Bioiqtisodiyot — barqaror rivojlanish muhim boʻgʻini
Foto: “Xalq soʻzi”
“Oʻzbekistonda bioiqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishda innovatsiya, ilgʻor tajriba va imkoniyatlardan samarali foydalanish” mavzusidagi xalqaro simpoziumda Finlyandiyaning JAMK universiteti BioEcUZ loyihasi koordinatori Kirsi Knuuttila yogʻoch chiqindisidan tayyorlangan, qurilish va tibbiyot sohalarida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan ekologik toza mahsulotni namoyish etdi.

Buxoro davlat universitetida Yevropa Ittifoqi ERASMUS + dasturining moliyaviy koʻmagida tashkil etilgan tadbir ishtirokchilarida nafaqat bu, balki, bioiqtisodiyot sohasida Latviya, Litva, Finlyandiya kabi davlatlarda toʻplangan tajriba ham katta qiziqish uygʻotdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish dasturida ushbu masalaga juda katta eʼtibor qaratilgan.Tadbirda soʻz olgan Buxoro davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Obidjon Hamidov, BioEcUZ loyihasi kordinatori, Latviya Hayot fanlari va texnologiyalar universiteti falsafa fanlari doktori Irina Kulitane va boshqa xorijiy spikerlar ana shuni taʼkidlagan holda bu yoʻnalishdagi amaliy ishlar xususida toʻxtaldilar.

Taʼkidlash oʻrinliki, Buxoro davlat universitetida hayot kun tartibiga qoʻygan sohalardan biri — bioiqtisodiyot yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Bu bejiz emas. Bioiqtisodiyotsiz barqaror rivojlanishni tasavvur etish mushkul.
— Maʼlumki, 2015-yil sentyabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Barqaror rivojlanish boʻyicha oʻtkazilgan sammitida 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlarini ( BRM ) tasdiqladi va uni izchil amalga oshirish boʻyicha qaror qildi, — deydi BioEcUZ loyihasi kontent koordinatori, Buxoro davlat universiteti “Yashil iqtisodiyot va agrobiznes” kafedrasi dotsenti, iqtisodiyot fanlari nomzodi M. Oripov. — Mazkur hujjatni BMTga aʼzo barcha mamlakatlar maʼqullagan.U oʻzaro uygʻun 17 kompleks maqsadlarni qamrab olgan boʻlib, asosiy niyat hozirgi global muammolarni 2030-yilgacha bartaraf etishdan iborat. BRM doirasidagi chora-tadbirlar doirasida “yashil energetika” va bioiqtisodiyot sohalarini rivojlantirishga oid chora-tadbirlariga alohida urgʻu berilgan.
Mamlakatimizda ham bu yoʻnalishda qator ishlar amalga oshirilayapti.Oʻzbekiston uchun noanʼanaviy boʻlgan bioiqtisodiyot sohalariga eʼtibor kuchaymoqda.»Yashil” energetika, qayta tiklanadigan energiya manbalari nafaqat ilm-fan, balki oddiy soʻzlashuv tiliga ham allaqachon kirib keldi. Xorijiy mutaxassislarning eʼtirof etishlaricha, yurtimiz bu borada juda katta imkoniyatlarga ega. Bu imkoniyatlarni yuzaga chiqarish esa malakali kadrlar tayyorlashga, ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va qoʻllashga bogʻliq. Masalan, Litvada zigʻir ishlab chiqarishga raqobatchi sifatida qaralayotgan rapsga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Bunda Yevropa Ittifoqining biologik yonilgʻi ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan siyosati muhim rol oʻynamoqda. Mazkur davlatning Statistika departamenti maʼlumotlariga qaraganda, 2005-yilda mamlakatda 201 ming tonna raps doni ishlab chiqarilgan. Bu koʻrsatgich 2020-yilda 900 ming tonnani tashkil etib, 15 yilda 4,48-marta oʻsishga erishilgan. Mamlakatda rapschilik yoʻnalishida chiqindisiz ishlab chiqarish majmuasi barpo etilgan. Hozir Litvada sotilayotgan barcha dizel yonilgʻisi tarkibining 7 foizi bioyonilgʻi aralashmasidan iborat.
Binobarin, xorijiy tajribani oʻrganish, uni mahalliy shart- sharoitlardan kelib chiqqan holda boyitish bioiqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyatini kengaytiradi. Xalqaro simpozium shu nuqtai nazardan soha xodimlari, yosh mutaxassislar uchun foydali boʻldi.
Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- “Oltin kuz” II Xalqaro kamer va simfonik musiqa festivali boʻlib oʻtadi
- Oʻzbekiston U-17 terma jamoasi Jahon chempionatidagi ikkinchi oʻyinida magʻlub boʻldi
- Mashinada xavfsizlik kamarini taqish mumkin boʻlmagan kasalliklar roʻyxati tasdiqlanadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasining xalqaro musobaqa uchun qaydnomasi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring