Bir hukm tarixi

15:07 11 May 2018 Jamiyat
2602 0
Foto: mt.uz

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 31 avgustdagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrifi chog‘ida ajdodlarimizning Vatan tinchligi va ozodligi yo‘lidagi kurashi bugungi kun yoshlari uchun ibrat maktabi ekanligi xususida alohida to‘xtalgan edi.

Shundaylardan biri, 1937 yil 22 sentyabrda tergov ostidagi Akbar Islomov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarning quruq, dalil-isbotsiz ekanligi haqida yozgan arizalari javobsiz qoladi. Aksincha, tinimsiz tahqir va jismoniy zo‘rliklar natijasida Yejov nomiga yozilgan soxta arizaga imzo chektiriladi. Unda A. Islomov o‘zining aksilsovet tashkilotga a’zo bo‘lganligini majburiy “tan olgan” edi. Uzluksiz qiynoqlardan butunlay holdan toygan Akbar Islomov 1937 yil 19 dekabrda barcha ayblarini tan olishini aytib, ishni to‘xtatishlarini iltimos qiladi.

Akbar Islomovning “jinoiy ishi” yanada yangi ko‘rsatmalar bilan boyitiladi. Masalan, Mirmuslim Shermuhammedov uni “Milliy istiqlol” maxfiy aksilsovet tashkiloti a’zosi deb ko‘rsatma bergan bo‘lsa, sobiq yer ishlari xalq komissari Rustam Islomov hamda O‘zkompartiya rahbarlari D. Manjara, A. F. Moor “troskiychi-millatchilik tashkiloti” a’zosi ekanligini tasdiqlaydilar. Hattoki, 1935 yil Qashqadaryoda iqlim noqulayliklari tufayli hosil bo‘lmagani uchun aholidan olinadigan soliqlarni kamaytirish bo‘yicha A. Islomovning Akmal Ikromovga yozgan xati ham uning jinoiy ishiga tirkab qo‘yiladi.

Biroq Akbar Islomov o‘ziga qo‘yilgan aksilinqilobiy tashkilot a’zosi degan bo‘htonni mutlaqo rad etdi. O‘zining so‘nggi so‘rog‘ida ham u “Xalqqa qarshi bir tiyin ham sarflamadim. Aytilgan birorta ayb ham menga tegishli emas. Men o‘zimga qo‘yilgan ayblarga rozi emasman”, deb imzo chekkan.

1938 yil 4 oktyabr kuni harbiy yurist G. A. Alekseyev raisligida SSSR Oliy sudi Harbiy kollegiyasining Toshkentda o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishida 51 nafar mahbus qatorida Islomov Akbar Islomovich oliy jazoga — otuvga hukm etiladi. Shu kunning o‘zidayoq Alekseyev talabnomasi va O‘zSSR NKVD leytenanti D. Z. Apresyan buyrug‘iga muvofiq davlat xavfsizligi katta leytenanti Shishkin, armiya bosh prokurori yordamchisi harbiy yurist Shulsan ishtirokida hukm ijro etilgan. Qaydnoma yuqoridagi ikki shaxs tomonidan imzolangan.

Ushbu ma’lumotlar Akbar Islomovning qat’iy irodali, vijdon amriga qarshi bormaydigan, halol, pok respublika miqyosidagi rahbarlardan biri bo‘lganligiga shahodatdir.

1954 yil 31 iyul kuni Akbar Islomovning turmush o‘rtog‘i Ketevan Davidovna SSSR hukumati rahbariyatiga ariza yo‘llaydi. U o‘z arizasida eri bilan kechgan o‘n yillik turmushi davomida Akbar Islomovni haqiqiy inson, buyuk vatanparvar sifatida bilganini yozadi. Ammo 1937 yil avgust oyida NKVD tomonidan qamoqqa olingani va unga erining 10 yilga qamoqqa hukm etildi, deb ma’lumot berganlarini qayd etadi. O‘zining ham 1 yilu 4 oy qamoqda bo‘lgani, farzandlarining chekkan azob-uqubatlari, 1939 yilda ozodlikka chiqqandan so‘ng Gruziyaga kelgani va farzandi Asqar Akbarovich Islomovning kelajagi uchun ham otasining pok nomini tiklash masalasini ko‘taradi. Ketevan Davidovnaning xati asosida 1954 yil 4 sentyabr kunidan A. Islomovning ishini qayta ko‘rib chiqishga qaror qilinadi. Va nihoyat, 1956 yil 29 iyun kuni oradan 20 yil o‘tib adolat qaror topdi. Qo‘qon shahriga uning haqiqiy farzandi qaytarildi. U ishlagan topografiyaga, 1-sonli o‘rta maktabga, Xo‘qandi Latifning bosh ko‘chalaridan biriga uning nomi berildi. O‘ylaymizki, Markaziy va viloyatlar hujjatgohlarida, Qo‘qon, Toshkent shaharlarida Akbar Islomov hayot yo‘li va faoliyatiga oid materiallar, xotira-esdaliklar mavjud. Ularni izlab topish va bu qatag‘on qurboni, millatning yetuk farzandi hayot yo‘lini yoritish biz uchun ibrat namunasidir.

Ergash YUSUPOV,

Andijon davlat universiteti dotsenti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?