“Beshariq tongi” gazetasi yangi binoda ish boshladi

12:54 26 Avgust 2024 Jamiyat
59 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Beshariq tuman hokimligi muassisligidagi “Beshariq tongi” gazetasi Fargʻona viloyatida muntazam ravishda chop etib kelinayotgan sanoqli bosma davriy nashrlar sirasiga kiradi.

Keyingi yillarda viloyat shahar, tumanlari hokimligi muassisligidagi baʼzi gazetalar moliyaviy qiyinchiliklar sababli yillar davomida chop etilmayapti. Tahririyat va muassis oʻrtasidagi munosabatlar yaxshi yoʻlga qoʻyilgani sababli “Beshariq tongi” gazetasi yil davomida oʻrtacha 5,5–4,5 ming adadda nashr etilib, mushtariylarga yetkazib berilmoqda.

Aytish joiz, tahririyat koʻp yillar mobaynida sharoiti haminqadar eski binoda faoliyat koʻrsatib keldi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan tahririyat moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ijodiy va texnik xodimlari uchun zamonaviy qulayliklar yaratish maqsadida tahririyat binosi mukammal taʼmirdan chiqarildi. Buning uchun tahririyatning 705 million soʻmdan ortiq oʻz mablagʻi sarflandi.

— Tahririyatlar obuna muammosi bilan birga, obuna uchun tushishi kerak boʻlgan mablagʻni oʻz vaqtida olish borasida ham qiynalayotgani bor gap, — deydi “Beshariq tongi” gazetasi bosh muharriri Sobirjon Temirov. — Biz obuna tashkil etishda xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan shartnoma qilmay, pulni toʻgʻridan-toʻgʻri tahririyat hisob raqamiga tushirdik. Natijada, qoʻshimcha mablagʻ tejaldi, ham kerakli mablagʻni shakllantirishda qiyinchilik boʻlmadi.

Yangi binoda bosh muharrir, 6 nafar ijodiy va texnik xodimlar uchun 4 ta xonada barcha sharoitlar hozirlandi. Shu bilan birga, gazeta tarixiga bagʻishlangan moʻjazgina muzey tashkil etilib, uning koʻp yillik arxivi, bu yerda faoliyat koʻrsatgan ijodkorlar haqidagi suratlar hamda muhim manbalar jamlandi. Bino hovlisida ijodiy muloqotlar uchun maxsus ayvon bunyod etildi. Shuningdek, bino hovlisida kichkina mevazor bogʻ ham bor. Tahririyatning yangi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirilgani beshariqlik jurnalistlar, ijodkorlar uchun bayram tuhfasi boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер