abdulla Qodiriy taʼkidlaganidek, “tariximizning eng kirlik, qora kunlari boʻlgʻan “xon zamonlari”” ham yurtimiz tarix sahifalarida yoʻq emas. Turli boshboshdoqliklar, siyosat yuritishdagi bilimsizlik, mol-dunyoga boʻlgan hirs, oʻzbilarmonlik natijasida yuzaga kelgan, birlashish oʻrniga mustamlaka uchun oʻz eshiklarini ochib bergan “xon zamonlari”, darhaqiqat, bizni tarixdan muhim xulosalar chiqarishga undaydi.
Shu oʻrinda, birdamlik xususida bir hikoyat yodimga tushdi. “ Qarib qolgan ota oʻgʻillariga nasihat qilmoqchi boʻlib, bir kun ularni yoniga chaqiribdi. Ularning har biriga bittadan oʻtin shoxini berib, sindirishni aytibdi. Oʻgʻillar hayron, shoxlarni osongina sindirib, otaga uzatishibdi. Bu safar ota ularga bir bogʻ oʻtin shoxlarini berib, sindirishni aytibdi. Kichik uka ularni sindira olmabdi, oʻrtanchasi ham kuchi yetmay, katta akaga beribdi. Katta aka ham ularni sindira olmabdi. Shunda ota, koʻrdingizmi, farzandlarim, oddiy oʻtin shoxlari sizga ibrat boʻlsin, sizlar ham shu oʻtin shoxlari kabi alohida boʻlsangiz, sinishingiz judayam oson boʻladi. Biroq oʻtin bogʻlamidek birlashsangiz, sizlarni har qancha urinishmasin, hech kim va hech narsa sindira olmaydi. Shunday ekan mendan sizga nasihat, hamisha ahil va inoq boʻlinglar”.
Birlashgan oʻzar, birlashmagan toʻzar deganlaridek, birlashgan xalqning karvoni uzoq sarhadlarni bosib oʻtishi tayin. Shunisi quvonarliki, bu yil mustaqillikka erishganimizga 33-yil toʻladi, mana shu yillar ichida Oʻzbekiston oʻzini yangitdan tikladi, yagona xalq boʻlib birlashdi va dunyo mamlakatlari qatorida rivojlanayotgan davlatlar qatoridan joy oldi. Muhtaram yurtboshimizning yoshlarga bildirayotgan ishonchi esa bizni yanada katta marralarni egallashga undamoqda, qalbimizda vatan ravnaqi uchun oʻz hissasini qoʻsha oladigan yoshlar safida boʻlish hissini bermoqda. Soʻzimiz isboti esa allaqachon yoshlarning sevimli shioriga aylanib ulgurgan quyidagi qoʻshiq misralarida oʻz ifodasini topgan:
Dunyo bilan barcha tilda birma-bir,
Tillashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Vatan qadrin birdamlik koʻtargaydir,
Birlashaylik, Oʻzbekiston yoshlari!
Oʻzbekiston – umumiy uyimiz, uni asramoq, har bir qarich yerini koʻz qorachigʻiday avaylamoq, taraqqiyot tomon ildam qadam tashlamoq, buyuk maqsadlar sari birlashmoq har birimizning Vatan ravnaqi yoʻlidagi burchimizdir. Chunki biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!
Dildora Husanova,
Oʻzbekiston Milliy universiteti talabasi,
Navoiy nomidagi davlat stipendianti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring