Bir kunlik toʻy…
Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Kuz faslining oxirida qishloq ahli dehqonchiliklarni yigʻishtirib olib, dala yumushlaridan qoʻli biroz boʻshagach, yurtimizda toʻylar mavsumi boshlanadi. Toʻy aslida yillar davomida yaxshi niyat, orzu-havas bilan orziqib kutiladigan, qavm-qarindoshlar, yor-doʻstlar jam boʻlib oʻtkaziladigan tadbir.
Elga dasturxon yozib, nikohni, oilada farzand dunyoga kelganligi yoki oʻgʻilchaning xatna qilinganligini maʼlum qilish milliy urf-odatlarimiz sirasiga kiradi. Bunday tadbirlar azaldan mahalla faollari, koʻpni koʻrgan keksalarimiz boshchiligida ixcham tarzda, isrofgarchilikdan tiyilgan holda oʻtkazilgan. Ana shu taomil asosida fayzli oʻtgan toʻy nihoyatda badastir, goʻzal udumlarimiz, mumtoz maʼnaviy qadriyatlarimizning namoyishiga aylangan.
Biroq keyingi paytlarda toʻy bilan bogʻliq anʼanalarimiz qatoriga millatimizga xos boʻlmagan maʼnisiz rasm-rusumlar qoʻshildiki, ular koʻplab oilalarni iqtisodiy jihatdan mushkul ahvolga tushib qolishiga, fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
— Koronavirus pandemiyasi davrida joriy qilingan cheklovlar tufayli toʻylarni ancha ixcham, kamchiqim qilib oʻtkazish urfga kirgan edi, — deydi urganchlik mehnat faxriysi Bekposhsha Xoʻjayeva. — Asta-sekin toʻylarga taklif qilinadigan mehmonlar soni yana 500-1000 kishiga yetdi. Mehmondoʻstlik yaxshi fazilat, biroq uni dabdababozlik, oʻzini koʻz-koʻz qilish kabi illatlar bilan chalkashtirmaslik kerak. Hozir agar xonadon sohibi toʻyga aytaylik yuz nafar mehmon taklif qilsa, ogʻziga kuchi yetmaganlar tomonidan muhokama mavzusiga aylanadi. Shu toʻyga sarflanayotgan pulni kelin-kuyov uchun zarur jihozlarni xarid qilishga, ularning taʼlim olishi, kasbiy kamoloti yoʻlida xarjlasa ming karra foydali boʻlardi!
Shu oʻrinda toʻylarda xonandalar tomonidan koʻrsatiladigan madaniy xizmat bilan bogʻliq ortiqcha chiqimlarni ham oʻylab koʻrish fursati yetdi. Bir “qoʻli uzun” oʻylab topgan “birrov” degan odat bois qanchadan-qancha kamxarjroq oilalar aziyat chekayotgani ham bor gap. Boz ustiga toʻyxonada xonandalarning navbat talashib janjallashib, bir-birini beobroʻ qilishini aytmaysizmi?!.
— Toʻy faqat yeb-ichib, qorin toʻydirib ketadigan tadbir emas, balki maʼnaviy-ruhiy tomondan tarbiyalovchi vositadir, — deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari Behzod Abdrimov. — Chunki unda ijro etiladigan milliy kuy-qoʻshiqlar, sheʼrxonliklar toʻyni chinakam maʼnaviyat bayramiga aylantirgan. Shu nuqtayi nazardan xonandalarimiz toʻy davrasida ijro etiladigan qoʻshiqlar repertuarini mushohada qilib koʻrsalar, quloqni qomatga keltiradigan shovqin-suronlarni kamaytirib, milliy qoʻshiqlarga keng oʻrin bersalar maqsadga muvofiq boʻlardi.
Nikoh toʻylaridagi yana bir muammoli jihat toʻy kortejlari bilan bogʻliq. Mahalla-koʻy, jamoatchilikning eʼtiborsizligi tufayli toʻylarda bir xil rangdagi oʻnlab qimmatbaho avtomobillarni yollash urfga kirdi. Avtomobillarning guruh boʻlib harakatlanish jarayonida yoʻl harakati xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik tufayli baxtsiz hodisalar roʻy berayotgan, toʻy azaga aylanayotgan holatlar biz uchun saboq boʻlishi kerak.
— Taʼkidlash joiz, nikoh toʻylaridagi dabdaba asta-sekin beshik toʻylariga ham koʻchdi, — deydi bogʻotlik mehnat faxriysi Barchinoy Masharipova. — Yaqinda oʻziga toʻq xonadonlarning birida nevara farzand dunyoga kelishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda ishtirok etdim. Hovliga quda tarafdan yuborilgan, chiroyli bezatilgan yuk mashinasi dabdaba bilan kirib keldi. Unda unda yangi tugʻilgan chaqaloq uchun mebel, aravacha, belanchakdan tortib tilla taqinchoqlargacha, xilma-xil kiyim-kechaklar, oʻyinchoqlargacha bisyor edi. Xoʻp, imkoniyati borlar nevarasiga bunday qimmatbaho sovgʻalar berishning uddasidan chiqar, ammo bunday dabdabani koʻrgan oʻrta hol xonadon egalari nima qilsin? Har narsaning, hatto orzu-havasning ham chegarasi boʻlgani maʼqul emasmi? Boshqalarni, qoʻni-qoʻshnilarni hurmat qilgan odam dabdababozlikka berilmaydi.
Bundan bir asr muqaddam jadid bobolarimiz toʻy-marosimlarni tartibga solish uchun qattiq kurashgan. Biroq oradan shuncha yillar oʻtsa-da bunday bemaʼni rasm-rusumlar batamom yoʻq boʻlib ketmadi, bilʼaks yangilari paydo boʻldi. Xalqimizning turmush tarzi yaxshilanib borar ekan, toʻqlikka shoʻxlik qabilida bunday beʼmani rasm-rusumlar ildiz otishiga yoʻl qoʻymaslik, milliy taraqqiyotimizga gʻov boʻlib kelayotgan illatlarga barham berishga Vatanini sevadigan, millat, oila gʻururi va kelajagini oʻylaydigan har bir fuqaro befarq boʻlmasligi kerak.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Doʻstlik va hamkorlikni kengaytirgan forum (+fotoreportaj)
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
- Oʻzbekiston yoki Misr. Qaysi terma jamoa kuchli?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring